Jahon | 21:49 / 24.07.2024
16011
7 daqiqa o‘qiladi

Xitoy TIV Kiyev Moskva bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi

Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba Pekinga tashrif chog‘ida nimalar dedi?

Foto: Ukraina TIV

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Xitoyga tashrif doirasida uch soatdan ortiq vaqt davomida xitoylik hamkasbi Van I bilan Rossiyaga qarshi urushda «adolatli tinchlik»ka erishish yo‘llarini muhokama qilgan. Rossiya nashrlari Kuleba boshqa gaplar qatorida Kiyev Moskva bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini aytganini xabar qilgan, ammo Ukraina TIV Rossiyadagilar vazirning so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilganini ta’kidlamoqda.

Dmitro Kuleba — 2022 yil fevralida Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon Xitoyga tashrif buyurgan ukrainalik eng yuqori martabali mulozim bo‘ldi.

«Muzokaralar yakunlandi. Bu jami uch soatdan ortiqroq vaqt, rejalashtirilganidan ko‘proq davom etdi. Bu juda chuqur va aniq gaplarga asoslangan suhbat bo‘ldi», — deya xabar bergan Reuters agentligiga ukrain delegatsiyasidagi manba.

Ukraina TIV bayonotiga ko‘ra, muzokaralardagi asosiy mavzu Rossiya agressiyasini to‘xtatish yo‘llarini qidirish va Ukrainada «barqaror va adolatli tinchlik»ka erishishda Xitoyning ehtimoliy roli bo‘lgan.

Ammo uchrashuvdan keyin Rossiyaning «RIA Novosti» davlat axborot agentligi Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakiliga asoslanib, Kuleba Van I bilan muloqot vaqtida Ukraina «Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib borish»ga tayyorligini aytgani haqida xabar tarqatdi.

«Ukraina Xitoyning fikriga katta ahamiyat beradi hamda XXR va Braziliyaning mojaroni siyosiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha olti banddan iborat konsensusini diqqat bilan o‘rganib chiqdi. Ukraina tomoni Rossiya bilan muzokaralar olib borishni xohlaydi va bunga tayyor», — deya uning so‘zlarini keltirgan «Vedomosti» Xitoy nashrlariga havola bergan holda.

Ammo Reuters va Ukrainadagi nashrlar mamlakat TIVning Kuleba Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Iga nimalar degani haqida bergan bayonotiga tayangan holda, Kiyev muzokaralarga «ma’lum shartlar bajarilgan» taqdirda tayyor bo‘lishi, hozir esa bunday emasligini xabar qildi.

Ukraina tashqi ishlar vazirligi vakili Georgiy Tixiy BBC Ukraina xizmatiga bergan izohida Rossiya nashrlari Dmitro Kulebaning so‘zlarini «buzib ko‘rsatgani» haqida aytgan.

«Dmitro Kuleba Ukrainaning izchil pozitsiyasini bayon qildi, bu esa Rossiya tomoni bilan ma’lum bosqichda, qachonki Rossiya o‘zaro hurmatga asoslangan muzokaralar o‘tkazishga tayyor bo‘lganida muzokara o‘tkazilishi mumkinligini nazarda tutadi, hozircha esa Rossiya tomonidan bunday tayyorlik ko‘zga tashlanmayapti», — deyilgan Ukraina TIV bayonotida.

Muzokaralar chog‘ida Kuleba shuningdek Ukrainada adolatli tinchlik o‘rnatilishi Xitoy manfaatlariga mos kelishi, xususan uning Yevropa bilan savdosini rivojlantirishini aytgan. U Pekin va Kiyev o‘rtasidagi munosabatlarni Ukraina kelgusida Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishini inobatga olgan holda qurish lozimligini qo‘shimcha qilgan.

Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin G‘arb mamlakatlari Rossiyaga ko‘plab mahsulotlarni yetkazib berishni taqiqlagandi. Ular shuningdek sanksiyalarga qo‘shilmagan Xitoyni Moskvaga qurol ishlab chiqarishda yordam berayotgan mahsulotlarni yetkazib berishda ayblaydi.

«Rossiya agressiyasi nafaqat Ukrainaning taraqqiyot yo‘lini to‘smoqda. U xalqaro barqarorlikka, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga, xususan Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi savdoni rivojlantirishga xalal beradi», — deya qayd etgan Kuleba.

Xitoy TIV bayonotida Ukraina va Xitoy — strategik hamkorlik aloqalariga ega bo‘lgan do‘stona davlatlar ekani ta’kidlangan.

«Ular bir-birini hurmat qiladi va bir-biriga teng huquqli tomonlar sifatida qaraydi, o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanishda davom etmoqda», — deyilgan xabarda.

Van I muzokaralar chog‘ida Xitoy doimo «Ukrainadagi inqiroz»ni siyosiy yo‘l bilan hal qilish tarafdori bo‘lib kelganini aytdi, deyiladi Xitoy TIV xabarida.

«So‘nggi vaqtlarda Ukraina ham, Rossiya ham muzokaralarga tayyorligi haqida turli darajada signallar bermoqda, garchi shartlar va vaqti hali yetilmagan bo‘lsa-da, biz tinchlikka qaratilgan barcha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz va o‘t ochishni, urushni to‘xtatishda va tinchlik muzokaralarini tiklashda konstruktiv rol o‘ynashda davom etamiz», — deyilgan Xitoy TIV xabarida.

Xitoy TIV xabarida Kulebaning Van Ining bayonotiga javobi quyidagi shaklda keltirilgan: «Ukraina Rossiya bilan muloqot va muzokaralarni istaydi va bunga tayyor. Albatta, muzokaralar adolatli va mustahkam tinchlikka erishishga qaratilgan, asosli va mazmunli bo‘lishi lozim».

Ukraina tashqi ishlar vaziri Kiyevdagilar Xitoy va Braziliyaning qo‘shma pozitsiyasini ham o‘rganayotganini aytgan. Ikki mamlakat o‘z takliflarini joriy yil 23 mayida, Van Ining Braziliya prezidenti maslahatchisi Selsu Amorima bilan uchrashuvi yakunlariga ko‘ra e’lon qilgandi. O‘shanda ikki mamlakat quyidagiga chaqirgandi:

1. Keskinlikni yumshatishning uch tamoyiliga (harbiy harakatlar hududini kengaytirishni to‘xtatish, harbiy harakatlar va provokatsiyalarni kuchaytirishdan voz kechish) rioya etish;

2. barcha rejalarni muhokama qilish uchun Rossiya tomonidan ham, Ukraina tomonidan ham tan olinadigan xalqaro tinchlik konferensiyasini chaqirish;

3. tinch aholi yoki fuqarolik obektlariga hujum qilishdan qochish, oddiy fuqarolarni, xususan, ayollar va bolalarni himoya qilish, harbiy asirlar almashuvini o‘tkazish;

4. yadroviy, kimyoviy yoki biologik qurollarni qo‘llashdan voz kechish;

5. atom elektr stansiyalari va boshqa yadroviy obektlarga hujumlardan saqlanish;

6. dunyo alohida siyosiy yoki iqtisodiy davlatlar guruhlariga bo‘linishiga qarshi turish.

Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Mayak» savoliga javoban Xitoydagi muzokaralarga quyidagicha munosabat bildirdi: «Xabarning o‘zini bizning pozitsiya bilan uyg‘un deyish mumkin, siz bilasizki, Rossiya tomoni hech qachon muzokaralardan bosh tortmagan, doimo muzokaralar jarayoniga ochiqligini saqlab kelgan».

Ammo, Peskovning so‘zlariga ko‘ra, mojaroni hal qilish masalasida «detallar muhim», Rossiya hukumati esa hozircha ulardan bexabar, shuning uchun qo‘shimcha tushuntirishlar berilishini kutmoqda.

Mavzuga oid