Fan-texnika | 20:39 / 03.09.2024
1689
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya sun’iy intellekt kompaniyasini 30,5 mln yevro jarimaga tortdi

Aniqlanishicha, Amerikaning Clearview AI kompaniyasi milliardlab yuz fotosuratlaridan, xususan, niderlandiyaliklarning yuzlaridan foydalangan holda noqonuniy ma’lumotlar bazasini yaratgan.

Foto: CBS

Niderlandiya Ma’lumotlar himoyasi boshqarmasi yuzni tanishga mo‘ljallangan dasturiy ta’minoti bilan tanilgan Amerikaning Clearview AI kompaniyasini 30,5 million yevro jarimaga tortdi.

Qayd etilishicha, Clearview kompaniyasi milliardlab yuz fotosuratlaridan, xususan, niderlandiyaliklarning yuzlaridan foydalangan holda noqonuniy ma’lumotlar bazasini yaratgan. Kompaniya insonlarning suratlarini internetdan «qirqib olgan». Dasturiy ta’minotdan razvedka va tergov xizmatlari foydalana oladi.

«Agar suratingiz internetda bo‘lsa, u Clearview ma’lumotlar bazasida bo‘lishi va sizni kuzatishlari mumkin. Bu qo‘rqinchli filmlardagi oxirzamon ssenariysi emas», — deydi boshqarma raisi Aleyd Volfsen.

Volfsen bunday turdagi dasturiy ta’minot maxsus xizmatlar uchun muhimligini tushunishini, lekin uni tijoriy kompaniya boshqarmasligi kerakligini ta’kidladi. «Masalan, politsiyaning o‘zi qat’iy nazorat ostida dasturiy ta’minot va ma’lumotlar bazasini boshqarishi kerak», — deydi u.

Ma’lumotlar himoyasi boshqarmasiga ko‘ra, mamlakatda Clearview dasturiy ta’minotidan foydalanish taqiqlangan. Bundan tashqari, nazorat organi kompaniyaga nisbatan maksimal qiymati 5 million yevrodan ortadigan penya ham qo‘llagan.

Nashrning yozishicha, Clearview jarimaga qarshi hech qanay da’vo kiritmagan, tergov bilan hamkorlik qilmagan va ularga javob qaytarmagan. Shu boisdan kompaniyaning jarimani to‘lamaslik xavfi bor.

Amerika kompaniyasi oldinroq Fransiya, Buyuk Britaniya va Avstriyada jarimaga tortilgan edi. «Clearview Fransiya hukumatiga hech qachon jarima to‘lmagan. Bu rostdan ham katta muammo», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid