Jahon | 13:40 / 06.09.2024
3344
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya FVV rahbarining sobiq o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Barishev soxta hujjatlar yordamida Moskva viloyatidagi kvartirani o‘z nomiga o‘tkazib olgan. Kamida 20 million rubllik kvartira musodara qilingan.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Tergov qo‘mitasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Pavel Barishevga nisbatan o‘ta katta hajmdagi firibgarlik (Rossiya Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu haqda 5 sentabr, payshanba kuni idora o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

«Tergov 2017 yildan 2019 yilgacha Barishev uy-joy bilan ta’minlash huquqiga ega ekanligini ko‘rsatadigan soxta hujjatlarni tayyorlaganligi va buning asosida Moskva viloyatidagi kamida 20 million rubl qiymatidagi uch xonali kvartirani o‘g‘irlaganini aniqladi. Kvartiraga xatlov qo‘yilgan», - deyiladi xabarda. Tergov qo‘mitasi Pavel Barishevning qo‘lga olingani haqida aniq ma’lumot bermadi.

Pavel Barishevning karerasi

Barishev 1959 yil 15 iyunda tug‘ilgan, Moskva yo‘l va muhandislik qo‘shinlari oliy qo‘mondonlik bilim yurtini, Harbiy-muhandislik akademiyasining fuqarolik mudofaasi fakultetini tamomlagan. U 2017 yil 2 fevralda prezident farmoni bilan fuqaro mudofaasi bo‘yicha vazir o‘rinbosari etib tayinlangan edi. Bungacha Barishev Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro mudofaasi akademiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Barishevni 2021 yil may oyida lavozimidan ozod qilgan edi. Farmonda iste’foga chiqish sababi ko‘rsatilmagan.

Keyinchalik, Pavel Barishev tabiiy resurslar vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Ushbu lavozimda u idorada davlat sirlarini muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari ijrosi uchun mas’ul bo‘lgan maxsus bo‘limni boshqargan. Barishev, shuningdek, suv resurslari sohasidagi davlat siyosati va tartibga solish bo‘limi va Suv resurslari federal agentligi uchun mas’ul edi. U 19 iyun kuni bosh vazir Mixail Mishustinning farmoni bilan «nafaqaga chiqqanligi tufayli» bu lavozimdan ozod etildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi vazirining o‘rinbosari bo‘lganida Barishev, jumladan, 2019 yil kuzida Krasnoyarsk o‘lkasida to‘g‘on buzilishi oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan. O‘shanda 20 kishi halok bo‘lgan, «ish paytida katta talafotlarga olib kelgan xavfsizlik qoidalarini buzish» moddasi bo‘yicha ish ochilgan.

Mavzuga oid