Jahon | 19:05 / 06.08.2024
3887
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh sudi Google'ni onlayn qidiruv sohasida monopolist deb topdi

Sudning xulosasiga ko‘ra, kompaniya texnologik gigantlarga o‘z qidiruv tizimini smartfon va brauzerlariga o‘rnatishi uchun 26 mlrd dollar to‘lash orqali raqobatchilarining bozorda muvaffaqiyat qozonishiga imkoniyat qoldirmagan.

Foto: Getty Images

AQShning Kolumbiya okrugi sudi federal sudyasi Google kompaniyasi onlayn qidiruv tizimi bozoridagi monopoliyasini saqlab qolish uchun noqonuniy faoliyat yuritgani to‘g‘risida qaror chiqardi.

«Google — monopolist va u o‘z monopoliyasini saqlab qolish uchun monopolist kabi harakat qilgan», — deyiladi sudya Amita Mextaning qarorida.

Kompaniyaga qarshi da’vo 2020 yilda AQSh Adliya vazirligi tomonidan kiritilgan edi. Google monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzganlikda ayblangan. Sud qarorida keltirilishicha, Google’ga egalik qiluvchi Alphabet INC kompaniyasi boshqa texnologik gigantlarga o‘z qidiruv tizimi smartfon va brauzerlarga standart variant sifatida o‘rnatilishi uchun 26 milliard dollar to‘lagan, bu orqali kompaniya raqobatchilarining bozorda muvaffaqiyatga erishishiga imkoniyat qoldirmagan.

Kompaniyaning suddagi vakillariga ko‘ra, «Google yaxshi bo‘lgani uchun g‘alaba qozonmoqda» va foydalanuvchilar Google orqali ma’lumot qidirishni afzal ko‘radi. AQSh bosh prokurori Merrik Garland Google ustidan sudda erishilgan ushbu g‘alabani «tarixiy» deb atadi. «Qanchalik kuchli va ta’sir doiraga ega bo‘lmasin, hech bir kompaniya qonundan ustun emas», — deydi u.

The New York Times’ning yozishicha, mazkur qaror hukumatning monopoliyaga qarshi boshqa, masalan, Apple, Amazon va Meta’ga nisbatan da’volariga jiddiy ta’sir ko‘satgan. Texnologik kompaniyaga qarshi oxirgi antimonopol qaror Microsoft’ga nisbatan 1998 yilda qabul qilingan. Ta’kidlanishicha, Google’ning monopolist deya tan olinishi yirik texnologik kompaniyalar hukmronligiga chek qo‘yishning boshlanishi bo‘lishi mumkin.

Google’ga nisbatan qanday chora ko‘rilishi bo‘yicha sudya yaqin oylarda qaror qabul qiladi. Kompaniya ishlash uslubini o‘zgartirishi yoki biznesning bir qismini sotishga majbur bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid