Jahon | 17:52 / 04.09.2024
6466
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda amaldor daryoda cho‘kib ketdi. G‘avvoslar ish haqini olmaguncha uni qutqarishdan bosh tortgan

G‘avvoslar amaldorning do‘stlaridan 10 ming rupiya so‘ragan va pul kartaga tashlangandan keyingina suvga sho‘ng‘igan.

Foto: The Times of India

Hindistonda amaldor Gang daryosida cho‘kib ketdi, g‘avvoslar o‘z xizmatiga pul olmaguncha uni qutqarishdan bosh tortdi. Bu haqda Hindistonning The Times of India va Deccan Herald nashrlari xabar bermoqda.

Uttar Pradesh shtati sog‘liqni saqlash departamenti direktori o‘rinbosari 45 yoshli Aditya Vardxana Singxa 31 avgust kuni do‘stlari bilan daryo bo‘yida dam olgan. Yaxshi kadr olish uchun ular qayiqqa o‘tirib, cho‘milishga tavsiya etilgan zonadan nari ketishgan.

Ammo suratga olish vaqtida erkak sirg‘anib ketib, suvga qulagan.

“U suzishni bilgan, lekin kuchli oqim uni surib ketgan”, — deydi mutaxassislar. Qidiruvga nafaqat qutqaruvchilar, balki politsiya va xususiy g‘avvoslar ham qo‘shildi. 2 sentabr kungi ma’lumotlarga ko‘ra, erkakning jasadi haligacha topilmadi.

Adityaning do‘stlari aytishicha, amaldor daryoga qulaganida, g‘avvoslar 10 ming rupiya (121 dollar) to‘lanmaguncha uni qutqarishga kirishishdan bosh tortgan.

“Naqd pulimiz yo‘qligini aytsak, ular onlayn to‘lov talab qildi. Pul kelib tushib, ular suvga sakragunicha Adityani oqim surib ketdi” — deydi amaldorning do‘stlari.

Rasmiylar esa g‘avvoslar kater yoqilg‘isi uchun pul so‘ragan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

“Agar ayblovlarda zarracha haqiqat bo‘lsa, g‘avvoslarga qarshi qonuniy choralar ko‘ramiz”, — deb ta’kidladi politsiya.

Mavzuga oid