O‘zbekiston | 11:26 / 07.08.2024
22339
6 daqiqa o‘qiladi

90 ming dollar pora bilan ushlangan Kogon tumani prokurori 15 yilga qamaldi

Sud sobiq prokurorni firibgarlik va juda ko‘p miqdorda pora berish jinoyatlarini sodir qilganlikda aybli deb topgan. Shuningdek, hukm bilan G‘ulomovning jinoiy sheriklari ham uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Kogon tumani prokurori Bahodir G‘ulomovga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Kun.uz’ga Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, sobiq prokuror bilan bog‘liq jinoyat ishi JIB Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqilgan.

Sud hukmida keltirilishicha, Bahodir G‘ulomov Kogon tumani prokurori lavozimida ishlab kelib firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritish maqsadida 2024 yil yanvar oyi boshlarida N.No‘’monov va xavfli retsidivist bo‘lgan Z.Odilov bilan jinoiy til biriktirgan. Ular Buxoro viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan “Kogon yog‘ - ekstraksiya zavodi” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha jamiyat ta’sischilaridan birining ishonchiga kirib, jinoyat ishi doirasida unga nisbatan ayblov e’lon qilmaslik va jinoiy javobgarlik masalasini hal etmaslik masalasini Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali hal etishi mumkinligini aytib, 100 ming AQSh dollari miqdorida pora berishga dalolat qilishgan.

Shundan so‘ng, sudlanuvchi Bahodir G‘ulomov 2024 yil 15 yanvar kuni Buxoro shahrida joylashgan “Turon” mehmonxonasi oldida 100 ming AQSh dollarini jinoiy sherigi N.No‘’monov orqali olgan. Shuningdek, u jinoiy harakatlarini davom ettirib, “Kogon yog‘ - ekstraksiya zavodi” AJga aloqador shaxslarni Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali tergovga jalb qilmaslik va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga takroran 100 ming AQSh dollari miqdorida pora berishga dalolat qilgan hamda firibgarlik yo‘li bilan 44 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritgan. Shundan 10 ming AQSh dollarini Z.Odilov olib, qolgan 34 ming AQSh dollarini N.No‘’monov kelgusida Bahodir G‘ulomovga berish uchun o‘zida saqlab kelgan.

2024 yil 13 fevral kuni Buxoro shahar markaziy kasalxonasi yonida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bahodir G‘ulomov N.No‘’monov orqali 56 ming AQSh dollarini olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan. Tezkor tadbir davomida sudlanuvchi N.No‘’monovning Cobalt mashinasidan “Kogon yog‘ - ekstraksiya zavodi” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha jamiyatga aloqador to‘rt nafar shaxslarni tergovga jalb qilmaslik va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga so‘ralgan 100 ming AQSh dollari hisobidan 34 ming AQSh dollari mavjudligi aniqlanib, tegishli tartibda bayonnoma asosida olib qo‘yilgan.

Sud majlisida sobiq prokuror aybiga iqrorlik bildirib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini, davlat rahbaridan kechirim so‘rashini aytgan hamda suddan o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.

Sud hukmi bilan Bahodir G‘ulomov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik), 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandida (juda ko‘p miqdorda pora berishda ishtirokchilik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga prokuratura organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, sud hukmi bilan “New imperial oil” MChJda ekspeditor lavozimida ishlagan Najmiddin No‘’monov 11 yil, xavfli retsidivist hisoblangan Zafar Odilovga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan.

2022 yil apreldan Kogon tumani prokurori lavozimida ishlab kelgan Bahodir G‘ulomov 2024 yilning 13 fevral kuni tezkor tadbirda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingandi.

Andijon viloyatida o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev pora bilan qo‘lga tushgan Bahodir G‘ulomov haqida to‘xtalib o‘tgandi.

«Men nima uchun buni elga aytyapman? Buyam bosh prokuror harakati bilan amalga oshyapti. Bu o‘zi kurashchi bo‘lib, xodimi o‘g‘ri bo‘lsa, dardimizni kimga aytaylik?

3 kun oldin menga aytdi, men aytdim, «indamanglar, ertaga suddan qaytmasligi kerak bu narsa», dedim. Sekin-sekin 200 ming dollarni gaplashgan. 91 mingni olib kelyapti, «yo‘q, narigisini ham olib kelasan», deyapti. «Uni ham indamanglar», dedim.

Uchinchi kuni 91 mingni olib keldi-da, 101 mingni olib kelinglar, deyapti. Endi yana mayda-chuyda bo‘lmasin-ku, 10 mingni o‘rtadagi vositachilar olib qo‘yyapti. «Yo‘q, 10 mingni ham menga olib kel», dedi noinsof prokuror.

Bosh prokurorimiz shu yerda o‘tiribdilar, Buxoroga borib ishdan oladi», degandi o‘shanda davlat rahbari.

Mavzuga oid