Tim Uolz vitse-prezidentlikka nomzodi ilgari surilishini qabul qildi
Minnesota gubernatori Demokratik partiyaning Chikagodagi milliy qurultoyida AQSh vitse-prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilishini «sharaf» deb baholadi. Uolz va Harrisning nomzodlarini sobiq prezident Bill Klinton qo‘llab-quvvatladi.
Minnesota gubernatori Tim Uolz Demokratik partiyadan vitse-prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surilishini qabul qildi. Bu «sharaf», dedi Uolz 21 avgust, chorshanba kuni Chikagodagi Demokratik partiyaning milliy qurultoyida.
«Bugun barchamiz bu yerda go‘zal va oddiy sabab bilan – bu mamlakatni sevishimiz tufayli yig‘ildik», dedi u. 60 yoshli siyosatchi o‘z nutqida hayotining bosqichlari, xususan, Nebraska shtatidagi kichik shaharchadagi bolaligi va amerikacha futbol murabbiyi sifatidagi faoliyati haqida gapirdi.
Uolz va Harrisni Bill Klinton qo‘llab-quvvatladi
Shu kuni AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton qurultoyda so‘zga chiqib, Uolz va demokratlar tomonidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan AQSh vitse-prezidenti Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatladi. Harris va Uolz «amerikalik, ammo aql bovar qilmaydigan hayotiy voqealarga ega» ikki liderdir, dedi u. Klinton ishonch bildirishicha, Harris va Uolz Qo‘shma Shtatlar uchun «toza havo» nafasi bo‘ladi va ularni saylagan amerikaliklar «butun umri davomida bundan faxrlanadi».
Chikagoda musiqachilar Stivi Uander va Jon Lejyend, aktrisa Mindi Kaling, aktyor Kinan Tompson va teleboshlovchi Opra Uinfri ham chiqish qilishdi.
Harris Demokratik partiya nomzodi sifatida tasdiqlanganini qabul qildi
Kamala Harris Illinoys shtatining Chikago shahrida bo‘lib o‘tgan partiya milliy qurultoyida Demokratik partiyadan nomzod sifatida tasdiqlanganini qabul qildi. 20 avgust kuni AQSh vitse-prezidenti Viskonsin shtatining Miluoki shahridan video-aloqa orqali qurultoyga qo‘shildi.
CNN Harrisning so‘zlaridan iqtibos keltirgan: «Biz sizning nomzodlaringiz bo‘lishdan faxrlanamiz. Bu xalq kuchiga asoslangan kampaniya va biz birgalikda oldinga yangi yo‘l ochamiz», deya qo‘shimcha qildi u. AQShning barcha shtatlari va hududlaridan kelgan delegatlar qurultoyda 59 yoshli Harrisni yoqlab ovoz berishdi, ammo bu faqat rasmiyatchilik bo‘ldi.
Mavzuga oid
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
19:00 / 23.12.2024
Tramp: AQSh hukumati rasman faqat ikkita jinsni - erkak va ayolni tan oladi
18:12 / 23.12.2024
Bayden o‘limga hukm etilgan 37 nafar mahbusning jazosini yengillashtirdi
17:17 / 23.12.2024