«MYu»dagi uchinchi mavsum: Ten Hagga g‘olib jamoa qurish uchun yana qancha vaqt va pul kerak?
Yozda INEOS rahbari va «Manchester Yunayted» aksiyalarining bir qismi egasi — Ser Jim Retkliff «qizil iblislar» postidagi ilk yozgi transferlar oynasini o‘tkazdi. Britaniyalik ishbilarmon o‘z va’dasi bo‘yicha jamoani kuchaytirish va o‘z darajasiga qaytarish uchun ayamay investitsiya qilmoqda. Evaziga bitta minimal hisobdagi g‘alaba, 2ta mag‘lubiyat, yangi murabbiyi atigi 3-uchrashuvini o‘tkazayotgan azaliy raqibi qarshisidagi ojizlikni oldi. Ten Hag esa mana 3-mavsumi startida hamki natija emas, qandaydir statistikalarni ko‘tarib matbuot oldiga chiqmoqda.
Mavsum avvalidagi o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi natijalar haqida gapirar ekan, Erik Ten Hag o‘z natijalariga ancha ijobiy baho bergandi: «2 yilda 2ta titul — yomon emas. 2 mavsumda 3ta final — yomon emas. Agar ular (rahbariyat) meni xohlamasalar, men boshqa klubga borib, kuboklar yutishda davom etaman. Bu — mening odatim». Yaxshi tayyorlangan gaplar, to‘g‘rimi? Sizni o‘ylantirib qo‘yishi turgan gap. Xuddi shunday fikrlardan birini niderlandiyalik mutaxassis Edinburgdagi «Reyndjers»ga qarshi bellashuvdan keyin aytgandi: «Siti»dan keyin so‘nggi ikki yilda eng ko‘p titul yutgan klubmiz». Ajoyib argument, lekin bu «Manchester Yunayted»ni Angliyaning ikkinchi klubiga aylantirib qo‘yadimi? Shaxsan, bunday deb o‘ylamayman.
Iyul oyida Ten Hag bilan yangi shartnoma imzolanar ekan, Retkliff «murabbiy «Yunayted»dagi muammolarning asosiy sababi emas»ligini aytib o‘tgandi. Lekin shunday bir statistika ham borki, Erikkacha «Manchester Yunayted»ning hech bir murabbiyi ketma-ket 2 mavsumda dastlabki 3 turning 2tasida mag‘lub bo‘lmagan. Yozda 206 million funt-sterling ishlatgan murabbiyga «Ayaks»dagi omadli mavsumda Chempionlar Ligasi yarimfinaliga olib chiqqan tarkibi deyarli yig‘ib berildi hamki, natijadan darak yo‘q. Taxminimcha, unga o‘zi xohlagan futbolchilar orasida birgina Frenki De Yong bilan shartnoma imzolash nasib etmadi, xolos.
Maykl Kerrik faoliyatini yakunlaganidan beri «qizil iblislar»da surunkali muammoga aylangan tayanch yarimhimoyasi «Real» bilan butun boshli epoxa yaratgan Kazemiro bilan ham hal bo‘lmadi. Aksincha, braziliyalik futbolchining o‘zidan hech kutilmagan xatolar kuzatila boshlandi. Xususan, «Liverpul»ga qarshi uchrashuvda birinchi taymdagi ikkita yosh bolalarcha xatolar bilan mersisaydliklarning ikkala goliga ham sababchi bo‘lib qoldi va Ten Hag uni tanaffusdayoq almashtirdi. Lekin bu bilan biz uni «Old Trafford»dagi 90 daqiqalik «qo‘rqinchli tush»ning to‘laqonli aybdori, deya olmaymiz. Xato juda ko‘p futbolchilarda kuzatildi. Jumladan, Brunu Fernandesh bir nechta epizodlarda to‘pni juda oson boy berdi, Joshua Zirkzening mavsum oldidan maqtalgan birinchi teginishi ushbu bellashuvda pand berdi va bir nechta potensial katta hujumlarning boshlanmay tugashiga sabab bo‘ldi. Markus Reshfordning Ten Hag jamoasida nima uchun bu qadar kafolatlangan boshlang‘ich tarkib o‘rniga ega ekanligini faqat niderland mutaxassisining o‘zi bilsa kerak. Hatto akademiyadan yetishib chiqqan va muxlislarga najotdek ko‘rinayotgan Kobbi Meynuning Aleksis MakAllisterga maydon markazida ochiqchasiga to‘pni oldirib qo‘yishi va bu mersisaydliklarning 3-goliga olib kelishi dard ustiga chipqon bo‘ldi. Yuqorida individual xatolar haqida gaplashdik va ularning bari jamlanib, bizni Erik Ten Hag ismi tomon qaytarib olib boradi.
«Manchester Yunayted» hujumda juda yuqori pressing qildi, himoya esa ancha orqa chiziqda raqibni kutib oldi. Bu esa «Liverpul»ga markazda katta bo‘shliqlar qoldirdi. Ushbu tizimli muammo ikki mavsumdan beri manchesterliklarda o‘z yechimini topmay kelyapti va Manuel Ugartening kelishi barchasini hal qiladi, deb ishonadiganlar o‘zlarini shunchaki aldab yurganlardir. «Liverpul»dan uchralgan mag‘lubiyat sababini Ten Hag raqibning imkoniyatlaridan ulardan ko‘ra unumliroq foydalanganiga yo‘ygan bo‘lsa, «Liverpul» bosh murabbiyi bu boradagi savolga ancha asosli javob qaytardi:
«Balki, bu so‘nggi mavsumdagi uslubdir, lekin bilishimcha, ularning g‘oyasi yuqoriga ko‘tarilib o‘ynaydigan qanot himoyachilariga quriladi va Kazemiro himoyachilar oralig‘i tomon pastlaydi. Demak, sen to‘pni olib qo‘yishni hamda Diaz va Salohni oldinda ushlab turishni eplasang, hujumning yakuniy pallasida ularning har biriga bor yo‘g‘i bittadan himoyachi qarshilik qiladi. Bunda senga ko‘p yuguradigan yarimhimoyachilar kerak. Bizda bugun bundaylarning 3tasi bor edi: ular yugurishdan to‘xtamadi va bu yigitlar raqib bilan yelkama-yelka kurashda to‘pni olib qo‘yishga qodir darajada kuchli. Menimcha, mana shu g‘alabamizning asosiy omillaridan biriga aylandi».
MakAllister va Gravenberx yarimhimoya orqasida qo‘sh-pivot bo‘lib o‘ynagan bo‘lsa, Soboslai hujumdagi uchlikni tinimsiz to‘p bilan ta’minlab turdi. Ko‘rib turganingizdek, Erik o‘z hamyurti tarafidan to‘laligicha dog‘da qoldirildi va buning uchun unga Liverpuldagi qariyb 2 oy muddat yetarli bo‘ldi. Mersisaydliklar futbolchilari allaqachon yangi murabbiy falsafasini o‘zlashtirib bo‘lgandek ko‘rinyapti. Manchesterda esa hamon Ten Hag nimani xohlayotgani va nima qurayotganini tushunish qiyin kechmoqda. Balki, bu ikkala murabbiyning kommunikatsiya darajalari bilan ham bog‘liqdir. Arne Slotning hozirgacha biror futbolchi bilan konfliktga borgani haqida xabarga ko‘zimiz tushmadi, Erik Ten Hagning boshqaruvida esa ne-ne futbolchilar «Manchester Yunayted»ni mojarolar bilan tark etmadilar…
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda savol tug‘iladi: Ten Hagning yana vaqt so‘rashga haqqi qoldimi? Menimcha, yo‘q. Lekin niderlandiyalik murabbiy matbuot anjumanlarida bot-bot yangi futbolchilarning integratsiyasiga vaqt so‘rab charchamayapti. 51 million funtga xarid qilingan Manuel Ugarte haqida so‘ralganda murabbiy: «Biz uni qurayotgan jamoamizga uyg‘unlashtirib yuborishimiz kerak. Bu vaqt oladi, men Harri Potter emasman. Buni tan olishingiz kerak. Aminmanki, u bizning jamoaga ko‘p foyda keltirib, muhim futbolchiga aylanadi. Biroq, bu bir necha hafta va hatto oylab vaqt olishi mumkin». Bu juda ko‘p futbolchilar keysida o‘z aksini topadigan faktor. Joshua Zirkze yaxshi boshladi va so‘nggi 3-4 haftada o‘zini yaxshi tarafdan ko‘rsata oldi. Bugun uning o‘yinidan xursandman, biroq 4 hafta oldin undan bunday daraja kutmaganman. Ushbu bellashuv u, De Ligt va Alexandro Garnacho uchun mavsumdagi ilk boshlang‘ich tarkibdagi o‘yinga aylandi. Biz tez orada yaxshi holatda bo‘lamiz, albatta, rivojlantiradigan jihatlarimiz bor».
«Liverpul»ga qarshi o‘ynaganlarning 6 nafari Ten Hag tomonidan sotib olingan futbolchilar, ularning qariyb yarmi esa bir muncha muddat «qizil iblislar» bilan bo‘lishga ulgurdi. Shunday ekan, uning yana vaqt so‘rashga haqqi yo‘q. Erik 85 million funt-sterling evaziga xarid qilgan Antoni o‘zi tomonidan zaxiraga mixladi. Umumiy hisobda 135 million funt sarflangan Rasmus Hoylund va Meyson Maunt juftligi esa klub shifoxonasini to‘ldirish bilan mashg‘ul. Eng ko‘p xarajat qilgan mankunianlar jadvalning 14-pog‘onasini band qilib turgan bo‘lsa, ulardan bir necha karra kam xarj qilgan azaliy raqiblari: «Manchester Siti» va «Liverpul» peshqadamlikni bo‘lishib turibdi. Taassurot shundayki, ushbu murabbiy Manchesterda qancha uzoq qolsa, uning o‘rniga keladigan murabbiyning hal qilishi kerak bo‘lgan muammolari shu qadar chuqur ildiz otib boradi.
Ser Jim Retkliff va uning yangi jalb etgan boshqaruv mutaxassislari — Omar Berrada, Den Eshvorz va Jyeyson Uilkoks ushbu o‘yinni «Orzular teatri» tribunalaridan kuzatib borishdi. Ularda orzumandlikdan asar ham yo‘qligi yuz ifodalaridan ham ko‘rinib turgandi. Klubning boshqaruvini qo‘lga olib, yuqorida nomlari sanalgan mutaxassislarni jalb etishda ajoyib menejmentni ko‘rsata olganini va yozgi transferlar oynasida eng muvaffaqiyatli kampaniyalardan birining muallifiga aylangan INEOS rahbari Angliya Kubogidagi «Manchester Siti» ustidan qozonilgan g‘alaba eyforiyasiga berildi va Premer-liga doirasida klub tarixidagi eng past pog‘onada mavsumni yakunlagan murabbiy bilan shartnomani uzaytirdi. Ammo bu xatoni to‘g‘rilashga hali kech emas. Shu yilning bahorida va yozi avvalida klubning Tomas Tuxel, Kiran MakKenna va keyinchalik Maurisio Pochettino kabi mutaxassislar bilan bog‘langani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Ularning hech biri massiv o‘zgarish hosil qilishiga kafolatlangan ishonch yo‘q. Lekin agar endi muvaffaqiyatsiz o‘yinlar ketma-ketligidan so‘ng, rahbariyatda murabbiyga nisbatan ishonchsizlik kuzatilayotgan bo‘lsa, tezroq qaror chiqarish kerak. Chunki bunday statusdagi murabbiylarning mavsumi muvaffaqiyatsiz kechishi aniq bo‘lib ulgurgan klubga kampaniya o‘rtasida kelishi — qiyin masala.
Abdulbasit Valixonov
Mavzuga oid
12:24 / 16.12.2024
«Barsa» yana autsayderga yutqazdi, «Siti» kambek qurboni. Kun o‘yinlari
10:17 / 05.12.2024
Mbappe yana uyaltirdi, «Liverpul» qoqildi. Kun o‘yinlari
11:53 / 25.11.2024
«Real» «Barsa»ga yetib olmoqda, Saloh «Liverpul»ni qutqardi. Kun o‘yinlari
15:52 / 21.11.2024