Iqtisodiyot | 13:58 / 21.07.2024
7869
4 daqiqa o‘qiladi

Bitcoin keskin qimmatlashdi, asosiy qimmatbaho metallarning barchasi arzonlashdi – Xalqaro moliya bozori sharhi

Donald Trampga uyushtirilgan suiqasd unga aloqador kompaniyalar aksiyasi birdaniga qimmatlashib ketishiga olib keldi. Microsoft mahsulotlarida yuzaga kelgan nosozlik esa kompaniya aksiyalarining tushib ketishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, hafta davomidagi 5 kunlik savdolarda Bitcoin 9,64 foizga, Ethereum esa 8,02 foizga qimmatlashdi.

Foto: AP

Iyul oyining navbatdagi haftasiga kelib aksariyat muhim makroiqtisodiy ma’lumotlar e’lon qilinishi fonida monetar siyosat haqidagi mavzu keng muhokama qilina boshladi. Bunga sabab inflatsiya pasayish tendensiyasining qayta tiklanishi, foiz stavkasining esa salkam 1 yil davomida eng yuqori cho‘qqisida o‘zgarishsiz saqlanib turilganidir. Bundan tashqari, prezidentlik saylovlari ham fond bozorini chayqatmasdan qo‘ymayapti. Masalan, AQShning respublikachilar partiyasi nomzodi, sobiq prezident Donald Tramp hayotiga uyushtirilgan suiqasd, uning reytingi ko‘tarilishiga va unga aloqador kompaniyalar aksiyasi birdaniga qimmatlashib ketishiga olib keldi.

Jahon Insighs kanali ekspertlari 15 iyuldan 19 iyulgacha bo‘lgan davrda xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.  

AQSh top fond bozorlari indeksi:

  • S&P500 – 5504 (hafta boshidan -1,97 foiz, yil boshidan +15,41 foiz);
  • NASDAQ – 19522(hafta boshidan -3,98 foiz, yil boshidan +16,03 foiz);
  • DJI – 40287 (hafta boshidan +0,72 foiz, yil boshidan +6,89 foiz).

Hafta savdolarida Dow Jones indeksi 286 punktga o‘sdi, NASDAQ va S&P500 mos ravishda 809 va 111punkt pastlab, qizil hududda yopildi.

Asosiy qimmatbaho metallar:

  • Oltin – 2398 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan -0,54 foiz, yil boshidan +16,31 foiz;
  • Kumush – 29,1 dollar (1 unsiyasi) hafta boshidan -5,13 foiz, yil boshidan +23,04 foiz;
  • Alyuminiy – 2324 dollar (1 tonnasi) hafta boshidan -5,48 foiz, yil boshidan -2,39 foiz:
  • Mis – 4,25 dollar (1 funti) hafta boshidan -7,24 foiz, yil boshidan +8,94 foiz.

Qimmatbaho metallar ham tebranuvchan haftani boshdan kechirdi. Oltin kumush, alyuminiy va mis mos ravishda 13, 1,6, 135 va 0,33 dollarga arzonlashdi.

Neft

  • WTI – 78,58 dollar (hafta boshidan -4,33 foiz, yil boshidan +10,23 foiz);
  • BRENT – 82,6 dollar (hafta boshidan -2,77 foiz, yil boshidan +7,22 foiz).

Hafta davimida neftning WTI markasi 3,55 dollarga, BRENT esa 2,35 dollarga arzonlashdi.

Valutalar

  • USD/EUR: -0,21 foiz (yil boshidan -1,41 foiz);
  • CNY/USD: +0,26 foiz (yil boshidan +2,15 foiz);
  • TRY/USD: -0,25 foiz (yil boshidan +11,89 foiz);
  • UZS/USD: -0,20 foiz (yil boshidan +2,48 foiz);
  • RUB/USD: -0,14 foiz (yil boshidan -1,81 foiz).

Hafta savdolarida yevro va yuan dollarga nisbatan mos ravishda 0,21 foiz va 0,26 foizga pasaydi, biroq lira, so‘m va rubl 0,25 foiz, 0,2 foiz va 0,14 foizga o‘sdi.

Kriptovaluta

  • Bitcoin – 66652 dollar (hafta boshidan +9,64 foiz, yil boshidan +53,63 foiz);
  • Ethereum – 3507 dollar (hafta boshidan +8,02 foiz, yil boshidan +57,16 foiz).

Bitcoin 5 kunlik savdolarda 9,64 foizga, Ethereum esa 8,02 foizga oshdi.

Bozorlar haqida qisqacha

Fond bozoriga to‘xtaladigan bo‘lsak, bozordagi shiddatli o‘zgarishlar barcha ishtirokchilarni ogoh bo‘lishga chaqiryapti. Misol uchun, sun’iy intellektning hayratlanarli o‘sishi davom etayotganiga qaramay, katta miqdordagi sotuvlar yarimo‘tkazgich va sun’iy intellekt aksiyalariga bosim o‘tkazib, ularning pasayishiga sababchi bo‘ldi. Yoki turli ko‘zda tutilmagan vaziyatlar aksiyaning kutilmagan qulashini keltirib chiqarmoqda. Bunga misollardan biri, kuni kecha Microsoft’ning barcha mahsulotlarida vaqtinchalik yuzaga kelgan nosozlik, dunyoda birinchi global IT uzilishni keltirib chiqardi va bunga aybdor Microsoft va CrowdStrike Holdings, Inc. aksiyalari mos ravishda 3 foiz va 21 foizgacha arzonlashib ketdi. Bu kabi hodisalar barcha yirik investor va chakana treyderlarning portfellariga katta risk tug‘diradi va kutilmagan chayqalishlar bozorda katta tartibsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu tufayli, portfel boshqaruvini ehtiyotkorona yuritish qat’iyan tavsiya etiladi.

Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 15 iyuldan 19 iyulgacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.

Mavzuga oid