O‘zbekiston | 21:21 / 30.07.2024
6536
6 daqiqa o‘qiladi

30 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Prezidentning ko‘pmillatli xalqimizga tabrigi, dunyoning gigant korxonalari O‘zbekistonga to‘lagan soliqlar, “Tashabbusli budjet”ga kiritilayotgan o‘zgartirishlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan tabrik

Shavkat Mirziyoyev Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan o‘zbekistonliklarga tabrik so‘zini yo‘lladi.

«Jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashni eng ustuvor vazifalarimizdan biri etib belgiladik. Dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni deb qabul qilingan 30 iyul sanasini mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi kuni deb e’lon qilganimiz va o‘ziga xos bayram sifatida keng nishonlashni an’anaga aylantirganimiz ham shundan dalolat beradi», deyiladi tabrik so‘zida.

Bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat bo‘lib yashamoqda. 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda. Ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari 7 tilda olib borilmoqda.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi 7 yilda O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalar qayta tiklangani, azaliy rishtalar yangicha mazmunda davom ettirilayotgani xalqimizning xohish va istaklari, orzu-intilishlarini yaqqol ifoda etmoqda.

«Bugun dunyoda beqaror vaziyat hukm surmoqda. Xalqaro maydonda davlatlarning bir-biriga o‘zaro ishonchi susayib bormoqda. Bunday murakkab sharoitda hayotning o‘zi bizdan mamlakatimizda hukm surayotgan o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, totuvlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni buzg‘unchi yot g‘oya va oqimlar, tashqi ta’sirlardan asrashga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishni talab etmoqda», deyiladi tabrik so‘zida.

Bozorning 40 foizini egallagan korxona

Raqobat qo‘mitasi Knauf Gips Buxoro MChJning bozordagi ulushi 40 foizdan ortiqni tashkil etgani sababli korxonani ustun mavqega ega deb topdi. Bungacha Raqobat qo‘mitasi gipsokarton mahsulotini ishlab chiqarish va sotish bozorida tahlil o‘tkazgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, Knauf Gips Buxoro MChJning bozordagi ulushi 40 foizdan ortiqni tashkil etgani sababli «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasiga asosan ustun mavqega ega deb topildi.

Avvalroq, Raqobat qo‘mitasi boshqa 6 ta korxonani ham turli tovar va xizmatlar bo‘yicha ustun mavqega ega deb topgandi.

Gigantlarning O‘zbekistonga to‘lagan solig‘i

Meta, Google va Apple kabi gigant korporatsiyalar 6 oyda O‘zbekistonda qancha soliq to‘lagani ma’lum qilindi.

Joriy yil birinchi yarmida O‘zbekistonda Meta korporatsiyasi 18,4 mlrd so‘m, Google 12,9 mlrd so‘m, Apple 9,8 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

Umuman, Soliq qo‘mitasi O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 60 ta xorijiy kompaniya tomonidan 2024 yil yanvar-iyun oylarida 48,4 mlrd so‘m soliq to‘langanini ma’lum qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p.

To‘langan soliqlarning 95,1 foizi elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi 10 ta xorijiy kompaniya hissasiga to‘g‘ri keladi:

Meta, Google va Apple kabi uch gigantdan tashqari o‘nlikda Vooking.com, Amazon, Zoom, Netflix, Assa, Xsolla va Adobe kabi kompaniyalar bor.

«Tashabbusli budjet»ga o‘zgartirishlar

“Open budjet”ning amaldagi tartibiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi rejalashtirilyapti. Jumladan, tanlovda doimiy g‘olib bo‘lib kelayotgan mahalla (tashkilot)larga tanaffus e’lon qilish amaliyotini joriy etish rejlashtirilyapti.

Shuningdek, majburiy tarzda ovoz to‘plangan loyihalar g‘oliblar ro‘yxatidan chetlatilishi nazarda tutilmoqdi.

Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov parlament quyi palatasiga bergan axborotida ma’lum qilindi.

Xususan, quyidagi o‘zgarishlarni amaliyotga kiritish rejalashtirilyapti:

  • aholi soni kichik bo‘lgan mahallalarga g‘olib bo‘lish imkoniyatini yaratish maqsadida doimiy tarzda g‘olib bo‘lib kelayotgan mahalla (tashkilot)larga tanaffus e’lon qilish amaliyotini joriy etish;
  • xodimlarni majburiy ovoz to‘plashga jalb etish holatlarini bartaraf etish maqsadida ovoz berish bosqichi muddatini 10 kunga kamaytirish, majburiy ovoz to‘plangan loyihalarni g‘olib loyihalar ro‘yxatidan chetlatish amaliyotini joriy etish;
  • xalq deputatlari hududiy kengashlari vakolatlarini kengaytirish maqsadida tuman (shahar) budjetidan qo‘shimcha mablag‘ ajratish hisobiga g‘olib bo‘lmagan loyihalarni qo‘shimcha g‘olib sifatida e’lon qilish amaliyotini joriy etish.

Ushbu hujjat loyihasi ishlab chiqilib, ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Senatga taqdim etilgan.

Mavzuga oid