O‘zbekiston | 16:05 / 03.08.2024
22929
11 daqiqa o‘qiladi

Sudlar “amnistiya” vositasiga aylantirib olgan modda. Nega jazoning muqarrarligi ta’minlanmayapti?

Inson o‘limiga olib kelgan YTHlar haydovchining aybi bilan sodir etilgan bo‘lsa ham odatda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kiritiladi va sudlar tomonidan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish tartibi qo‘llanadi. Jinoyat kodeksidagi ushbu “tuynuk” bir oilani boquvchisidan yoki ota-onani farzandidan ayirayotgan haydovchilarga “pravasi”ni ko‘p o‘tmay qaytarib olish imkonini bermoqda.

Foto: Kun.uz

Biror jinoyat sodir etgan shaxs uchun jazo tayinlangani haqida eshitamiz. Ammo uni qanday o‘taydi, qanchasini o‘taydi, bilmaymiz. Jinoyat qonunchiligi shu qadar “yumshoq”ki, jazoning muqarrarligini ta’minlaydi, xolos - uning to‘liq o‘talishini emas. Jinoyat kodeksida 73-modda bor. Unda jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish nazarda tutiladi.

Ushbu moddadan yo‘l transport hodisasi sodir etib, inson o‘limiga sabab bo‘lgan shaxslarning ustomonlik bilan foydalanganlarini aniq misollarda ko‘rib chiqamiz.

YTH sodir etib, odam o‘limiga sabab bo‘lgan hamda sud hukmi bilan ma’lum muddat mashina boshqarish huquqidan mahrum qilingan haydovchilar jazoning uchdan bir qismini o‘tab, “pravasi”ni osongina olib ketmoqda. Bunga misollar talaygina.

Birinchi holat

2023 yil 23 iyul kuni Do‘stlik tumanida YTH sodir bo‘lgan. 1987 yilda tug‘ilgan, Mirzacho‘l tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlovchi Z.Z. Onix mashinasini boshqarib borayotib, yo‘l chetida to‘xtab turgan piyoda A.V.ni urib yuborgan. Oqibatda piyoda ikki kun o‘tib shifoxonada vafot etgan.

Sudga oid avtotexnika ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, ushbu YTHda haydovchining harakatlari yo‘l harakati qoidalari talabiga zid bo‘lgan. JIB Do‘stlik tuman sudining 2023 yil 13 sentabrdagi hukmi bilan Z.Z. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilgan. Unga 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Do‘stlik tuman sudi raisi, sudya A.Umurzoqovning 2024 yil 9 iyuldagi ajrimi bilan Z.Z. tayinlangan muyyan huquqdan mahrum qilish jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan va uning avtomobilni boshqarish huquqi qaytarib berilgan.

Ikkinchi holat

2022 yil 14 avgust kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanida 1999 yilda tug‘ilgan J.E. tumanning Torinjak mahallasi hududida Nexia mashinasini yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida boshqarib, Labo mashinasi bilan to‘qnashuv sodir qilgan. Oqibatda Labo haydovchisi vafot etgan.

J.E.ga sud hukmi bilan 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudisudyasi E.Qarshiyevning 2024 yil 25 iyuldagi ajrimi bilan J.E. o‘talmay qolgan 1 yil 5 oy 17 kun mashina boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosidan muddatidan ilgari shartli ozod etilgan.

Uchinchi holat

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Shumanay tumanida 2023 yil 31 yanvarda sodir bo‘lgan YTHda esa haydovchi M.N. yo‘l chetida ketayotgan velosiped haydovchisini urib yuborgan. Aynan haydovchining aybi bilan sodir bo‘lgan YTHda velosipedchi voqea joyida vafot etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shumanay tuman sudining 2023 yil 19 iyuldagi hukmi bilan M.N.ga 2 yil muddat transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadiga o‘tkazish sharti bilan 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Biroq jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudi raisi, sudya Sh.Shamambetovning 2024 yil 18 iyuldagi ajrimi bilan M.N. o‘talmay qolgan 1 yil 23 kun transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosidan muddatidan ilgari shartli ozod etilgan.

To‘rtinchi holat

2021 yilning 10 noyabr kuni Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanining Zarafshon mahallasi hududidagi ichki yo‘lda 1965 yilda tug‘ilgan N.K. Cobalt mashinasini boshqarib borayotib, yo‘l chetida ketayotgan ikki voyaga yetmagan qizaloqni urib yuborgan. Piyodalardan biri voqea joyida vafot etgan, ikkinchisi shifoxonaga yotqizilgan.

Sud hujjatida ushbu YTHda haydovchi amaldagi yo‘l harakati qoidalarining bir nechta bandini qo‘pol ravishda buzgani ko‘rsatilgan. Aynan haydovchining aybi bilan yosh qizning umri xazon bo‘lgan.

2022 yil 24 yanvar kuni JIB G‘ijduvon tuman sudining hukmi bilan haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni o‘tash muddati 2022 yil 7 yanvardan boshlab hisoblangan.

Ammo tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan 3 yil 9 oyi jinoyat ishlari bo‘yicha Yuqori Chirchiq tuman sudi ajrimi bilan Jinoyat kodeksining 74-moddasiga asosan oylik ish haqining 15 foizini davlat daromadiga o‘tkazish sharti bilan axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tuman sudi sudyasi A.Raximovning 2024 yil 22 iyuldagi ajrimiga ko‘ra esa axloq tuzatish ishlari jazosining o‘talmay qolgan 2 yil 5 oy 22 kuni Jinoyat kodeksi 73-moddasi 3-qismining “a” bandiga asosan shartliga almashtirilib, haydovchi ozod qilingan.

Afsuski, bu kabi holatlarni istagancha uchratish mumkin. Yuqorida har xil vaziyatda sodir etilgan YTHlardan bir nechtasini misol sifatida keltirdik xolos.

Oxiri ko‘rinmayotgan “avariya”lar

O‘zbekiston yo‘llarida mashina boshqarish, mashinaga yo‘lovchi sifatida minish tobora xavfli bo‘lib bormoqda. Buni har kuni respublikaning turli hududlarida sodir bo‘layotgan YTHlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Birgina iyul oyining o‘zida yo‘llarga yuzlab insonlar qoni to‘kildi: Kattaqo‘rg‘onda Nexia urib ketishi oqibatida erkak va uning 4 yoshli qizi halok bo‘ldi, Samarqandda Labo urib yuborgan 9 yoshli bola shifoxonada vafot etdi, Navoiyda 9 yoshli qizni mashina bosib ketdi, Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan YTHda 8 kishi halok bo‘ldi, Farg‘onada sodir bo‘lgan YTHda ikki kishi vafot etdi. Bular OAVda e’lon qilingan “avariya”larning ayrimlari xolos.

Reaksiya nol, tashabbus yo‘q

YTHlarni kamaytirish bo‘yicha bildirilgan takliflar hamon taklifligicha qolmoqda. Bu haqda faollar ham bir necha bor yozishdi.

Jumladan, bloger Nikita Makarenko 2018 yilda yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tugatilishi kerakligi haqida yozganini, hozir ham shu fikrida qolganini, 6 yil o‘tgan bo‘lsa ham mas’ullar avtohalokatlarni kamaytirish borasida biror ishni amalga oshirmagan deb hisoblashini bildirgan.

Strategiya yo‘q, real rejalar yo‘q, xavfsiz ko‘chalar yo‘q, birortasi yo‘q. Jazoning muqarrarligi ham yo‘q, bunday yashab bo‘lmaydi.

Butun O‘zbekiston Navoiyda avtomobil g‘ildiraklari orasida qolib, vafot etgan qizaloqni muhokama qilmoqda. Hech qaysi mashina uni o‘tkazib yuborish uchun piyodalar yo‘lagida to‘xtamadi. Bu o‘lim (qolgan hammasi)ga nafaqat haydovchilar, balki qotil haydovchilarga nisbatan haqiqiy choralarni ko‘ra olmayotganlar ham aybdor”, deb yozgandi u.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev esa bu borada qonunchilikda tizimli o‘zgarishlar qilinishi zarurligini ta’kidlagan. U mas’ullar muammoni hal qilish uchun xohishi yo‘qligiga ishora qilgan.

O‘tgan yili haydovchilar uchun jarima ballari tizimini joriy etishga oid qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Aslida bu tizim 2022 yil 1 dekabrda ishga tushishi kerak edi, bu haqda prezident qarorida aytilgandi. Lekin 1 yarim yildan buyon qaror talabini bajarishmayapti. 2023 yil noyabr oyiga kelib, bu haqdagi qonun Parlamentda ko‘rib chiqilishni boshladi.

Mana shu yaxshi qonunning ham boshiga yetishdi. Eng avvalo ayrim mansabdorlar qonunning ichiga umuman mazmunan mos kelmaydigan Konstitutsiyaga zid bitta moddani qo‘shib yuborishgan. Ya’ni organ xodimini video va fototasvirga olib, internetga joylash mumkin emas, degan qoidani tiqishgan. Vaholanki, bu qoida Konstitutsiyadagi axborot olish va tarqatish hamda so‘z erkinligiga zid. Ichki ishlar vazirligi qilganmi buni yoki boshqa tashkilotning buyurtmasi bo‘lganmi, ma’lum qilinmadi”, degan Xudoyberdiyev.

Taklif

Jinoyat kodeksidagi “tuynuk”larni YTH sodir etib, inson o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilar uchun “yopib” qo‘yish zarur. Ya’ni jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish qo‘llanmaydigan jinoyat turlari ro‘yxatiga odam(lar) o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatini ham kiritish kerak.

Yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish, ayniqsa inson o‘limiga sabab bo‘lganlik uchun jazo choralari kuchaytirilmas hamda tayinlangan jazo to‘liq o‘talishi ta’minlanmas ekan, yo‘llarga insonlar qoni to‘kilishda davom etadi. Mast holatda yoki “o‘pkasini bosolmay” mashina haydaydigan qotillar jazo tayinlangach bir yil o‘tmay yana yo‘llarda paydo bo‘laveradi.

So‘zimiz yakunida yuqorida sanaganimiz holatlarga sudlar nega yo‘l qo‘yayotganini savol ostiga olmoqchimiz: Bag‘rikenglikmi, tanish-bilishchilikmi yoki korrupsiya? Bunisi o‘sha sudya va shu ishga aralashgan tor doira odamlargagina ayon. Sudyalarga insof, qonun ijodkorlariga esa tezroq ko‘zlarini ochishlarini tilab qolamiz.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid