Rossiya va Ukraina Zaporijjya AESdagi yong‘inda bir-birini ayblamoqda. Bu haqda nimalar ma’lum?
Yakshanba kuni kechqurun Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasiga aloqador obektda yong‘in chiqqanidan keyin Kiyev va Moskva bunda bir-birini ayblamoqda. Ikki tomon ham yong‘in radiatsiyaviy xavfsizlikka ta’sir qilmaganini tan olishmoqda, shu bilan bir vaqtda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) kabi bunday hodisalarning ehtimoliy xavfidan ogohlantirmoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq Zaporijjya AESdagi yong‘in rossiyalik harbiylar tomonidan uyushtirilganini aytgandi, hudud 2022 yildan buyon Rossiya okkupatsiyasi ostida qolmoqda. Zaporijjya oblastining bosib olingan qismiga Kreml tomonidan tayinlangan gubernator Yevgeniy Balitskiy yong‘inga Ukraina tomoni zarbasi sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. Reuters agentligi yong‘in Ukraina kuchlari Rossiyaning Kursk oblasti hududiga bostirib kirishidan bir necha kun o‘tib ro‘y berganiga e’tibor qaratgan.
Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning olti reaktorga ega AESning ulkan hududida bo‘lib turgan ekspertlari «kechqurun bir necha portlash» ovozlari eshitilganidan keyin «stansiyaning shimoli-g‘arbiy qismidan chiqqan» quyuq tutunni ko‘rishgan.
«[Kuzatuvchilar] bugun go‘yoki stansiyaning gradirnyalaridan biriga dron hujumi ro‘y bergani haqida xabar qilishdi. AEXA bosh direktori Rafael Mariano Grossi bu yadroviy xavfsizlikka ta’sir qilmasligini tasdiqladi», — deyilgan tashkilot bayonotida.
Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi asosiy yong‘in soat 23:30 ga kelib FVV o‘t o‘chiruvchilari tomonidan o‘chirilganini ma’lum qilgan. Korporatsiyadagilar tasdiqlashicha, gradirnyalardan biriga «ukrainlarning ikkita droni to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib urilgan, natijada ichki konstruksiyalar alanga olib yong‘in yuzaga kelgan».
Gradirnya — atmosfera havosining yo‘naltirilgan oqimi bilan katta miqdordagi suvni sovitish uchun mo‘ljallangan qurilmadir. «Rosatom»ga ko‘ra, sovitish minorasining ichki konstruksiyalariga «jiddiy zarar» yetkazilgan, «bu hodisani yadroviy terrorizm fakti sifatida tavsiflash mumkin».
Xuddi shu vaqtda Rossiya FVV aniqlik kiritishicha, ishlamayotgan sovitish minorasi shikastlangan, plastik bug‘ tutib qoluvchilar alanga olgan. Ukrainaning «Energoatom» kompaniyasi ham gradirnyalardan biri va boshqa qurilmalarga zarar yetkazilganini ma’lum qilgan.
«Energoatom» biror dalil keltirmagan holda Rossiya AES gradirnyalaridan harbiy texnika va portlovchi qurilmalarni saqlashda foydalanishini bildirgan, yong‘inga esa beparvolik yoki qasddan o‘t qo‘yish sabab bo‘lganini taxmin qilgan. Zelenskiy ham «rossiyalik okkupantlar Zaporijjya atom stansiyasida yong‘in uyushtirgani» haqida aytgandi.
Ukraina tomoni ham, Rossiya tomoni ham yong‘in radiatsiyaviy fonga ta’sir qilmaganini aytmoqda. Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati mamlakat hududida radiatsiyaviy vaziyat barqarorligi, «oshib ketish qayd etilmagani»ni ma’lum qilgan. Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko texnogen tarzda kelib chiqadigan radionuklidlar kuzatilmaganini bildirgan.
«Hozircha radiatsiya ko‘rsatkichlari normada, — degan Zelenskiy. — Ammo rossiyalik terrorchilar atom stansiya ustidan nazoratni saqlab qolarkan, normal vaziyat bo‘lishi imkonsiz. Rossiya Zaporijjya AESni egallab olgan ilk kunidan buyon undan faqat Ukrainani ham, butun Yevropa va dunyoni ham shantaj qilish uchun foydalanmoqda».
AESda stansiya perimetri tashqarisida, sovitish hovuzi shimolida joylashgan ikkita gradirnya mavjud, ammo ulardan faqat Zaporijjya to‘liq kuch bilan ishlaganida foydalaniladi, hozirda esa uning faoliyati muzlatilgan.
«[Yong‘indan] yetkazilgan zarar faoliyati oltita o‘chirish blok xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmagan, — deyiladi AEXA bayonotida. — Ammo uning maydoni yoki atrofidagi har qanday yong‘in olov xavfsizlik uchun muhim ahamiyatga ega obektlarga ham tarqalish xavfini tug‘diradi».
AESning rossiyaliklar tomonidan tayinlangan ma’muriyati AEXA kuzatuvchilariga radiatsiya darajasi oshish xavfi yo‘qligini tasdiqlagan, chunki aytilayotgan hujum ro‘y bergan joyda radioaktiv materiallar bo‘lmagan, deyiladi bayonotda. Kuzatuvchilar radiatsiya darajasini tekshirib, u o‘zgarishsiz qolganiga ishonch hosil qilishgan.
Zaporijjya AESdagi yong‘in Ukrainaning Rossiyaning Kursk oblastiga bostirib kirganiga qariyb bir hafta bo‘lganida ro‘y berdi, Kursk oblastida Kursk AES joylashgan.
Yevropada eng yirik atom elektr stansiya hisoblangan Zaporijjya AES 2022 yil fevralida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinining ilk kunlarida egallab olingandi. Stansiyaning oltita yadroviy reaktori hozirda «sovuq to‘xtash» rejimida. Bu esa reaktorlar yopilgani va ular past bosim ostida ushlab turilishini anglatadi. Oxirgi reaktor xuddi shu tarzda joriy yil aprelida muzlatilgandi.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024