Jahon | 14:10 / 04.09.2024
3352
4 daqiqa o‘qiladi

Navalniyning o‘limi: prokuratura ish qo‘zg‘atmaslik haqidagi qarorni bekor qildi

Prokuratura qarori Navalniyning o‘limi bo‘yicha ish ochiladi degani emas, deb hisoblaydi muxolifatchi siyosatchining ittifoqchisi Ivan Jdanov: «Ular uning qotilini qanday qilib boshqacha ko‘rsatish haqida o‘ylashadi».

Foto: Sefa Karacan/AA/picture alliance

«Tergovning Rossiya koloniyasida muxolifatchi Aleksey Navalniy o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atmaslik haqidagi qarori prokuratura tomonidan bekor qilindi», deb xabar berdi siyosatchi ittifoqchisi Ivan Jdanov 3 sentabr, seshanba kuni.

«Material Rossiya Tergov qo‘mitasining Yamal-Nenets avtonom okrugi bo‘yicha alohida muhim ishlarni tergov qilish bo‘limiga yuborilgan», deyiladi Rossiya Federatsiyasi YaNAO prokuraturasi qarorida. Jdanov o‘zining Telegram-kanalida uning fotonusxasini joylashtirdi.

Uning fikricha, bu qadam «jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini anglatmaydi». Bu shuni anglatadiki, ular Aleksey Navalniyning o‘ldirilishini boshqacha ko‘rsatish haqida o‘ylashadi yoki tekshiruv cheksiz muddat davomida o‘tkaziladi, dedi Jdanov.

Shifokorlar «FSIN» xodimlari Navalniyning o‘limi uchun jazolanishini talab qildi

Yuzdan ortiq rossiyalik shifokorlar jinoiy ish qo‘zg‘atilishini va Yamal-Nenets avtonom okrugidagi koloniyada muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limiga aloqador «FSIN» xodimlarini javobgarlikka tortishni talab qildi. «Shubhasiz, Aleksey Navalniyning o‘limi Federal jazoni ijro etish xizmati xodimlarining o‘z vazifalariga beparvolik bilan munosabatda bo‘lishi natijasida sodir bo‘lgan», deyiladi 26 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasiga mo‘ljallangan bayonotni imzolagan 106 shifokor xatida.

Shifokorlar Tergov qo‘mitasining siyosatchi bevasi Yuliya Navalnaya tomonidan e’lon qilingan, uning o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atishdan bosh tortgan qaroriga ishora qilmoqda. Ushbu hujjatda muxolifatchining o‘limining rasmiy sababi «qo‘shma kasallik: qon tomirlari va organlarning shikastlanishi bilan kechadigan gipertoniya, miya shishi, o‘pka shishi rivojlanishi bilan kuzatilgan diffuz miokardioskleroz» deb nomlanadi. 

Bundan tashqari, bunday organlarning shikastlanishi «qon bosimi sezilarli darajada oshishi hamda uzoq muddatli gipertoniya bilan rivojlanadi», deydi bayonot mualliflari. Ularning eslatishicha, Navalniy muntazam ravishda jazo kamerasiga yuborilgan va har bir bunday holatdan oldin u tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak edi. Bunda muqarrar ravishda qon bosimining sezilarli darajada oshishi aniqlanishi va «gipertenziv terapiya buyurilishi kerak edi». 

«Ammo, Alekseyga gipotenziv terapiya buyurilmagan, mavjud tibbiy qarshi ko‘rsatmalarga qaramay, u muntazam ravishda jazo kamerasiga jo‘natilgan, bu oxir-oqibatda (taqdim etilgan qarorga ko‘ra) o‘pka shishi, miya shishi, qorincha fibrilatsiyasi va o‘lim kabi jiddiy gipertenziya asoratlarining rivojlanishiga olib keldi», - deydi shifokorlar.

Navalniy o‘limining rasmiy sababi aytildi, jinoiy ish qo‘zg‘atish rad etildi

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy o‘limidan 6 oy o‘tib, Tergov qo‘mitasi rasmiy qarorni chiqardi. Uning xotini Yuliya Navalnaya tomonidan e’lon qilingan ushbu hujjatga ko‘ra, Navalniyning o‘limida jinoiy alomatlar yo‘q.

Qayd qilinishicha, o‘limga aritmiya va «bir qancha kasalliklar yig‘indisi» sabab bo‘lgan. Shuning uchun Tergov qo‘mitasi siyosatchining o‘limi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishdan bosh tortgan.

Yuliya Navalnaya so‘zlariga ko‘ra, qarorni mayor Varapayev imzolagan, u Alekseyning jasadini oilasiga berishdan bosh tortgan va onasini yashirin dafn marosimiga rozi bo‘lish uchun «shantaj qilgan».

Mavzuga oid