Jahon | 10:14 / 31.08.2024
2065
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliya sudi X platformasini bloklashga qaror qildi

X mikrobloglar xizmati egasi Ilon Mask o‘zining ijtimoiy tarmog‘ini bloklashga qaror qilgan braziliyalik sudyani «yovuz diktator» deb atadi.

Foto: STJ

Braziliya Federal oliy sudi sudyasi Aleshandre di Morais Milliy telekommunikatsiya agentligiga X ijtimoiy tarmog‘ining butun mamlakat bo‘ylab ishini 24 soat ichida to‘xtatishni buyurdi, deb xabar bermoqda jahon OAV 30 avgust, juma kuni.

Braziliyaning Globo telekanali o‘z saytida ta’kidlaganidek, avvalroq amerikalik milliarder Ilon Maskka tegishli mikrobloglar servisi mamlakatdagi qonuniy vakilini 24 soat ichida tayinlash talabiga amal qilmagan. X'dan foydalanishni taqiqlashni chetlab o‘tishga harakat qilgan har qanday shaxs yoki kompaniya, masalan, VPN'dan foydalangan holda, kuniga 50 000 real jarima to‘lashi kerak, deya qaror qildi sudya.

Bundan tashqari, sud Google va Apple'ga keyingi besh kun ichida Braziliyadagi do‘konlaridan X'ni olib tashlashni buyurdi.

Sud qarorlariga munosabat bildirgan Mask o‘zining X sahifasida shunday yozgan: «Aleshandre di Morais - o‘zini sudya qilib ko‘rsatuvchi diktator».

Braziliyada X ofisining yopilishi

X ijtimoiy tarmog‘i avgust oyi o‘rtalarida Braziliyadagi vakilini chaqirib oldi va mamlakatdagi vakili qo‘lga olinishidan qo‘rqib, ofisini yopdi. Avvalroq X rahbariyati Braziliya rasmiylari talabiga ko‘ra, bir qator foydalanuvchilarning, jumladan, sobiq prezident Jair Bolsonaruning o‘ng partiyasiga aloqador qonun chiqaruvchilarning akkauntlarini bloklashdan bosh tortgan edi.

Sudya di Moraisning so‘zlariga ko‘ra, o‘chirib tashlanishi kerak bo‘lgan akkauntlar orqali yolg‘on va noqonuniy ma’lumotlar tarqatilgan. O‘z navbatida, Ilon Mask sudyani senzurada aybladi.

Mavzuga oid