Jahon | 09:02 / 05.09.2024
2811
2 daqiqa o‘qiladi

Jorjiya shtatidagi maktabda otishma: to‘rt kishi halok bo‘ldi

14 yoshli o‘quvchi Amerika maktabida o‘t ochdi, halok bo‘lganlar va yaralangan bor. Hujum qilgan shaxs qo‘lga olingan.

Foto: Christian Monterrosa/AFP/Getty Images

4 sentabr, chorshanba kuni AQShning Jorjiya shtatidagi «Apalachi» o‘rta maktabida 14 yoshli o‘quvchi o‘t ochdi. Kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana to‘qqiz kishi jarohat olib kasalxonaga yotqizildi, deya xabar beradi Jorjiya shtati tergov byurosi (GBI). Hujum qurbonlari ikki o‘quvchi va ikki o‘qituvchi bo‘lgan.

CNN manbalarining aytishicha, jabrlanganlar soni 30 nafarga yetishi mumkin, ammo ularning qanchasi o‘qdan jarohat olgani noma’lum. Kasalxonaga yotqizilgan o‘quvchilar va bir o‘qituvchi omon qolishi kutilmoqda, deya xabar bermoqda telekanal Barrou okrugi sherifiga tayanib. 

Otishma sodir etgan shaxs avvalroq politsiya tomonidan so‘roq qilingan

Hujum qilgan Kolt Grey ekanligi aniqlanib, u qo‘lga olindi va qotillikda ayblandi. Rasmiylarga ko‘ra, politsiya Uinder shahridagi maktabga otishma boshlanganidan bir necha daqiqa o‘tib yetib kelgan, o‘t ochgan o‘quvchi darhol huquq-tartibot xodimlariga taslim bo‘lgan. 

CNN ta’kidlaganidek, o‘tgan yili maktab o‘quvchisi Grey internetda maktabda otishma uyushtirish bilan tahdid qilgani haqidagi anonim xabarlar yuzasidan politsiya tomonidan so‘roq qilingan edi. O‘sha so‘roq paytida o‘quvchi o‘z aybini tan olmadi.

Uinderda xavfsizlik choralari kuchaytirildi. GBI rahbari Kris Xosi Greyning sherigi borligi haqida hech qanday dalil yo‘qligini aytdi. Shu bilan birga, Xosining aytishicha, politsiya yaqin atrofdagi maktablarda boshqa tahdidlar bor-yo‘qligini tekshirmoqda. 

Mavzuga oid