Jahon | 08:36 / 13.08.2024
2152
3 daqiqa o‘qiladi

Afina yaqinida o‘rmon yong‘inlari: yuzlab fuqarolar evakuatsiya qilindi

O‘t o‘chiruvchilar va harbiy xizmatchilar ikkinchi kundirki yong‘inlarni o‘chirishga harakat qilmoqda. Gretsiyada 15 avgustga qadar anomal issiq havo harorati kutilmoqda.

Foto: Reuters

Afina shimoli-sharqida Gretsiyadagi g‘ayritabiiy issiqlik va qurg‘oqchilik tufayli katta o‘rmon yong‘iniga qarshi kurash davom etmoqda. Yong‘in 11 avgust kuni tushdan keyin Gretsiya poytaxtidan 35 kilometr uzoqlikda boshlangan, biroq kuchli shamol tufayli tezda nazoratdan chiqib ketgan va bir sutka ichida Afinaning shimoliy chekkalariga yetib kelgan. 

«Bu o‘ta xavfli yong‘in bo‘lib, biz 20 soatdan ortiq dramatik sharoitda unga qarshi kurashyapmiz. Tongda yong‘in asosan ikkita alohida jabhada kuzatildi, ba’zi o‘choqlar Afina shimoli-sharqidagi borish qiyin bo‘lgan joylardadir», - deya 12 avgust, dushanba kuni Gretsiyaning iqlim inqirozi va fuqarolik muhofazasi vaziri Vasilis Kikilias so‘zlaridan iqtibos keltirgan AP. 

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inni o‘chirishda o‘t o‘chiruvchilar va shifokorlardan tashqari 100 ga yaqin harbiy xizmatchilar ishtirok etmoqda. O‘ndan ortiq tumanlar, jumladan, tarixiy Marafon shahri va Afinaning bir qancha chekka hududlarida evakuatsiya to‘g‘risida buyruq chiqarildi. Yong‘in sodir bo‘lgan hududdan yuzlab fuqarolar evakuatsiya qilingan. Afinaning uchta kasalxonasi jabrlanganlarni davolash uchun shay holatga keltirildi. Gretsiya ommaviy axborot vositalari bir necha tinch aholi vakilining tutundan zaharlangani tufayli kasalxonaga yotqizilgani va ikki o‘t o‘chiruvchi yengil jarohat olganini xabar qildi. 

Gretsiyada yong‘in tez tarqalishi xavfi haqida ogohlantirish berilgan

Meteorologlar dam olish kunlari qurg‘oqchilik va Egey dengizi hududidagi kuchli shamollar bir necha daqiqa ichida kichik yong‘inni katta yong‘inga aylantirishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirgan, deb yozadi AFP. Biroq yirik yong‘in sabablari noma’lumligicha qolmoqda. 

Mamlakat fuqaro mudofaasi xizmati vakillarining so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda vaziyat o‘ta xavfli bo‘lib qoladi. Gretsiyaning aksariyat hududlarida bir necha oy davomida yomg‘ir yog‘mayapti, 12 avgust kuni Gretsiyada havo harorati Tselsiy bo‘yicha 39 darajaga yetishi kutilmoqda. Mamlakat g‘arbida eng yuqori harorat kutilmoqda. Bunday ob-havo sharoiti 15 avgustga qadar o‘rmon yong‘inlari uchun qulay bo‘lishi mumkin. Kuchli shamol va haddan tashqari qurg‘oqchilik tufayli «Gretsiyaning yarmi qizil zonada».

Tarixdagi eng issiq qishdan so‘ng, Gretsiya 1960 yildan beri eng issiq iyun va iyul oylarini boshdan kechirdi va bu o‘rmon yong‘inlariga turtki berdi.

Mavzuga oid