O‘zbekiston | 15:26 / 14.09.2024
25545
6 daqiqa o‘qiladi

“Darsga kiritmaslik bilan qo‘rqitishyapti” - TDPU yagona formani joriy etmoqchi

Toshkent davlat pedagogika universitetining bir guruh talabalari yagona majburiy forma qilinayotganidan norozi. Forma talabalarga 250 ming so‘mdan sotilayotgani, uni olmaganlar darsga qo‘yilmaslik bilan qo‘rqitilgani aytilmoqda.

Kun.uz'ga Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining turli bosqichdagi bir guruh talabalari majburiy forma qilinayotganidan e’tiroz bildirib, murojaat qilishdi.

Ta’kidlanishicha, talabalarga maxsus kiyim tikilayotgani, uni hamma sotib olishi shartligi, olmaganlar darsdan chetlashtirilishi aytilgan.

Talabalar yoppasiga majburiy forma sotib olishga va kiyishga majburlanmoqda. Forma sifatsiz matodan tayyorlangan. Uning narxi nimcha va yubka bilan 250 ming so‘m.

Forma kiymaganlarni 16 sentabrdan darsga qo‘ymaslik va “NB” qo‘yish bilan qo‘rqitishmoqda. Klassik kiyim va forma o‘tmasligini, majburiy forma olinishi shartligini uqtirishdi. Talabalarning 95 foizi aynan klassik formada, bu holatdan umuman norozi. Iltimos, talabalarga yordam bering”, – deydi shaxsi ochiqlanishini istamagan talaba.

Murojaat qilganlarning yana biri esa bunday harakatlar bilan talabalar maktab o‘quvchisidek ko‘rilayotganini, voyaga yetgan shaxslar bilan bunday munosabatda bo‘lishni to‘g‘ri deb hisoblamasligini bildirdi.

Universitet baribir shu “smurfcha forma”ni qildi. O‘t tushsin shu formasiga, tushunmayman, bizni maktab o‘quvchisi sifatida ko‘ryaptimi?! 20 yoshli ham, 40 yoshli odam ham bir xil formada yuradimi endi? “NB”si, davomati, formasi jonimga tegib ketdi. Endi bir xil formasi bilan umuman asabga tegyapti. Sochingni yig‘, unday qil, bunday qil... Hatto maktabda ham bunday o‘qimagan edim”, – deydi u.

Murojaatchilarga ko‘ra, yagona majburiy forma avvaliga 180 ming, keyin 230 ming so‘mga baholangan. Hozirga kelib esa 250 ming so‘mdan sotilayotgani aytilmoqda.

Bizga boshida rektordan tortib, talabagacha, hamma bir xil forma kiyadi deyishdi. Hozir o‘qituvchi, dekanat, rektoratimiz o‘zining doimiy formasini kiyib, faqat universitet nomi tushirilgan nishon (znachok)ni taqib yurishibdi xolos. Lekin bularning hammasi talabadan forma talab qilyapti. Bu formaga dazmol ursa, yaltillab qoladi. Matosi juda ham nozik”, – deydi talabalardan biri.

Ma’muriyat: “Yangi forma – kadrlarning ma’nan, jismonan, aqlan yetuk bo‘lishi uchun”

13 sentabr kuni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti o‘zining rasmiy kanalida forma bilan bog‘liq e’tirozlarga munosabat bildirib, unga video joylagan.

Lavhada ko‘k formadan sotib olib kiygan qator talabalarning kiyimdan norozi emasligi, o‘z ixtiyori bilan uni olgani va bundan mamnunligiga oid fikrlari jamlangan.

Oliygohning yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Munis Xo‘jayevga ko‘ra, universitet 2024-2025 o‘quv yillarida yangi imijni yaratish bo‘yicha ish boshlagan.

Bu formani joriy etishda biz bevosita universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilarimiz, ishchi xodimlarimiz va shu bilan birgalikda talaba-yoshlarga ham joriy etyapmiz. Maqsadimiz bitta – pedagoglarga qo‘yilgan talablardan kelib chiqqan holda, o‘qituvchi-pedagoglar nafaqat auditoriyada, balki jamoat joyida o‘zini tutishi, yurishi, ichki tartib-qoidalarga amal qilishi bilan bog‘liq bo‘lgan tushunchalarni ko‘rsatishdan iborat.

Mana shu formani joriy etishdan asosiy sabab – talabalar o‘rtasida ham tabaqalanishni, turli xil kiyimlarga kirib ketishning oldini olish va bir so‘z bilan aytganda, yangi yagona formani joriy etishdan iborat”, – deydi rasmiy vakil.

Uning qo‘shimcha qilishicha, universitetni tamomlagan kadrlar “ma’nan, jismonan, aqlan yetuk bo‘lishi, o‘zining ijobiy fazilatlarini namoyon etishi uchun” yangi formani joriy etish qaroriga kelingan.

Xo‘jayev uni kiyish ixtiyoriy bo‘layotgani, ma’muriyat targ‘ibot ishlarini olib borayotganda pedagog va talabalar o‘z tashabbusi bilan kiyimni olishayotganini urg‘ulagan.

Faqat TDPUda emas

Kun.uz'ga kelib tushgan boshqa bir xabarga ko‘ra, forma masalasi Toshkent davlat transport universitetida ham aktual bo‘lib turibdi. U yerda targ‘ibot qilinayotgan forma narxi quyidagicha belgilangan:

Kostyum – 285 ming so‘m; ko‘ylak – 160 ming so‘m; shim – 160 ming so‘m; yubka – 160 ming so‘m; bo‘yinbog‘ – 30 ming so‘m; pogonli kostyum – 25 ming so‘m; pagoli ko‘ylak – 25 ming so‘m; nishon (znachok) – 2 tasi 30 ming so‘m.

Avvalroq oliy ta’lim vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov forma masalasi ta’lim sifatiga ta’sir qilmasligini aytgan, lekin talabalarga forma bo‘yicha talab qo‘yilishini ma’qullagan edi.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.

Mavzuga oid