Sport | 21:27 / 05.08.2024
18518
8 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik vunderkind AQSh suzuvchilaridan oltin tortib olib, tarix yaratdi

Suzish bo‘yicha kompleks estafetada Amerika erkaklar jamoasi Olimpiada tarixida ilk bor yutqazdi. Ammo xitoyliklarni yana dopingda ayblashmoqda.

Foto: Reuters

Olimpiya o‘yinlari. Parij (Fransiya)
Suzish. Erkaklar. 4x100 metrga kompleks estafeta
1. Xitoy — 3.27,46
2. AQSh — 3.28,01
3. Fransiya — 3.28,38

4x100 metrga kompleks estafeta AQSh jamoasi uchun o‘ylab topilgandek edi. 1960 yildan beri, Tokiodagi Olimpiadada ilk bor shu yo‘nalish bo‘yicha bahslar o‘tkazilishi boshlanganidan buyon amerikalik suzuvchilar bu dasturda hech kimga yutqazishmagandi. Shundan buyon 16 bor Olimpiya o‘yinlari o‘tkazildi va amerikaliklar har safar g‘alaba qozonishdi. Faqat 1980 yilgi Moskva olimpiadasida bu dasturda oltin medalni avstraliyalik suzuvchilar qo‘lga kiritishgan, chunki o‘shanda Amerika delegatsiyasi turnirni boykot qilgan va unga tashrif buyurmagandi.

Va bu seriya 2024 yil 4 avgustga qadar davom etdi. Shu kuni esa Parijdagi «La Defens Arena»da kechgan musobaqaning oxirgi bosqichida xitoylik Pan Janle mo‘jiza ko‘rsatib, yuz metr masofani 46 soniyadan kamroq vaqtda suzib o‘tdi!

Pan Janle estafetani qabul qilib olganida xitoyliklar asosiy raqobatchilar AQSh va Fransiya vakillaridan 0,7 soniyaga ortda qolayotgandi. Xitoy jamoasining yakunda ikkinchi o‘rindagi amerikaliklardan ustunligi esa 0,55 soniyaga teng bo‘ldi. Buning barchasi xitoylik vunderkind o‘z chekiga tushgan to‘rtinchi bosqichda yuz metrlik masofani 45,92 soniyada bosib o‘tishi evaziga bo‘ldi.

U bir necha kun oldin 100 m masofaga suzish bahslarida raqiblarini bir sekundga ortda qoldirgan holda (46,40) jahon rekordini o‘rnatgandi.

Lekin Janle o‘z rekordini yangilay olmadi, chunki estafeta bahslarida faqat birinchi bosqichdagi natijalar rekord hisobiga o‘tadi, u esa to‘rtchi bosqichda suvga tushgandi. Bunga qadar estafetalardagi norasmiy rekord 2008 yilda oxirgi yuz metr masofaga 46,06 soniyada suzgan amerikalik Jyeyson Lezakka tegishli edi.

Janle g‘alabali seriyasiga barham berish orqali amerikaliklarni nokaut holatiga tushirdi. Amerikalik va fransuz suzuvchilar chempionlarni olqishlashdi, muxlislar esa hushtakbozlik qilishdi.

Doping mojarosi

Suzish dunyosida XXR jamoasining bu muvaffaqiyatiga ikki xil qaralmoqda. Bir tomon ushbu to‘rtlikning natijasidan hayratga tushgan, boshqalar esa bu g‘alabada dopingning ham hissasi borligini da’vo qilishmoqda. Ayniqsa, jamoada Tsin Xayyan borligi ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. O‘z vaqtida brass usulida suzish bo‘yicha elita vakili hisoblangan, jahon chempioni va rekordchi bo‘lgan ushbu sportchi 2021 yil Tokio Olimpiadasi arafasida qonidan trimetazedin moddasi topilgan 23 nafar xitoylik suzuvchilar orasida edi.

Xitoy aksildoping agentligi atletlar mehmonxonada «zararlangan go‘sht» iste’mol qilgani tufayli doping testdan o‘ta olmaganini bildirib, ularni oqlagan. Ammo ko‘pchilik bunga ishonmagandi va bu Parijda xitoylik suzuvchilarga munosabatda ham ko‘rinib turdi. Xitoyliklarning Xayyan bilan birgalikda estafetadagi tarixiy g‘alabasi esa ushbu jamoa manziliga tanqidlar yomg‘irini boshlab berdi. Xususan, britaniyalik taniqli suzuvchi Adam Piti barchadan faolroq. «Agar nohaq g‘alaba qozonsangiz, bunday g‘alabadan ma’no yo‘q», — dedi u intervyusida xitoyliklarni nazarda tutgan holda.

OAV ma’lumotiga ko‘ra, 2017 yilda ham Tsin Xayyanning doping-testi musbat natija bergan, o‘shanda ham bunga yegulikni bahona qilishgan. «Agar bunday preparatlarga aloqangiz bo‘lsa, aldayotganingizni bilasiz, g‘olib hisoblanmaysiz, to‘g‘rimi? O‘ylaymanki, siz halol inson sifatida sportdan ketishingiz kerak. Barchani ketsin demayman — bu adolatsizlik. Ammo shubhali o‘tmish bilan bog‘liq kamida ikki holat bor. Bu esa hafsalani nihoyatda pir qiladi», — deya davom etgan britaniyalik. U doping mojarosi haqida gapirmaslikka harakat qilgani, chunki toza sportga ishonishini aytgan. Ammo endi uning WADA tomonidan qurilgan tizimga ishonchi butunlay so‘ngan.

Janle esa hech bir jamoani Xitoy jamoasini tekshirgan kabi tekshirmasliklarini aytadi. Doping-ofitserlar xitoylik sportchilarni istasa erta tongda uyg‘otgan, istasa tunda uyqu bermagan, O‘yinlar vaqtida har bir suzuvchi o‘rtacha 25 martadan namuna topshirgan.

«Agar bizdan hech narsa topilmagan bo‘lsa, bizni nimada ayblayapsiz?» – deya savol qo‘yadi Chjanle.

Uni 2010-yillar boshida jahondagi eng kuchli sprinter suzuvchilardan biri bo‘lgan avstraliyalik Jyeyms Magnussen qo‘llagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqiblar suv ostidan tosh qidirish o‘rniga, xitoyliklarga masofaning yakuniy qismida kuchli ishtirok etishga imkon beradigan texnikasini o‘rganish kerak bo‘ladi.

Olimpiadada suzish musobaqalari yakunlandi. Amerikaliklar baribir yetakchi

Rossiyalik suzuvchi Mixail Dorinov ham xitoylik suzuvchilar borasida shubhalarga qo‘shiladi. U doping masalasi Tsin Xayyanning vijdoniga havola ekanini aytdi. Ushbu suzuvchi kuchli o‘tgan o‘tgan mavsumdan keyin olimpiya o‘yinlariga yaxshi formada yetib kela olmadi. Bir yil muqaddam unga teng keladigan raqib topilmayotgandi, Fukuokada u 50 metr masofada ham, 100 va 200 metr masofalarda ham oltin medallarni qo‘lga kiritgandi. Parijda esa 200 metr masofaga suzishda beshinchi, yuz metrga suzishda yettinchi bo‘ldi. 200 m masofada Tsin o‘tgan yilgi jahon chempionatida qayd etgan natijasidan to‘rt soniyaga ortda qoldi. Umuman, XXR jamoasi suzish bo‘yicha musobaqalarda atigi beshinchi natijani qayd etdi — 2 oltin (ikkisi ham Pan Janlening sharofati bilan), 3 kumush va 7 bronza. Dastlabki kunlardagi ishonchsiz ishtirokka qaramay, yakunda amerikaliklar birinchi bo‘lishdi. Sakkizinchi, hal qiluvchi oltinni jamoaga ayollar o‘rtasidagi estafetadagi to‘rtlik olib keldi (8-13-7).

Erkaklar jamoasidan farqli o‘laroq, Lilli King va kompaniya uyaltirmadi va kompleks estafetada jahon rekordini o‘rnatgan holda birinchi bo‘lishdi.

Yaxshi start olganiga qaramay avstraliyaliklar (Ariarne Titmusning o‘zi ikkita oltin, ikkita kumush oldi) yakunda yetti oltin (sakkiz kumush va uch bronza) bilan — ikkinchi bo‘lishdi. Uchinchi o‘rinda — fransuzlar, mezbonlar to‘rtta oltin olishdi — va barchasi Leon Marshan tomonidan (yana bir kumush va ikki bronza). U estafetada jamoa uchun bir bronzani ham kafolatlab berdi. Fransiya ortidan uchta oltin, ikkita kumush va uchta bronza olgan Kanada joylashgan — uchala oltin va bir kumushni 17 yoshli Sammer Makintosh qo‘lga kiritgan. Shundan keyingina Xitoy, Italiya, Vengriya va Shvetsiya jamoalari joylashgan. Shvedlar buning uchun hamon yuqori sport formasini saqlab qolayotgan Sara Shestremdan minnatdor bo‘lishlari kerak, u 30 yoshida Olimpiya o‘yinlarida 50 va 100 metr masofalarga erkin suzishda oltin medallarni qo‘lga kiritdi.

Mavzuga oid