O‘zbekiston | 20:10 / 06.08.2024
63167
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zboshimcha egallangan yer uchastkalari va ulardagi binolarni legallashtirishga ruxsat berildi

O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga “amnistiya” e’lon qilindi. Prezident imzolagan qonunga asosan, qator toifalardagi obektlar uchun mulk xuquqini rasmiylashtirishga ruxsat berildi. Qonun 3,8 milliondan ortiq fuqaroning 493 ming gektarlik yer uchastkalari uchun kadastr olish imkonini beradi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidenti “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonunga ko‘ra, fuqarolar quyidagi ko‘chmas mulklarni o‘z nomiga (ijara va mulk huquqi asosida) qonuniy o‘tkazib olishi mumkin:

  • 2018 yil 1 may kunigacha yakka tartibdagi uy-joy qurib o‘zboshimchalik bilan egallagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • 2018 yil 1 may kunigacha fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer hamda undagi bino va inshootlar;
  • 2021 yil 8 iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer;
  • bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer;
  • kichik sanoat zonalari hududiga 2020 yil 9 martgacha joylashtirilgan tadbirkorlarning yeri;
  • davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan yer;
  • hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasi.

Ko‘chmas mulkni qonuniylashtirish uchun ular quyidagi talablarga javob berishi lozim:

  • yer boshqa shaxsga ajratilmagan yoki auksionga chiqarilmagan bo‘lishi;
  • yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi;
  • yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi;
  • muhofaza zonasida, sug‘oriladigan yerda joylashmaganligi;
  • bosh reja talablariga zid emasligi (mavjud bo‘lsa);
  • har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilganligi, shirkat a’zosi hisoblanishi va boshqalar).

Qonunga ko‘ra, yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi quyidagi hajmgacha beriladi:

  • 1998 yil 1 iyulgacha egallangan bo‘lsa – 0,24 gektargacha;
  • 1998 yil 1 iyuldan 2018 yil 1 may kuniga qadar egallangan bo‘lsa – Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda 0,12 gektardan oshmagan hajmda.

Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.

Huquqlarni e’tirof etish hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, buning uchun Kadastr agentligi har yili reja-jadval tasdiqlaydi, unga asosan:

  • Kadastr agentligi Avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratib, unga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi;
  • 10 ta vakolatli organ (hokimlik, qurilish, ekologiya, soliq, “O‘zbekkosmos” agentligi va boshqalar) har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga kiritadi;
  • tizimda shakllantirilgan elektron yig‘majild mahalla binolarida, Kadastr agentligi saytida hamda boshqa manbalarda e’lon qilinadi.

To‘plangan hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi adliya organlari tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan xabarnoma yuboriladi.

Xabarnoma asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga har chorakda xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi (yerga – ijara huquqi, bino-inshootga – mulk huquqi).

Qonun 3 oydan so‘ng kuchga kiradi va 2028 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi.

Avvalroq Adliya vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, bu yangi qonun 3,8 milliondan ortiq fuqaroning 493 ming gektarga teng yer uchastkalari taqdirini belgilab beradi.

Mavzuga oid