Jahon | 19:12 / 18.08.2024
6950
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Kurskda Seym daryosi ustidan o‘tgan yana bir ko‘prikni yo‘q qildi

 «Zvannoye» qishlog‘idagi ko‘prik HIMARS raketalari yordamida berilgan zarbalar oqibatida yo‘q qilingan - u orqali Rossiya harbiy qismlarining ta’minoti amalga oshirilgan.

Foto: Videodan kadr

Ukraina harbiylari Kursk viloyatidagi Seym daryosi ustidan o‘tgan yana bir ko‘prikka zarba berdi. Bu haqda mamlakat Havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshuk ma’lum qildi.

«Kursk yo‘nalishi. Yana bir ko‘prik minus! Havo kuchlari aviatsiyasi aniq zarbalar orqali dushmanning logistik imkoniyatlardan mahrum qilishni davom etmoqda, bu jangovar harakatlarning borishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatyapti», — deb yozadi u o‘zining Telegram kanaliga.

Foto: Telegram / Astrapress

Mash’ning yozishicha, «Zvannoye» qishlog‘idagi ko‘prik HIMARS raketalari yordamida berilgan zarbalar oqibatida yo‘q qilingan. ASTRA nashriga ko‘ra, ushbu ko‘prik orqali Rossiya harbiy qismlarining ta’minoti amalga oshirilgan.

Bundan oldin Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) Rossiya Federatsiyasi hududidagi hujum paytida Kursk viloyati Glushkovo shahrida Seym daryosi ustidagi ko‘prikni vayron qilgandi.

Baza va Mash telegram-kanallari xabariga ko‘ra, ko‘prikka Amerikaning HIMARS qurilmasidan raketalar bilan urilgan, shundan so‘ng tayanch ustunlardan biri qulab tushgan. Mash yozishicha, ko‘prikka zarbadan keyin Glushkovo tumanining chegara qismi, jumladan, Tetkino, Popovo-Lejachi, Volfino qishloqlari va 27 ga yaqin boshqa aholi punktlari bilan aloqa uzilgan. 

15 avgust holatiga ko‘ra Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatida turli yo‘nalishlarda 500 metrdan 1,5 kilometrgacha bo‘lgan masofada oldinga siljigan va hozirda 1150 kvadrat kilometr maydondagi 82 aholi punkti Ukraina armiyasi nazorati ostida. Umuman olganda, operatsiya boshlanganidan beri Ukraina Qurolli kuchlari Kursk hududiga 35 kilometr masofaga kirgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi 15 avgust kuni o‘z hisobotida Rossiya armiyasi Kursk viloyatidagi Krupets qishlog‘i ustidan nazoratni qayta tiklagani, shuningdek, bir necha qishloqlar yaqinida Ukraina qurolli kuchlari hujumlarini qaytarganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 8 oktabr tongida Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi temiryo‘l ko‘prigida portlash ro‘y berishi oqibatida avtomobil ko‘prigining bir qismi qulab tushgan edi. O‘shanda yonilg‘i to‘ldirilgan bir necha sisternalar yonib ketgan, ko‘prik bo‘ylab avtomobil va poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgandi.

Mavzuga oid