Jahon | 20:03 / 27.08.2024
2550
4 daqiqa o‘qiladi

BMT rahbari global isish Tinch okeanidagi orol davlatlarga xavf solayotganini ma’lum qildi

Guterrishning ta’kidlashicha, dunyo hamjamiyati Tinch okeani mintaqasiga nisbatan katta adolatsizlik qilmoqda.

Foto: Getty Images

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish atmosferani eng ko‘p ifloslantirayotgan davlatlar zaharli gaz chiqindilarini kamaytirishga asosiy javobgar ekanini ta’kidladi. Bu haqda u Tinch okeani orollari forumi rahbarlarining yig‘ilishida gapirdi.

“Bugun Tinch okeani dunyodagi eng zaif mintaqa. Bu hududga nisbatan katta adolatsizlik qilinmoqda, shu sababdan men bu yerdaman”, — dedi u.

BMT dengiz sathining ko‘tarilishi va uning Tinch okeanidagi orol davlatlarga tahdidi haqida ikkita alohida hisobot e’lon qildi.

Jahon meteorologiya tashkiloti hisobotida aytilishicha, mintaqada dengiz sathining ko‘tarilishi, okean isishi va kislotalanish darajasi uch baravar oshgan.

“Sababi aniq: asosan qazib olinadigan yoqilg‘ilardan foydalanish natijasida hosil bo‘ladigan issiqxona gazlari sayyoramizni jizg‘anak qilmoqda”, — dedi Guterrish forumdagi nutqida. “Dengiz tom ma’noda issiqlikni yutadi”.

Bu yilgi forum mavzusi “Transformativ bardoshlilik” bo‘ldi. Ochilish kunida mehmonlar suv toshqinlari yoki zilzila tufayli evakuatsiya qilingan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi yangi binoni sinovdan o‘tkazdi.

BMT e’lon qilgan hisobotlardan biri “Qiziyotgan sayyoradagi dengizlarning ko‘tarilishi” deb nomlandi, unda o‘rtacha global dengiz sathi so‘nggi 3000 yil ichida misli ko‘rilmagan darajada ko‘tarilayotgani aytiladi.

Hisobotga ko‘ra, so‘nggi 30 yil ichida suv sathi o‘rtacha 9,4 santimetrga ko‘tarilib, Tinch okeanining tropik qismida 15 santimetrga yetgan.

Guterrish Tinch okeani orollari forumi yetakchilari yig‘ilishida ikkinchi bor ishtirok etmoqda. Har yili o‘tkaziladigan tadbir Tinch okeanidagi 18 ta orol, jumladan Avstraliya va Yangi Zelandiya rahbarlarini bir joyga jamlaydi.

Bu gal yetakchilar rasmiy ochilish marosimiga yig‘ilgan paytda kuchli yomg‘ir yog‘ib, suv toshqinlari yuz berdi. Ko‘p o‘tmay, Tonga mintaqasida 6,9 magnitudali zilzila qayd etildi — bu uning qanchalik zaifligini ko‘rsatadi, deyiladi BBC xabarida.

2019 yilda Guterrish Tuvaluga borib, u yerda dengiz sathining ko‘tarilishi haqida ogohlantirgandi. Besh yil o‘tib, u chinakam o‘zgarishlarni ko‘rganini aytdi.

“Muammo shundaki, Tinch okeani orollari yana bir katta adolatsizlikka duchor bo‘lmoqda — qiyin ahvoldagi mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud xalqaro moliyaviy vositalar bunday davlatlar uchun mo‘ljallanmagan”.

Konferensiyada qatnashgan ko‘pchilik mintaqadagi eng yirik donor va zaharli gaz chiqindisi manbai Avstraliyani ajratib ko‘rsatishdi.

Qazib olinadigan yoqilg‘idan bosqichma-bosqich voz kechish haqidagi chaqiriqlarga qaramay, 2024 yil boshida bosh vazir Entoni Albaneze Avstraliya bunday energiya manbalarini gaz qazib olish va foydalanishni “2050 va undan keyingi yillarda” ham davom ettirishini aytgan.

“Asosiy javobgarlikni atmosferani eng ko‘p ifloslantirayotganlar o‘z zimmasiga oladi”, — dedi Guterrish.

Avvalroq BMT rahbari dunyo aholisini issiqlikdan himoya qilish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirgandi. Tashkilot so‘nggi o‘n yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq davr bo‘lganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid