Jamiyat | 20:46 / 19.07.2024
28472
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekkonsert» litsenziyasiz faoliyat yuritgan 65 nafar san’atkorga chora ko‘rdi

«O‘zbekkonsert» boshlovchilar, san’atkorlarning litsenziyasi bor yoki yo‘qligini aniqlashga, litsenziyasiz ijodkorlarning xizmatidan foydalanmaslikka chaqirmoqda.

Foto: Flickr / Ben Grey

«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi birinchi yarim yillikda litsenziyasiz faoliyat yuritgan 65 nafar san’atkorga chora ko‘rgani haqida xabar berdi. Ularning ismi-sharifi keltirilmagan.

Qayd qilinishicha, hozir ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum bir auditoriya taniydigan yoki bo‘lmasa litsenziyaga ega bo‘lmagan ijodkorlar ko‘rsatuv va eshittirishlarga mehmon sifatida chaqirilmoqda. Vaholanki, har qanday san’atkor o‘z ijodini taqdim qilishda, ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplarni aholiga yetkazish uchun litsenziya talab etiladi. To‘y marosimlari, oilaviy bazmlar, barlar va restoranlardagi yig‘inlarda ham litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatish holatlari ko‘paymoqda.

«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi ommaviy axborot vositalari hamda xalq xizmatiga taklif etilayotgan boshlovchilar, san’atkorlarning litsenziyasi bor yoki yo‘qligini aniqlashga, litsenziyasiz ijodkorlarning xizmatidan foydalanmaslikka chaqirmoqda.

Ta’kidlanishicha, konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berishda Madaniyat vazirligi huzuridagi «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi vakolatli organ hisoblanadi.

Mavzuga oid