Jahon | 19:28 / 16.08.2024
4480
2 daqiqa o‘qiladi

Hongkongda keksa gigant panda ilk bor ona bo‘ldi, u egizaklarni dunyoga keltirdi

Ying Ying laqabli gigant panda bolalarini 15 avgust kuni, 19 yoshga to‘lishidan bir kun oldin dunyoga keltirdi. Agar panda inson bo‘lganida, uning yoshi 57 ga teng bo‘lardi - pandalarning bir yili insonlarning uch yili bilan barobar. Bu ulg‘ayish belgilari va rivojlanish bosqichlariga asoslanadi.

Foto: Ocean Park

Bu pandachalarning dunyoga kelishi — noyob hodisa, chunki hech bir gigant panda bunchalik kech ona bo‘lmagandi. Pandalar hozircha “juda zaif va 24 soatlik intensiv terapiya ostida, ularning holati barqarorlashishi uchun vaqt kerak”, deydi panda qarovchilari.

“Barchamiz gigant panda bolalari bilan uchrashishni intiqlik bilan kutyapmiz. Ular hamma bilan rasman uchrashishi uchun bir necha oy sabr qilishingizni so‘raymiz”, — deyiladi Ocean Park hayvonot bog‘i bayonotida.

Park operatorining so‘zlariga ko‘ra, Ying Ying egizaklaridan urg‘ochisi zaifroqqa o‘xshaydi, chunki uning tana harorati pastroq, ingrashi ham akasinikidan kuchsizroq.

Uning vazni atigi 122 gramm.

Ocean Park ta’kidlashicha, Ying Ying to‘lg‘oq paytida “tushunsa bo‘ladigan tarzda asabiylashgan”, ko‘p vaqtini yerda yotib, chayqalib o‘tkazgan.

Gigant pandalar juftlashishni istamaydi. Ying Ying va egizaklarning otasi Le Le 2007 yilda beri Ocean Park’da istiqomat qiladi. Pekin o‘shanda ularni Hongkongga hadya qilgandi. Mart oyida esa ular muvaffaqiyatli juftlashgan.

Xitoyning tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha uzoq muddatli sa’y-harakatlari gigant pandalar soni kamayishini bartaraf etdi. Endilikda ular yo‘qolib ketish xavfidan xoli hisoblanadi.

Ma’lumot uchun dunyodagi barcha pandalar Xitoyga tegishli, ammo Pekin 1984 yildan beri hayvonlarni xorijiy mamlakatlarga ijaraga berib, munosabatlarni yaxshilashda «panda diplomatiyasi»dan foydalanmoqda. 

Mavzuga oid