O‘zbekiston | 11:36 / 16.09.2024
17473
11 daqiqa o‘qiladi

Professor-o‘qituvchilar o‘zini birovga tobe insondek tutsa, kimni tarbiyalaydi?

Fizika-matematika fanlari doktori Erkinjon Karimov oliygohlardagi yangi o‘quv yilining ilk kunlarida Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida oliy ta’limdagi professor-o‘qituvchilar jamoasiga murojaat qiladi.

Hammaga ma’lumki, oliy ta’lim majburiy emas, unga erishaman deganlar – voyaga yetgan yoshlar. Ular ongli ravishda o‘quv dargohini tanlaydi. Ya’ni ular uchun tanlov imkoniyatini yaratish muhim. Mamlakatimizda oxirgi yillarda bu yo‘nalishda yoshlar uchun tanlov ancha ortdi, imkoniyatlar kengaydi.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda hozir 210 ta OTM faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 115 tasi davlat, 66 tasi nodavlat va 29 ta xorijiy OTM ekan. Davlat OTMlari uchun qabul kvotalari oshirilgani, hatto nodavlat, xorijiy OTMlarga ham davlat granti ajratilayotgani juda yaxshi bo‘ldi. Yoshlarimizning chet el mamlakatlaridagi universitetlarga o‘qish uchun borishi ham ko‘paydi, bu ham yaxshi tendensiya, albatta.

Nodavlat OTMlarimizning davlat OTMlariga bosimi (raqobat ma’nosida) sezilish arafasida. Lekin bu jarayonga yana davlatning o‘rinsiz aralashuvi xalaqit qilishi mumkin. Lisenziyalash tartibining o‘zgarishi, hammaga teng sharoitlar emas, yana qandaydir tushunarsiz to‘siqlar paydo qilinishi, “ma’naviy ishlarni” tashkillash kabi o‘rinsiz aralashuvlarning paydo bo‘lishi tizimga faqat negativ ta’sir ko‘rsatadi. Davlat universitetlari ichidagi vazirlik tizimi orqali markazlashgan aralashuv haqida alohida to‘xtalish kerak, lekin bunga bir maqola doirasida erishib bo‘lmaydi.

Hozir esa davlat OTMlarining o‘z tashabbusi bilan yuzaga kelayotgan muammolar haqida gaplashamiz. Aniqrog‘i, bu muammolarning ildizi bo‘lgan akademik erkinlik (OTM professor-o‘qituvchilarning erkinligi)ni cheklashning oqibatlari haqida fikrlashamiz.

Xabaringiz bor, ko‘plab davlat OTMlariga akademik va moliyaviy erkinlik berildi. Bu ham hukumat tomonidan qo‘yilgan oqilona qadamdir. Bu imkoniyatdan ayrim davlat OTMlari samarali foydalanyapti. Masalan, Urganch davlat universitetida amalga oshirilayotgan ishlar maqtovga loyiq (har holda mendagi ma’lumotlarga ko‘ra). O‘zim tanigan, bilgan mutaxassislar o‘z bilim, tajribasini to‘g‘ri tatbiq etishga erishmoqda.

Biroq kuzatishlarim bo‘yicha bir qancha OTMlar bu imkoniyatni ko‘kka sovuryapti. Qanday qilib? O‘z sohasining mutaxassisi bo‘lgan kadrlardan unumli foydalanmaslik, OTM rahbariyatining yangi taklif, g‘oyalarga nisbatan ochiq bo‘lmaslik, jamoaviy qaror qabul qilish mexanizmining yo‘qligi bilan. Boshqa sub’yektiv jihatlar ham bor.

OTMlarga akademik erkinlik berilishi bu – akademik dasturlar borasidagi erkinlik.

Professor-o‘qituvchilarning erkinligi deganda ularning avvalo erkin fikrlashi cheklanmasligi, ikki tomonlama shartnomada ko‘rsatilmagan vazifalarga majburan jalb etib, ularning qimmatbaho vaqtini olmaslik, asosiy vazifasi talabaga mutaxassisligi bo‘yicha chuqur bilim berish va ilmiy sohasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarning erkin tarzda amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

OTM rahbariyatining asosiy vazifasi – kerakli mutaxassislik yo‘nalishida maxsus bilimga ega bo‘lmoqchi bo‘lgan talabalarga munosib standartda bilim olishga sharoit yaratib berish. Bu uchun jamoani munosib mutaxassislardan iborat etib shakllantirish, ularning o‘z sohalari bo‘yicha malakalarini xalqaro standartlar darajasida oshirib borish, ilmiy tadqiqotlar olib borishga sharoit yaratish kerak.

Barchaga ma’lumki, OTM professor-o‘qituvchilari jamiyatning ziyo ulashadigan qatlamidir. Ular mamlakat uchun nafaqat kuchli mutaxassis, balki keng fikrli, umuminsoniy qadriyatlarni o‘ziga singdirgan fuqaroni yetishtirib beruvchi oydinlarimizdir. Demak, OTMlar rahbariyati ham aynan mana shu qadriyatlarni o‘z ongi va qalbida saqlagan odamlardan iborat bo‘lishi kerak. Ko‘p holatlarda bu kuzatilmayapti.

Moliyaviy erkinlikdan yuqorida aytilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun unumli foydalanish, akademik erkinlikdan OTMning zamonaviy yo‘nalishlarini ochish, mavjud yo‘nalishlarda zamonaviy standartlardagi o‘quv dasturlarni ishlab chiqish kabi ishlarni amalga oshirish uchun foydalanish kerak. Lekin berilgan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalana olmayotgan OTMlar oz emas.

Jamoani so‘zsiz o‘ziga bo‘ysundirish, o‘z lavozimlarini saqlab qolish yo‘lida turli mantiqsiz ishlarga qo‘l urish kuzatilyapti.

Keling, ayrim salbiy harakatlarni qisqacha sanab o‘tsam. Ishonchim komilki, ko‘plab jamoalar bu jihatlarni o‘zlarining OTMlarida topa oladi. Sanab o‘tiladigan salbiy ishlarning barchasi OTM jamoasining erkinligini cheklash, o‘zligini yo‘qotish, so‘zsiz itoatkor qilish uchun qilinayotgan harakatlardir.

Dastlab, OTM rahbariyati tomonidan professor-o‘qituvchilarga ijtimoiy tarmoqlarda OTM haqida, ta’lim tizimi, hukumat siyosati haqida “negativ yozmaslik” yo‘nalishida bosimlar boshlandi. Jamoadan OTM haqidagi tanqidiy chiqishlarga “o‘z munosabati”ni bildirish so‘raladi. Keyin, hukumatning sportni targ‘ib qilish borasidagi qarori ijrosi yuzasidan barcha professor-o‘qituvchilar haftada ma’lum kunlar tongda OTM stadioniga kelib tonggi gimnastika bilan shug‘ullanishga majburlanadi.

Tasavvur qilyapsizmi, tong sahar 6 da universitet o‘qituvchisi sport kiyimida stadionga kelib mashqni bevosita rektor, prorektorlar nazorati ostida bajarib, yana uyiga qaytib, darsiga rasmiy kiyimda kelishi kerak. Ularni bu ahvolda ko‘rgan talabalari nima deb o‘ylaydi? Mas’ul prorektorlar esa jadval tashkil qilib, ro‘yxatga olib, bu jarayonni nazorat qilishdan charchamaydi. Odatdagidek, rasm, video isbotlar Telegram-kanallarga joylanadi. Butun jamoa buni sukunat bilan qabul qiladi. Norozilikni bildiruvchi gaplar esa hisobmas. Ammo hech kim ochiq-oydin “bu nima qiliq, yig‘ishtir karamsho‘rvangni!” deya olmaydi.

“Mahallalar bilan ishlash” ham bor. Aslida, hukumat mahalla institutini rivojlantirish bo‘yicha alohida qarorlar va qo‘shimcha shtatlar joriy etgan, mahalla bilan shug‘ullanadiganlar yetarlicha. Lekin OTM rahbariyati o‘zining tashabussi bilanmi yoki mahalliy hokimiyatning so‘rovi sababmi, “yordam”ga oshiqishadi. Bunday tashabbuslarni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Ta’lim muassasasi faqatgina ta’lim bilan shug‘ullanishi kerak. Bundan hamma manfaatdor.

Afsuski, quyi tizimdagi tashabbuskorlar tufayli mana shunday keraksiz yuklamalar OTM jamoalariga tushyapti. “OTM davlatnikimi, unda ishlaganlar ham hukumat askarlari” degan tushuncha natijasi bu. Jamoa indamay hamma narsaga ko‘navergach, ishtaha yana ochilganidan ochilib boradi, albatta.

Yangi o‘quv yilidan universitet professor-o‘qituvchilari uniformaga o‘tkaziladi. Albatta, noroziliklar paydo bo‘ladi. Bu holatda OTM rahbariyati tomonidan kutilgan qadam otiladi – professor-o‘qituvchilar OAVlarda faol bo‘lishga majburlanadi, bunday tashabbuslarni ma’qullash yuklatiladi. Fakultet, kafedra tizimida kunda kim nechta chiqish qilgani haqida ma’lumot olish boshlanadi.

Hali ko‘rasizlar, bunday OTMlarning o‘qituvchilari ijtimoiy tarmoqni o‘z chiqishlari bilan “yorvoradi” ham... Jamoa “ko‘pga kelgan to‘y” qabilida bunday topshiriqlarni sukut va itoatkorlik bilan qabul qiladi.

Umuman olganda, mana shunday loqaydlik bizni botqoq sari yetaklayapti. OTM jamoasining dardi ichida, birov e’tiroz bildirmaydi. Nahotki, hammani shu vaziyat qanoatlantirsa?

Bu chiqishimdan keyin munosabatlar bildirilar ham, “qadrdon dargoh himoyasiga otlanishar” ham (topshiriqqa asosan). Ammo inson o‘laroq g‘ururli bo‘lish ham kerak-da ozroq, qachongacha rahbar ekan deb mantiqsiz topshiriqlarni-da indamay bajaraveramiz? “Rizq peshonaga yozilgan” degan hikmatni eslashimiz ham kerak.

Ta’kidlamoqchi bo‘lganim shuki, hatto OTM professor-o‘qituvchilarini birgina rektor (yoki rahbariyat jamoasi) kerak bo‘lsa “yotqizib-turgazish” quvvatidagi tizimga ega ekanmiz, kelajagimiz porloq bo‘lmaydi.

Hamma OTM rahbariyati ham bunday xurmacha qiliqlari bilan tanilgani yo‘q. Demak, mantiqan o‘ylasak, topshiriq tepadan emas, shaxsiy “ijod” namunasi, hukumat bunday “ayiqcha xizmat”dan manfaatdor emas.

Umumiy xulosaga o‘tsak. Bir o‘ylab ko‘ring, bunday ko‘rinishdagi jamoada qanday (akademik) erkinlik bo‘lishi mumkin? Hatto mantiqsiz topshiriqlarni rahbariyat topshirig‘i deya so‘zsiz ijro etayotgan professor-o‘qituvchilar talabalarga qanday bilim beradi? Ularning erkin fikrlashini qanday o‘stiradi?

Bunday holat yuzaga kelish sababini yuqorida aytdim. Endi uning yechimi qanday deb haqli savol qo‘yasiz. Yechimi oddiy – OTMlar rahbariyatiga zamonaviy ta’limni yaxshi tushunadigan, jahon tajribasidan xabari bor, fikrga nisbatan tolerant, tizimli islohotlarni jamoa bilan birgalikda amalga oshira oladigan, o‘z sohasining mutaxassislarini saylash kerak.

“Saylash” deganda OTM jamoasining o‘zi rahbariyatini saylashini nazarda tutyapman. OTM rahbariyati yuqori tashkilotlardan tayinlanib tushmasligi kerak.

Bu borada prezident qarori ham bor, uni ijro etish kerak xolos.

To‘g‘ri tizimni darrov yo‘lga qo‘ya olish qiyin demangizlar, bunga siyosiy iroda kerak xolos. Boz ustiga eng yuqoridan bu iroda ko‘rsatildi ham. Xitobim ta’limga mas’ul o‘rta va quyi o‘rindagi rahbarlarga.

O‘quv yili boshlanyapti. Har bir OTMda talabalardan ham, jamoadan ham anonim so‘rov o‘tkazib, OTMning moliyaviy faoliyatini audit qilish, akademik sohadagi natijalar bilan tanishish lozim. Quruq statistika va yolg‘on reytinglar bilan yashash kerakmas. Jamoaning fikrini jiddiy qabul qilib, qaror qilish lozim. Kuzatuv kengashini rasmiyatchilik uchun emas, haqiqatda OTM rivojiga hissa qo‘shadigan mexanizmga aylantirish lozim.

OTM jamoalari esa haqqimizni talab qilishimiz, ta’lim tizimiga befarq bo‘lmasligimiz, yuqoridan keluvchi har bir topshiriqni ko‘r-ko‘rona emas, mantiq elagidan o‘tkazib, keyin ijro qilishimiz kerak. Bo‘yin egib, qullikka rozi bo‘larkanmiz, kelajak avlodimiz qanday erkin fikrlovchi, bilimli bo‘ladi?

Erkinjon Karimov,
fizika-matematika fanlari doktori
(Gent universiteti, Belgiya)

Mavzuga oid