O‘zbekiston | 15:54 / 07.09.2024
1916
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda vabodan o‘lim ko‘rsatkichi 71 foizga oshdi – JSST

2024 yil boshidan buyon dunyoda 342 mingdan ortiq bemorda vabo aniqlangan, ulardan 2,4 ming nafari hayotdan ko‘z yumgan. 22 mamlakatda kasallik avj olishi kuzatilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

2023 yili dunyo bo‘yicha vabo infeksiyadan o‘lim ko‘rsatkichi 2022 yilga nisbatan 71 foizga, kasallanish holatlari esa 13 foizga oshgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining vabo epidemiyasi bo‘yicha e’lon qilingan yangi hisobotiga tayanib Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi

“O‘tgan yili vabodan 4000 kishi vafot etdi. Iqlim o‘zgarishi, ba’zi mintaqalarda ichimlik suv tanqisligi, qashshoqlik, sanitariya sharoitlari yetishmasligi, urush va harbiy to‘qnashuvlar xastalik kuchayishiga sabab bo‘ldi”, degan JSST rahbari Tedros Gebreyyesus.  

Hisobotga ko‘ra, joriy yilda ham epidemiologik vaziyat murakkab. Xususan, 2024 yil boshidan buyon 342 mingdan ortiq bemorda ushbu infeksiya aniqlangan, ulardan 2,4 ming nafari hayotdan ko‘z yumgan. 22 mamlakatda kasallik avj olishi kuzatilgan.

Jumladan, iyul-avgust oylari oralig‘ida Sudanda qariyb 2,7 ming kishiga vabo tashxisi qo‘yilgan. Ulardan 120 nafarining hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan.

JSSTning vabo bo‘yicha texnik rahbari Filipp Barboza fikricha, kasallik qurbonlari soni rasmiy statistikadan ancha yuqori. Aslida uni har yili taxminan 2 mlnga yaqin kishi yuqtirib, 100 ming nafari hayotdan ko‘z yumayotgan bo‘lishi mumkin.

Mas’ullar epidemiyaning yangi to‘lqinini jilovlasa bo‘ladi, degan xulosada. Buning uchun kasallikka qarshi vaksinalar ishlab chiqarish hajmini oshirish zarur. Chunki o‘tgan yili qariyb 36 mln doza emlash vositalari ishlab chiqarilgan, biroq bu mavjud ehtiyojning atigi 50 foizini qoplaydi, xolos.

Qo‘shimcha qilinishicha, toza ichimlik suvi ta’minoti, sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish vabo epidemiyasini to‘xtatishning uzoq muddatga mo‘ljallangan yagona barqaror yechimi bo‘lib qolmoqda.  

Mavzuga oid