Jahon | 19:33 / 17.09.2024
2414
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiyaning yangi tarkibi e’lon qilindi

Ursula fon der Lyayyen YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili lavozimiga Estoniya sobiq bosh vaziri Kaya Kallasni tayinladi.

Foto: Jean-Francois Badias/AP Photo/picture alliance

Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen 17 sentabr kuni keyingi besh yil davomida o‘z jamoasidan o‘rin oladigan 27 kishining ismini e’lon qildi. Unga ko‘ra, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili lavozimiga Estoniya sobiq bosh vaziri Kaya Kallas tayinlanadi.

Stefan Sejurne Yevropa sanoat strategiyasi va ichki bozor bo‘yicha Yevropa komissari etib tayinlanishi kutilmoqda. U mazkur lavozimga Fransiya TIV rahbarligidan o‘tadi — amaldagi yevrokomissar Terri Breton Yevrokomissiyaning yangi tarkibida kirishdan bosh tortgan. Breton o‘z qarorini idora rahbari fon der Lyayyen bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik sabab qabul qilganini bildirgan.

Yevrokomissiya tarkibida ilk bor mudofaa bo‘yicha komissar lavozimi paydo bo‘ladi — uni litvalik yevrodeputat, Yevropa parlamentining Rossiya bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Andryus Kubilyus egallaydi. Fon der Lyayyen iqtisodiy va ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha yevrokomissar lavozimiga latviyalik Valdis Dombrovskisni, iqtisodiy xavfsizlik komissarligiga esa slovakiyalik Marosh Shefovichni tavsiya etdi.

Fon der Lyayyen idoraning yangi tarkibidan 11 nafar ayol o‘rin olishi, bu kvotaning 40 foizini tashkil etishiga alohida urg‘u berdi. Yevrokomissiyaning yangi tarkibi Yevropa parlamenti tomonidan tasdiqlansa, u 1 noyabrdan ish boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, iyul o‘rtalarida Ursula fon der Lyayyen ikkinchi muddatga Yevrokomissiya rahbari etib tasdiqlangan edi. Yashirin ovoz berish jarayonida fon der Lyayyenni yoqlab 401 nafar ovoz berilgan, 284 nafar deputat qarshi, 15 nafari esa betaraf qolgan. Saylanish uchun unga 361 ovoz yetarli edi.

Mavzuga oid