Jahon | 18:40 / 20.08.2024
3128
6 daqiqa o‘qiladi

“Sokin inqilob” - Hindistonda velosipedlar qizlarning maktabga qatnashida asosiy transportga aylandi

Hindistonning qator shtatlarida maktabga boradigan qizlar sonini ko‘paytirish uchun o‘quvchilarga bepul velosiped beriladi. Bu harakatlar o‘z natijasini ko‘rsatyapti: qizlarning maktabni tamomlash ko‘rsatkichi ortmoqda.

Foto: AP

Hindistonning eng qashshoq shtati Biharda yashovchi Nibha Kumari 15 yoshida velosiped uning hayotini qanday o‘zgartirgani haqida BBC’ga hikoya qilib berdi.

Ikki yil davomida u haftasiga olti kun, kuniga ikki soatdan velosipedda maktabga qatnagan. Nibha shtat hukumati bergan velosipeddan foydalangan.

Velosipedim bo‘lmaganda, o‘rta maktabni tugatishim dargumon edi. Bu mening hayotimni o‘zgartirdi”, — deydi hozir 27 yoshga kirgan ayol.

Begusaray tumanidagi fermerning qizi Nibha eng yaqin boshlang‘ich maktabda o‘qish uchun 10 kilometr uzoqlikdagi xolasinikida yashashga yuborilgan. Qizlar uchun yo‘lda yurish qiyin, jamoat transportiga ishonib bo‘lmasdi.

Nibha yuqori maktabda o‘qishni davom ettirish uchun uyiga qaytganida, velosipeddan foydalanishni boshladi va notekis qishloq yo‘llaridan maktabga qatnadi.

Velosipedda maktab va murabbiylik mashg‘ulotlariga qatnashni boshlaganidan keyin qizlarga ishonch oshdi. Hozir ko‘pchilik qizlar maktabga boryapti. Ularning aksariyatida bepul velosiped bor”, — deydi Begusaraydagi tibbiyot xodimi Bhuvaneshvari Kumari.

Hindistonning qator shtatlarida maktabga boradigan qizlar sonini ko‘paytirish uchun o‘quvchilarga velosiped bepul beriladi.
Foto: Getty Images

ScienceDirect jurnalida chop etilgan tadqiqotda Hindistondagi qishloq joylarida maktabga qatnaydigan bolalar va velosiped haydash haqida qiziq faktlar berilgan.

Srishti Agraval, Adit Set va Rahul Goel tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Hindistonda velosiped haydash eng ko‘p qishloq qizlari orasida ommalashgan: bu ko‘rsatkich ikki baravardan ko‘proqqa oshgan: 2007 yilgi 4,5 foizdan 2017 yilda 11 foizgacha. Bundan ko‘rinib turibdiki, velosiped haydash mamlakatda gender tafovutini qisqartirishga xizmat qilmoqda.

Bu shovqinsiz inqilob. Buni inqilob deb atashimizga sabab shuki, ayollarning uydan tashqariga chiqishi, xususan, velosiped haydashi jihatdan gender tengsizligi yuqori bo‘lgan mamlakatda qizlar o‘rtasida velosipedda yurish darajasi oshdi”, — deydi Agraval xonim.

2004 yildan boshlab velosipedlarni bepul tarqatish bo‘yicha davlat dasturlari o‘g‘il bolalarga qaraganda ko‘proq qizlarga qaratilgandi, chunki ro‘zg‘or ishlari va maktablarning uzoqligi sabab qizlar orasida o‘qishni tashlash foizi yuqori edi. Bunday yondashuv faqat Hindistonga xos emas – Kolumbiya, Keniya, Malavi va Zimbabve kabi mamlakatlarda ham velosipedlar qizlarning maktabga qatnashi va o‘qishni davom ettirishida samarali vosita hisoblanadi. Ammo Hindistonda bu ko‘rsatkich ko‘lami boshqa mamlakatlarga qiyoslaganda kattaroq.

Uch tadqiqotchi (ular Dehlidagi Hindiston texnologiya instituti hamda Mumbaydagi Narsi Monji nomidagi boshqaruv tadqiqotlari instituti vakillari) o‘z izlanishlari davomida 5-17 yoshli maktab o‘quvchilari uchun transport turlarini tahlil qildi, o‘quvchilarga bepul velosiped berish bo‘yicha davlat dasturlarining samaradorligini ko‘rib chiqdi va ularning bolalar orasida velosiped haydash ommalashishiga ta’sirini testdan o‘tkazdi.

Tamil Nadu — o‘quvchi qizlarga velosiped bergan dastlabki shtatlardan biri.
Foto: Getty Images

Tadqiqotchilar butun mamlakat bo‘ylab maktabga velosipedda boradigan o‘quvchilar foizi 2007 yildagi 6,6 foizdan 2017 yilda 11,2 foizga oshganini aniqladi.

O‘tgan o‘n yil ichida qishloq joylarda maktabga velosipedda borish soni ikki baravar ko‘paygan, shaharlarda esa bu ko‘rsatkich o‘zgarmagan. Hind shaharlarida yo‘llar xavfsiz emasligi barchaga ma’lum: ularda maktabga velosipedda borish ko‘rsatkichining pastligi yo‘l harakati xavfsizligining yomonligi va yo‘llarda avtomobillarning ko‘pligi bilan bog‘liq.

Mamlakatda velosiped inqilobi qishloqlarda katta ahamiyatga ega bo‘lib, Bihar, G‘arbiy Bangoliya, Assam va Chattisgarh kabi shtatlar bu borada yetakchilik qilmoqda. Mazkur shtatlar aholisi Yevropaning ba’zi yirik davlatlari bilan taqqoslanadi. Tadqiqot uzoq masofalarga velosipedda borish shaharga qaraganda qishloq joylarda ko‘proq ommalashganini ko‘rsatdi.

Hindiston hukumati odamlarning velosiped haydash odati haqida 2011 yilda — aholini so‘nggi ro‘yxatga olish vaqtida xabar berishni boshlagandi. O‘shanda ishga boradiganlarning atigi 20 foizi velosipedni asosiy transport turi sifatida ko‘rsatgan. Lekin qishloq aholisi shahardagiga nisbatan ko‘proq velosipedda yurgan (17 foizga 21 foiz). Bundan tashqari, ayollarga (4,7 foiz) qaraganda erkaklar (21,7 foiz) ishga ko‘proq velosipedda borgan.

Xalqaro ko‘rsatkichlar bilan taqqoslaganda, velosiped haydashda gender tafovut darajasi dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi”, — deydi Agraval xonim.

Bihar qishloqlarida 2007 yilda maktabga velosipedda boradigan qizlar deyarli yo‘q edi, bu ko‘rsatkich o‘n yil ichida 13 foizdan oshdi.
Foto: Getty Images

Amerikalik sufrajist Syuzan B. Entonining mashhur gapi bor: “Velosiped ayollarni ozod qilishga boshqa narsalardan ko‘ra ko‘proq hissa qo‘shadi. U ayollarga erkinlik va mustaqillik hissini beradi”.

Tadqiqotchilar yoshi ulg‘aygan sari ayollarning velosipedda yurishi kamayadimi degan, savol ustida bosh qotirmoqda. Nibha turmushga chiqib, yangi oilasining uyiga ko‘chib o‘tgandan keyin velosiped haydashni to‘xtatgan. U o‘qituvchilik kasbini egallash uchun hozir ham mashg‘ulotlarga qatnaydi, undan ishga qanday borishi haqida so‘ralganda qisqa javob berdi: “Menga endi velosiped kerakmas”.

Mavzuga oid