O‘zbekiston | 17:56 / 22.08.2024
11491
2 daqiqa o‘qiladi

Baliqchi tumani hokimi o‘rinbosari qamoqqa olindi

U hokimlik zaxirasidagi yer maydonini 2019 yildagi sana bilan tuman hokimining qarorini tayyorlab, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga o‘z sheriklari orqali 30 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Andijon viloyati Baliqchi tumani hokimining o‘rinbosari tezkor tadbirda qo‘lga olindi.

Ma’lum qilinishicha, DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi va tibbiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan MChJ xodimi Baliqchi tumani hokimligi zahirasida bo‘lgan 3,75 gektar yer maydonining 1,75 gektarini “E-auksion” orqali arzon narxda olib berish, qolgan 2 gektarini esa 2019 yildagi sana bilan tuman hokimining qarorini tayyorlab, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 30 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlangan. 

Tergovga qadar tekshiruv davomida ular ushbu masalani tuman hokimining o‘rinbosari orqali hal etishlari aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirilgan hamda hokim o‘rinbosari 30 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tuman hokimi o‘rinbosari va Uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Mavzuga oid