O‘zbekiston | 16:05 / 06.08.2024
6228
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda soxta treyderga ishongan ayol qariyb 100 mln so‘mga chuv tushdi

Firibgarlikda gumonlanayotgan shaxs jabrlanuvchi ayol bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali gaplashib, treyderlik faoliyati bilan shug‘ullanishini aytgan. So‘ngra unga pullarini birja orqali oz fursatda ko‘paytirib berishni va’da qilib, 92 mln so‘mini o‘tkazib olishga erishgan.

Namanganda fuqaroning 92 mln so‘m pullarini o‘zlashtirgan firibgar treyderning qilmishlariga chek qo‘yildi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Namangan viloyatida yashovchi Sh.G. ariza bilan murojaat qilib, o‘zining bank kartasidagi 92 mln so‘m pul noma’lum shaxs tomonidan o‘zlashtirib olinganini bildirgan. O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Namangan viloyatida yashovchi, muqaddam firibgarlik jinoyati bilan sudlangan R.N. sodir etgani aniqlangan.

Gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb etilgan R.N. jabrlanuvchi ayol Sh.G. bilan Telegram orqali yozishgan hamda unga o‘zini treyderlik faoliyati bilan shug‘ullanishini aytib, pullarini birja orqali ko‘paytirib berishini va’da qilgan. Shu tariqa u aldov yo‘li bilan jabrlanuvchining 92 mln so‘m miqdordagi pulini o‘tkazib olishga erishib, bergan va’dasini bajarmasdan, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Holat yuzasidan R.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Telegram orqali soxta havola jo‘natib, o‘zganing 27 mln so‘m pulini o‘zlashtirgan shaxs ushlangani xabar qilingandi.  

Mavzuga oid