Sport | 10:24 / 30.08.2024
4701
7 daqiqa o‘qiladi

«Real» mavsum startida ikkinchi bor ochko yo‘qotdi

Jamoa uch o‘yinda jami besh ochko to‘plagan. Mbappe esa hali ligadagi birinchi golini urmadi.

Foto: Florencia Tan Jun/Getty Images

La Liga3-tur
«Las
-Palmas»  «Real» 1:1
Gollar:
Moleyro (5) — Vinisius (68, penalti). 
«Las-Palmas» – Sillessen, Marmol, Makkenna, Suares, Marvin, Kampanya (Luaodis, 81), Moleyro (Benito Ramires, 61), Rodriges (Fuster, 81), Xavi Munyos, Sandro Ramires (Viti, 78), Makberni (Mata, 78).
«Real» – Kurtua, Mendi (Fran Garsiya, 46), Ryudiger, Militao, Vaskes (Karvahal, 76), Chuameni, Valverde, Vinisius (Endrik, 86), Modrich (Guler, 64), Dias (Rodrigo, 46), Mbappe.
Ogohlantirishlar: Mendi (40), Militao (88).

«Real» Ispaniya chempionatining yangi mavsumida ikkinchi bor ochko yo‘qotdi. Uchinchi turda Karlo Anchelotti jamoasi safarda «Las-Palmas»ni mag‘lub etolmadi. Madridliklar endi «Barselona»dan to‘rt ochkoga ortda qolmoqda.

Dastlabki ikki turdan keyinoq Anchelotti Kilian Mbappeda gol yo‘qligi to‘g‘risidagi savolga javob berishiga to‘g‘ri kelgandi:

«Mbappe o‘smoqda. U ishlamoqda, jarayon yaxshi ketmoqda. Moslashish ham. Kilian hali La Ligada gol urmagani xavotirga soladimi? U oxirgi bor 14 avgust kuni gol urgandi! Atigi ikki hafta o‘tdi. Xavotirlanadigan narsa yo‘q. Unda ham, bizda ham. U gol urishni xohlaydi, bu tushunarli. Va u uradi…

Mbappening markazdagi pozitsiyasi uning jamoa o‘yiniga hissasini kamaytiradimi? Yo‘q, men bunday o‘ylamayman. Mbappe – ajoyib hujumchi, u juda tezkor, to‘psiz yaxshi harakatlanadi. Unda uchta imkoniyat bo‘ldi. O‘ylaymanki, u bu pozitsiyadan gol uradi, doim urib kelganidek. Uni o‘ngga yoki chapga o‘tkazish kerak deb o‘ylamayman. U shu yerdan gollar uradi».

Hozircha Mbappe va «Real», albatta, Anchelotti ko‘rishni istaydigan holatda emas. Ispaniyaning amaldagi chempioni «Las-Palmas» bilan o‘yinda ham katta qiyinchilikka uchradi. Ayniqsa uchrashuv debyutida «qaymoqranglilar» umuman o‘ziga o‘xshamadi. Mezbonlar yengilroq va keskinroq harakatlandi, mehmonlar esa og‘ir yuk bosib turgandek. Bu yozda milliy jamoalar safida yirik turnirlarda ishtirok etgan futbolchilar bugungi kunda turlicha sport formasida ekani bilan ham bog‘liq.

«Las-Palmas» beshinchi daqiqadayoq ilk xavfli hujumni gol bilan yakunladi. Mezbonlar «Real» mudofaasini markazdan yorib o‘tishdi. Shotlandiyalik markaziy forvard Makbarni to‘pni Moleyroning yo‘liga tashlab berdi, u esa mohirlik bilan Militaoni yo‘ldan oldi va yerlatib uzoq burchakni aniq nishonga oldi, Kurtua bu to‘pga yetolmasdi. Anchelottida markaziy havbek va markaziy himoyachilarga savol bo‘lishi aniq. Qolaversa, besh daqiqa o‘tib Tchuameni to‘p yo‘qotishi ortidan Makbarni ikkinchi golni ham urishi mumkin edi.

«Real» bo‘limning ikkinchi qismida faollashgan bo‘lsa-da, futbolchilarga hujumda tezkorlik yetishmadi. Ilk golli vaziyat standartdan keyin yuzaga keldi. «Barselona»ning sobiq posboni Sillessen Valverde markazdan yerlatib bergan murakkab zarbani qaytardi. Mbappening jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi esa unga umuman qiyinchilik tug‘dirmadi. «Las-Palmas» himoyachilari uning boshqa hujumlarini ham to‘xtatishdi. Tanaffus arafasida «Real» jarima maydonida bahsli vaziyat yuzaga keldi: Makbarni Ryudiger bilan yakkakurashdan keyin gazonga yiqildi – tribunadagilar shovqin ko‘tarishdi va penalti talab qilishdi. Ammo videotakrorda shotlandiyalik futbolchi o‘zi yiqilishni ko‘proq xohlagani ko‘rinib qoldi.

Tanaffusda Anchelotti ikkitalik almashtirish amalga oshirib, Mendi va Diasni maydondan olib, Fran Garsiya va Rodrigoni tushirdi. «Real» murabbiyi qanotlarni yangiladi, shunga qaramay, chempionlarga golli vaziyatlar yaratishda nimadir yetishmasdi. «Las-Palmas» esa ikkinchi bo‘lim boshida ham tezkor gol urishga yaqin keldi. Kilian gol ura olmayotgan pallada Kiryan qahramonga aylanishi mumkin edi – mezbonlar havbeki Rodriges. «Las-Palmas» chap qanotda yaxshi kombinatsiya uyushtirdi, keyin esa Kiryan nozik pas bilan Ramiresni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi. Ammo «Barselona»ning sobiq hujumchisi «Real»ni kechirdi.

Lekin «Real» baribir saviya hisobiga muvozanatni tikladi. Mezbonlar ikkinchi bo‘limda charchab qolishdi. Madridliklar standartlar evaziga xavfli hujumlar uyushtirdi. Avvaliga Tchuameni Modrichning burchakdan uzatmasidan keyin bosh bilan gol urishi mumkin edi, keyin esa Anchelotti shogirdlari penalti ishladi. Yaqqol fol – Suares to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi. 11 metrlik jarima zarbasini esa Mbappe emas, balki Vinisius Junior ijro etdi. Braziliyalik hujumchi markazroqdan kuchli bo‘lmagan zarba berdi. Sillessen seyv qilishi mumkin edi, ammo to‘pga yeta olmadi.

«Real» tashabbusni qo‘lga oldi, «Las-Palmas» o‘yinning oxirgi qismida qarshi hujumlar ham uyushtira olmay qoldi va hisobni ushlashga o‘ynadi. Natijada chempionlar zarbalar berish bo‘yicha yaqqol ustunlikka erishdi – 25:7 (jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar bo‘yicha – 18:4, darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha – 8:2). Bu zarbalardan to‘qqiztasi Mbappe tomonidan yo‘llandi, ammo «qaymoqranglilar»ning yangi yulduzi bu safar ham maydonni golsiz tark etdi. 85-daqiqada Kilian o‘zi uchun qulay vaziyat yaratdi, ammo yaqin masofadan turib aniq zarba yo‘llay olmadi. «Las-Palmas» esa kutilmaganda standart vaziyatdan keyin darvozani ishg‘ol etdi! Ammo ofsayd qayd etildi va durang hisob saqlanib qoldi.

Mavzuga oid