BMT rahbari odamlarni issiqlikdan himoya qilish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi
Guterrish to‘rtta muhim yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun shoshilinch va birgalikda harakat qilishga chaqirdi.
Milliardlab odamlar haddan tashqari issiqlik «epidemiyasi» va harorat 50 darajadan oshib borayotgan va o‘limga olib keladigan jazirama to‘lqinlariga duch kelmoqda. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bayonot berdi.
BMT rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yakshanba, dushanba va seshanba tarixdagi eng issiq uch kun bo‘lgan.
Haddan tashqari issiqlik iqtisodiyotlarga zarar yetkazadi, tengsizlikni kuchaytiradi, Barqaror rivojlanish maqsadlariga putur yetkazadi va odamlarni o‘ldiradi. Yer tobora issiq va yashash uchun xavfli joyga aylanib bormoqda. BMT rahbarining hisobotida zudlik bilan chora ko‘rilmasa, milliardlab odamlar tobora kuchayib borayotgan jazirama to‘lqinlardan azob chekishda davom etishi haqida ogohlantiriladi.
Bosh kotibning ta’kidlashicha, havo harorati ko‘tarilishi bilan eng ko‘p xavf ostida bo‘lganlar orasida homilador ayollar, nogironlar va sog‘lig‘i yomon ahvolda bo‘lganlar, qariyalar, bolalar, qochqinlar va kambag‘allar bor, ular ko‘pincha konditsionersiz, sifatsiz uylarda yashaydi.
Issiqlik stressi ekstremal ob-havo sharoitlari bilan bog‘liq o‘limning asosiy sababidir. 2000 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrda har yili issiqlik tufayli 489 mingga yaqin o‘lim qayd etilgan, ularning 45 foizi Osiyoda, 36 foizi Yevropada. 2000-2004 va 2018-2022 yillarda 65 yoshdan oshgan odamlar orasida issiqlik bilan bog‘liq o‘limlar taxminan 85 foizga oshgan.
Xalqaro Mehnat Tashkilotining (XMT) yangi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda global ishchi kuchining 70 foizdan ortig‘i - 2,4 milliard kishi uchun haddan tashqari issiqlik xavfi yuqori.
«Biz ish joyida issiqlik ta’sirida uzoq vaqt qolish oqibatida 22,8 million kishida jarohat, 19 mingga yaqin o‘lim va 26 milliondan ortiq buyrak kasalligi holatlarini aniqladik», dedi XMT eksperti Balint Nafradi.
2022 yilda issiqlik ta’siri 863 milliard dollar ekvivalentida ish unumdorligi va potensial daromadning yo‘qolishiga olib kelgan. Biroq, XMT hisob-kitoblariga ko‘ra, kunduzi harorat 34 darajadan oshganda, mehnat unumdorligi 50 foizga kamayadi.
BMT rahbari to‘rtta muhim yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun shoshilinch va birgalikda harakat qilishga chaqiradi.
Birinchidan, barcha mamlakatlar va jamoalar eng zaif odamlarni haddan tashqari issiqlik ta’siridan himoya qilishi, xavflarni kamaytirishi va chidamlilikni oshirishi kerak. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Butunjahon meteorologiya tashkiloti (WMO) hisob-kitoblariga ko‘ra, 57 mamlakatda issiqlikdan ogohlantirish tizimlarini kengaytirish har yili 100 mingga yaqin hayotni saqlab qolishi mumkin.
Kam uglerodli sovutishni joriy qilish, passiv sovutishni kengaytirish, masalan, shahar dizayni orqali, shuningdek, yanada «yashil» va samaraliroq yechimlar kerak, dedi Guterrish. BMT Atrof-muhit bo‘yicha dasturining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu choralar birgalikda 2050 yilga borib 3,5 milliard odamni himoya qilishi mumkin, shu bilan birga zararli chiqindilarni kamaytirish natijasida yiliga 1 trillion dollar tejash imkonini beradi, dedi BMT rahbari.
Ikkinchidan, Bosh kotib inson huquqlari tamoyillariga asoslangan mehnatni muhofaza qilish va sog‘liqni saqlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish orqali barcha sohalarda ishchilarni himoya qilishga chaqirdi. Xususan, dunyoning barcha mintaqalaridagi mehnatkashlar salomatligi va hayotini haddan tashqari issiqlik xavfidan himoya qilish uchun shoshilinch choralar ko‘rish zarur.
Bundan tashqari, BMT barcha mamlakatlar va hamjamiyatlarni ob-havoga chidamlilikni yaxshilash bo‘yicha kompleks harakat rejalari, strategiyalari va yechimlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlaydigan barqaror, ko‘p tarmoqli va ko‘p darajali sheriklik munosabatlarini o‘rnatishga chaqirdi.
Nihoyat, BMT rahbari qazib olinadigan yoqilg‘idan qayta tiklanadigan energiyaga o‘tish va bu borada investitsiyalarni kengaytirish muhimligini yana bir bor ta’kidladi. «Parij kelishuvi»ga asosan, 2025 yil boshida har bir mamlakat chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha mahalliy darajadagi yangi rejalarni taqdim etishi shart.
Mavzuga oid
11:15 / 12.12.2024
O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida 530 dan ortiq fuqarosini Yaqin Sharqdan qaytardi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
12:20 / 05.12.2024
“Isroil BMT bilan himoyalanib, genotsid uyushtirmoqda” - Francheska Albaneze
17:18 / 03.12.2024