Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni terrorizmga qarshi kurashning asosi deb hisoblaymiz – Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev ShHT va MDH tuzilmalari ishtirokidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida O‘zbekistonda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyasini izchil amalga oshirayotganini ta’kidladi. Shuningdek, davlat rahbari mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida ushbu davlatlar maxsus xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini bildirdi.
4-5 sentabr kunlari Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Aksilterror markazining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan Xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev forum qatnashchilariga murojaat yo‘llab, ushbu muhim xalqaro tadbir mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida yakdillik va hamkorlikka intilishni tasdiqlashini ta’kidladi.
«Konferensiya kun tartibiga eng muvaffaqiyatli milliy tajribalarni o‘rganish, terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik hamda fan va ta’lim sohasida almashinuvning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, ekstremizm va radikalizm g‘oyalarining tarqalishiga imkon bermaslik bo‘yicha amaliy vositalarni shakllantirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishning oldini olish borasidagi vazifalarga oid dolzarb masalalar kiritilgan.
Aminmanki, ertaga mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan «Sharq – Aksilterror – 2024» qo‘shma aksilterror mashg‘ulotlari ham xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlarga qarshi kurashishda o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirish va maxsus kuchlar bo‘linmalarining salohiyatini oshirishga xizmat qiladi», — deyiladi murojaatda.
Murojaatda aytilishicha, geosiyosiy keskinlik va nizolarning kuchayishi, o‘zaro ishonch taqchilligi terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Shu bilan birga, kibermakonda xavf-xatar va tahdidlar kuchayib bormoqda. Bunda noqonuniy faoliyat, yollash va radikal g‘oyalarni targ‘ib etish bo‘yicha faol ishlar milliy chegaralar va qonunchilik normalarini tan olmaydigan internet tarmoqlari hamda kanallari vositasida tobora ko‘p amalga oshirilmoqda. Buning oqibatida bugungi kunda aholining nisbatan zaif qatlamlari vakillari, jumladan, bizning yoshlarimiz va mehnat migrantlari «onlayn manqurtlashtirish» qurboniga aylanmoqda, turli noqonuniy guruhlarga jalb etilmoqda va jinoyat sodir etmoqda».
Shu bois qonunchilik bazasini takomillashtirish va xalqaro tashkilotlar doirasida bunday tahdidlarni bartaraf etish, ularga tezkorlik bilan javob qaytarish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish eng muhim vazifalar hisoblanadi.
«Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyasi keng qamrovli, inklyuziv va tizimli yondashuvga asoslangan bo‘lib, profilaktik va preventiv choralarni qo‘llash hamda vaqtida amaliy javob qaytarishni o‘zida mujassam etadi. Jamiyatda hamjihatlik muhitini mustahkamlash va ochiq muloqotni rivojlantirish, ta’lim-tarbiya sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ish o‘rinlarini yaratish va aholining ishonchli ijtimoiy himoyasini ta’minlash bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi.
Shu bilan birga, biz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va ilgari surish, qonun ustuvorligi tamoyiliga so‘zsiz rioya etishni terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishning fundamental asosi deb hisoblaymiz», — deydi O‘zbekiston prezidenti.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya izchil amalga oshirayotgani, «qaynoq nuqtalar»dan qaytarib olib kelingan shaxslarni tinch hayotga moslashtirilayotgani haqida aytib o‘tgan. Ma’lum bo‘lishicha, ShHT va MDH doirasida mamlakatlar maxsus xizmatlari faoliyati muvofiqlashtirib boriladi.
«Murojaatimning yakunida shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, mintaqada mustahkam tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida yaqin hamkorlik va mamlakatlarimiz maxsus xizmatlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish kelgusida ham davlatlararo hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi», — degan prezident Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
18:15 / 10.12.2024
«Inson huquqlari qudratli davlatning asosiy belgisidir» - tarixiy deklaratsiyaga 76 yil to‘ldi
15:49 / 02.11.2024
O‘zbekistonda har 100 ming aholiga 68 nafar mahkum to‘g‘ri kelmoqda
17:10 / 17.10.2024
Islom olamining zabardast ulamolari Toshkentda jamlandi - fotoreportaj
20:48 / 09.10.2024