Jahon | 22:15 / 04.09.2024
4284
2 daqiqa o‘qiladi

Greta Tunberg G‘azo sektoridagi urushga qarshi o‘tkazilgan norozilik aksiyasida hibsga olindi

Faollar Kopengagen universiteti Isroil ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni davom ettirayotgani uchun OTMga kirish yo‘lagini to‘sib qo‘ygan. Natijada politsiya namoyishchilarning olti nafarini qo‘lga olgan.

Foto: Globe Eye News

Daniya politsiyasi taniqli ekofaol Greta Tunbergni Kopengagenda G‘azo sektoridagi urushga qarshi o‘tkazgan norozilik namoyishi vaqtida hibsga oldi, deb xabar beradi The Guardian.

Politsiya vakilining ma’lum qilishicha, 4 sentabr kuni Kopengagen universitetida 20 kishi binoga kirishni to‘sib qo‘ygani uchun ularning olti nafari qo‘lga olingan.

Politsiya hibsga olinganlarning shaxsini tasdiqlashdan bosh tortgan, ammo «Talabalar bosqinchilikka qarshi» tashkilotiga ko‘ra, ular orasida 21 yoshli Tunberg ham bor.

Extra Bladet yangiliklar nashri tomonidan e’lon qilingan Tunbergning suratida unga kishanlar taqilgani tasvirlangan. Shu bilan birga Tunberg o‘zining Instagram sahifasi orqali politsiya binoga kirishdagi tartibsizlikka qarshi kurashgani tasvirlangan suratlarni bo‘lishgan.

«Men hibsga olinganlar shaxsini tasdiqlay olmayman… Ular binoga noqonuniy kirganlikda va kirish yo‘lagini to‘sib qo‘yganlikda gumonlanmoqda», — deydi Kopengagen politsiyasi vakili.

«Talabalar bosqinchilikka qarshi» tashkiloti tomonidan e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, «Falastinda vaziyat tobora yomonlashayotgan bir vaqtda Kopengagen universiteti Isroil ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni davom ettirmoqda».

Stokholm sudi Greta Tunbergni mart oyida Shvetsiya parlamentiga asosiy kirish yo‘lini ikki marta to‘sib qo‘ygani uchun 6000 shved kronasi (taxminan 512 yevro) miqdorida jarimaga tortgandi. Undan oldin ham Tunberg Shvetsiyada namoyishlarda qatnashgani uchun ikki marta jarimaga tortilgan.

Mavzuga oid