Jahon | 14:31 / 22.08.2024
3098
3 daqiqa o‘qiladi

G‘arb davlatlari harbiy xizmatga majbur ukrainalik erkaklarni qaytarishda Kiyevga yordam bermaydi

2022 yil 24 fevraldan buyon safarbarlik yoshidagi 650 mingga yaqin ukrainaliklar xorijga ketgan. Harbiy kadrlar tanqisligini hisobga olib, Kiyev ularni qaytarishga harakat qilmoqda.

Foto: Mehaniq / Shutterstock

G‘arb davlatlari Kiyevga o‘z hududida harbiy xizmatga majbur bo‘lgan ukrainaliklarni topish va ularni Ukrainaga yuborishda yordam berishdan bosh tortdi, deb xabar berdi Bloomberg 21 avgust kuni. Unga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ikki tomonlama uchrashuvlar doirasida ittifoqchilardan bu haqda so‘ragan. Biroq, nashrning ta’kidlashicha, «Polshadan Vengriyagacha bo‘lgan» davlatlar siyosatchilari urush davom etar ekan, ukrainalik qochqinlarni o‘z vatanlariga jo‘natmasliklarini aytishgan.

Bloomberg ta’kidlashicha, G‘arb davlatlari qochqinlarni qabul qilishida gumanitar jihatdan tashqari, iqtisodiy tomon ham mavjud - ishchi kuchi taqchilligi. Xususan, minglab ukrainalik erkaklar urush boshlanishidan oldin uzoq yillar Polsha va Chexiyada ishlagan. Rossiya hujumi boshlanganidan beri ko‘pchilik janglarda qatnashish uchun o‘z vataniga qaytib keldi. Qurilish va transport kabi tarmoqlarda ishchi kuchining chiqib ketishi sezila boshladi.

650 mingga yaqin safarbarlik yoshidagi erkaklar Ukrainani tark etdi

Shu bilan birga, Ukraina rasmiylariga ko‘ra, 2022 yil 24 fevraldan buyon safarbarlik yoshidagi 650 mingga yaqin erkak xorijga ketgan. Harbiy kadrlar tanqisligini hisobga olib, Kiyev ularni qaytarishga harakat qilmoqda. 2024 yil 23 apreldan Ukrainaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklarga konsullik xizmatlarini ko‘rsatishni to‘xtatdi, Ukrainaga qaytish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish bundan mustasno.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba buni mamlakatda urush ketayotgani va xorijda qolish safarbarlikka tortiladigan fuqarolarni vatan oldidagi mas’uliyatdan ozod qilmasligi bilan izohladi. «Agar bu odamlar u yerda, olisda frontda kimlardir davlat uchun kurashib, jonini bersa, kimdir esa chet elda o‘tirib, shu bilan birga, davlatdan xizmat ko‘rsatilishiga ishonsa, bu yuz bermaydi», - deya Kulebadan iqtibos keltiradi Bloomberg.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 2022 yil fevralida Rossiya keng ko‘lamli hujumidan keyin mamlakatni tark etgan 6 millionga yaqin ukrainalik xorijda qochqin bo‘lib qolmoqda. Ukraina markaziy banki prognozlariga ko‘ra, 2024 yilda yana 400 ming kishi mamlakatni tark etadi.

Mavzuga oid