Jahon | 18:14 / 28.08.2024
20456
12 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Ukraina ballistik raketasini yaratganini aytdi. Kiyevning raketa dasturi haqida nimalar ma’lum?

27 avgust kungi matbuot anjumani vaqtida Volodimir Zelenskiy Ukraina o‘zining ilk ballistik raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini aytdi. Bu ukrain harbiy-sanoat kompleksining urush borishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan yutug‘i, ammo ukrainlar prezidenti aynan qanday ishlanma haqida gapirgan bo‘lishi mumkin?

Fotokollaj: Defense-UA

«Xo‘sh, men bu haqda gapirishga hali erta deb o‘yladim, lekin ... Ukrainaning birinchi ballistik raketasi sinovi ijobiy bo‘ldi. Harbiy-sanoat kompleksimizni bu bilan tabriklayman», — dedi Zelenskiy tafsilotlarga to‘xtalmasdan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, o‘zining ballistik raketasi yaratilishi harbiy-sanoat kompleksidagi ukrain mutaxassislarining yuqori darajasidan dalolat beradi.

Zelenskiy iyul oyidayoq Ukraina raketa dasturidagi «yaxshi dinamika» haqida gapirgandi.

«Bizning raketa dasturimiz yaxshi dinamikaga ega, va bu qiyin vazifa bo‘lsa ham, biz asta-sekin faqatgina hamkorlar ta’minotiga tayanib qolmasdan, o‘z raketalarimizdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishga yaqinlashyapmiz», — degandi prezident.

Zelenskiy ukrainlar ballistik raketasi haqida 27 avgust kungi matbuot anjumanida gapirgan

Shu bilan birga, ukrain armiyasi ixtiyorida bungacha ham ballistik raketalar mavjud edi.

Bu sovetlar davriga mansub eski «Tochka-U» kompleksi bo‘lib, uning harakatlanish masofasi atigi 120 km va raketalar miqdori cheklangandi. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlariga Amerikaning 300 km masofaga zarba bera oluvchi ATACMS raketalari yetkazib berilgan, ammo Oq uy Kiyevga ularni Rossiya hududiga zarba berish uchun qo‘llashni qat’iyan taqiqlagan.

Shu tufayli o‘zining uzoq masofaga harakatlanuvchi ballistik raketalarini yaratish so‘nggi yillarda ukrain harbiy-sanoat kompleksi uchun ustuvor vazifa bo‘lib turgandi.

Zelenskiyning bayonoti nima uchun muhim yutuqdan darak berayotganini tushuntirish uchun ballistik raketalar o‘zi nima ekani va Ukraina nima uchun qariyb 20 yil mobaynida o‘zining shunday qurollarini ishlab chiqa olmaganini izohlash kerak bo‘ladi.

Muhim qurol

Qanotli raketalardan farqli o‘laroq, ballistik raketalar yakuniy bosqichda nishon tomon qariyb tik holatda hujum qiladi — va buni shunday tezlikda amalga oshiradiki, havo hujumidan mudofaa tizimi uni qaytarishi deyarli imkonsiz bo‘ladi.

Bunday raketalar quruqlikdagi statsionar uchirish qurilmalaridan yoki harakatlanuvchi qurilmalardan, shuningdek, kemalar, suv osti kemalari va samolyotlardan uchirilishi mumkin.

Raketalar oskolka-fugasli, kassetali va hatto yadroviy jangovar qismni tashiy oladi.

Ballistik raketalar uchish masofasiga qarab kichik masofali (250-1000 km), o‘rta (1000-2500-4500 km) va qit’alararo (4500-6000 km) raketalarga bo‘linadi.

Kuchi, tezligi va aniqligi ballistik raketalarni Rossiya armiyasidagi eng yuqori aniqlikdagi qurollardan biriga aylantirgan.

Rossiya ballistik raketasi bilan 1 iyul kuni Poltava oblastidagi «Mirgorod» aerodromiga zarba berilishi. RF mudofaa vazirligi ukrainlarning 7 ta qiruvchi samolyoti yo‘q qilingani va zararlangani haqida ma’lumot bergan. Ukraina buni tasdiqlamagan

Ukrainadagi harbiy harakatlar teatrida va front ortidagi muhim nishonlarga zarbalar berishda aynan ballistik raketalar qo‘l keladi — ular asosan «Iskander-M» tizimlaridan uchiriladi.

Bu 7,2 m uzunlikdagi, jangovar kallagi qariyb 500 kg bo‘lgan, final bosqichida 2100 m/s tezlikda uchadigan qudratli raketadir.

Ya’ni «Iskander» o‘zining maksimal masofasini (400-500 km) 5-6 daqiqa ichida bosib o‘tishi mumkin. Rossiyaliklar uni nisbatan yaqinroq masofalardan uchirayotgani hisobga olinsa, parvoz vaqti yanada qisqaradi.

Xususan, RF armiyasi «Iskander»lardan Poltava, Dnipropetrovsk va Kirovograd oblastlaridagi harbiy aerodromlarga, shuningdek HIMARS va Patriot raketa tizimlariga hujum qilish uchun foydalangan.

Odatda hujumlar quyidagicha ko‘rinishda bo‘ladi: rossiyaliklarning razvedkachi droni nishonni aniqlaydi, uning koordinatalarini uzatadi, ballistik raketa esa bir necha daqiqa o‘tib raqib obektiga zarba beradi.

Tez-tez va ancha samarali foydalanish shunga olib keldiki, Rossiya, katta ehtimol bilan, o‘z ballistik raketalari zaxirasining kattagina qismini sarflab yubordi. Natijada mamlakat Shimoliy Koreyaga murojaat qilishiga to‘g‘ri keldi — koreyslar yetkazib berilgan raketalar allaqachon Ukraina bo‘ylab zarbalar yo‘llashda foydalanilmoqda.

Ballistik raketalarni urib tushirish — ukrainlarning havo hujumidan mudofaa tizimi uchun eng qiyin vazifalardan biri sanaladi. Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon RF Ukraina bo‘ylab «Iskander» rusumli ballistik raketalardan 1300 tasini uchirgan, shundan faqat 56 tasini to‘xtatishning imkoni bo‘lgan.

Ya’ni Rossiya-Ukraina urushi uchun aynan ballistika favqulodda muhim ahamiyatga ega: u tomonlardan biriga jiddiy ustunlik beradi.

Shunga ko‘ra, ukrainlarning o‘z ballistik raketasini ishlab chiqarish mamlakat mudofaa sanoati uchun ustuvor vazifa bo‘lishi kerak edi. Muammo shundaki, oldingi 20 yil mobaynida bu ishning uddasidan chiqilmagan.

Ukraina ballistik raketalari tarixi

Ukrainaning o‘z ballistikasini yaratish haqida 2000-yillar boshida, Viktor Yushchenko prezidentligidayoq o‘ylay boshlashgan.

O‘shanda «Sapsan» operativ-taktik raketa kompleksi ishlab chiqilishi haqida e’lon qilingandi, u amalda rossiyaliklarning «Iskander» tizimi muqobili bo‘lishi ko‘zda tutilgandi. Ukrainlar kompleksi ham 500 km masofagacha bo‘lgan nishonga zarba berishi hamda 500 kg atrofidagi jangovar kallakka ega bo‘lishi kerak edi.

«Grom-2» operativ-taktik raketa kompleksining uchirish qurilmasi. Bu Ukraina «Sapsan» bazasida Saudiya Arabistoni uchun yaratgan raketa kompleksi loyihasi bo‘lgandi. Foto: TSN

Bu loyihani 2012 yilda yakunlash mo‘ljallangandi, ammo moliyalashtirish yetarli bo‘lmagani tufayli muddat ortga surilib boradi. Viktor Yanukovich prezidentligi davrida,  2013 yil iyunida loyiha kutilmaganda to‘xtatiladi.

«Sapsan» loyihasi butkul yopilgani to‘g‘risida Ukrainaning o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Pavel Lebedev e’lon qilgan. Hozir u davlatga xiyonat qilishda ayblanib qidiruvga berilgan, ma’lumotlarga ko‘ra, u Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimda yashiringan.

Ammo 2016 yilda «Sapsan» loyihasi «Grom-2» eksport nomi ostida qayta tiklanishi ma’lum bo‘ladi. Ukraina 280 km masofaga harakatlanuvchi bunday kompleksni go‘yoki Saudiya Arabistoni buyurtmasi bilan yaratishni boshlagani aytiladi.

2021 yil fevralida mudofaa vaziri Andrey Taran «Sapsan» 80 foizga tayyorligi va «so‘nggi qadamni tashlash» va ushbu zamonaviy qurolning ilk namunasini ishlab chiqishni oxirigacha yetkazish qolganini ma’lum qiladi.

O‘sha yil aprelida esa uning o‘rinbosari Andrey Mironyuk operativ-taktik raketa kompleksining ilk batareyasi tayyorligi darajasi 70 foizni tashkil etayotganini aytgan.

Bu batareya ikkita uchirish qurilmasi va zaryadlovchi mashinalar, shuningdek imkon qadar qisqa vaqt ichida barcha sinovlarni o‘tkazish uchun ikkita boshqaruv mashinasini (divizion va batareya darajasi) o‘z ichiga olishi kerak edi.

Rossiya bilan keng ko‘lamli urush boshlangach, ukrainlar raketa dasturi haqidagi rasmiy ma’lumotlar yanada kamayadi. Shu bilan birga, Moskva go‘yoki ukrainlarning «Grom-2» ballistik raketalari urib tushirilgani to‘g‘risida bir necha marta xabar beradi.

Bundan tashqari, ukrain huquq-tartibot organlari 2022 yil kuzida Dniprodagi «Yujnoye» konstruktorlik byurosi xodimini josuslikda gumonlab qo‘lga olgan. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, u Rossiya maxsus xizmatlariga xususiy korxonada «Sapsan»lar ishlab chiqarilishi haqida ma’lumot yetkazgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil yozida bu raketa kompleksi tayyor va ishlab chiqarish bosqichida bo‘lgan.

«Yujnoye» konstruktorlik byurosida «Sapsan» uchun raketa. Shu vaqtga qadar ukrainlar ballistikasi muvaffaqiyatli sinovi haqida oshkora aytilmagandi

2024 yil avgustida harbiy ekspert va «Vernis jivym» fondi rahbari Taras Chmut Ukraina «Sapsan»ning uch xil modifikatsiyasini ishlab chiqayotganini aytadi, ammo ular qay jihatlari bilan farqlanishiga to‘xtalmaydi.

«Afsuski, Ukraina davlati bu komplekslarni faqat 2022 yilga kelib moliyalashtira oldi», — deya qayd etgan u.

Harbiy tahlilchi Nikolay Beleskov prezident Zelenskiyning bayonotida gap aynan «Sapsan» kompleksi uchun ballistik raketalar muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgani haqida ketganiga ishora qilgan.

«Bekor qilinganidan muvaffaqiyatli sinovga qadar 11 yildan ko‘proq vaqt o‘tdi», — deya yozgan u feysbukda «Sapsan» loyihasi 2013 yil iyunida to‘xtatilgani haqida chiqqan xabardan skrinshot keltirib.

Ammo bu ishlanma harbiy sharoitlarda qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lishi haqida gapirishga hali erta. Buni faqat vaqt ko‘rsatadi.

Agar ukrainlarning ballistik raketasi yetarlicha tezkor, kuchli va aniq boruvchi bo‘lib chiqsa, hatto Moskva ham xavf doirasida qolishi mumkin, Ukraina chegarasidan Rossiya poytaxtiga qadar masofa taxminan 460 kilometrni tashkil etadi.

Tahlil: bu nima uchun muhim bo‘lishi mumkin

BBC harbiy sharhlovchisi Pavel Aksenov — ukrainlarning ilk ballistik raketasi haqida

Ukrainlar «Palyanitsa» qanotli raketasini yaratishgani ma’lum bo‘lganidan ikki kun o‘tib Zelenskiy ballistik raketa sinovdan o‘tkazilgani haqida ma’lum qildi.

Bu e’londa ajablanarli hech narsa yo‘q. Ukraina — sovetlar davridan buyon aviatsiya sanoati rivojlangan, yirik raketa korxonalari — «Luch» va «Yujmash» konstruktorlik byurolari bo‘lgan mamlakatdir. Ukraina samolyotlar va kosmik raketalar yasagan.

Hatto urush sharoitida ham, ukrainlarning harbiy-sanoat korxonalari rossiyaliklarning raketa zarbalariga uchrab, faoliyat yuritishi qiyinlashgan holatda ham mamlakatda mutaxassislar va texnologiyalar mavjudligicha qolmoqda.

Shu tufayli ballistik raketa yaratilishining o‘zi umuman imkonsiz ish bo‘lib ko‘rinmaydi.

Ballistik raketa haqida butunlay kutilmaganda e’lon qilingan «Palyanitsa» qanotli raketalaridan farqli o‘laroq ayrim ma’lumotlar ma’lum bo‘lsa-da, uning masofasi, hajmi, uchirish tizimi haqida hech narsa ma’lum emas.

Shu bilan birga, sovetlarning «Grad» tizimi raketalari va ukrainlarning undan ham uzoqroqqa uchuvchi «Olxa» raketalari hamda Amerikaning MGM-140 ATACMS raketalarini ham ballistik deb hisoblash mumkin.

Agar bu yangi raketa «Tochka U» yoki ATACMS kabi operativ-taktik klassga mansub bo‘lsa, shuningdek, agar Ukraina uni qanotli raketalar bilan birgalikda ishlab chiqara olsa, ularning birgalikda qo‘llanishi Rossiyaning chegara hududlaridagi vaziyatni ancha og‘irlashtiradi — bir necha zarba berish vositalari kombinatsiyalashgan holda qo‘llanganida bunday hujumni qaytarish juda qiyin bo‘ladi.

Bundan tashqari, bunday vositalardan Rossiyaga zarba berishni hech kim cheklay olmaydi.

Hozircha bu qurollar salohiyatini baholash qiyin — ular haqida deyarli hech narsa ma’lum emas, jumladan tayyorlik darajasi va ishlab chiqarish imkoniyatlari ham.

Ammo ishonch bilan aytish mumkinki, g‘arb ta’minoti cheklangan sharoitda ukrainlar mustaqil qurollanishga bel bog‘lagan.

Mavzuga oid