Jahon | 21:30 / 19.09.2024
2254
2 daqiqa o‘qiladi

Moldova Bosh shtabining sobiq boshlig‘i davlatga xiyonatda ayblanmoqda

Igor Gorgan uzoq yillar davomida Rossiya harbiy razvedkasi foydasiga ishlagani aytilmoqda. Mamlakat prokuraturasi milliy mudofaaga bog‘liq ma’lumotlarni oshkor etganlik fakti bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Foto: AFP

Moldova Bosh shtabining sobiq boshlig‘i Igor Goran davlatga xiyonatda ayblanmoqda. Bu haqda prokuraturaning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash va maxsus ishlar bo‘yicha matbuot kotibi Emil Gaytur ma’lum qildi, deb yozadi The Insider.

«Prokurorlar tomonidan avvalroq e’lon qilingan ishga jalb etilgan shaxsga ayblanuvchi maqomi berildi. Jinoyat ishi tergovi davom etmoqda va ayblanuvchi qonunga muvofiq sudning yakuniy qarori chiqqunga qadar aybsizlik prezumpsiyasidan foydalanyapti», — deydi Gaytur.

Prokuratura vakilining izohini e’lon qilgan TV8 telekanali va The Insider gap Gorgan haqida ketayotganini yozmoqda.

Igor Gorgan Moldova Mudofaa vazirligidan 2021 yilda bo‘shatilgan. Ikki yildan keyin u BMTning Kishinyovdagi qochqinlari ishlari bo‘yicha vakolatxonasida ish boshlagan.

Iyun oyida The Insider va Moldovning «Malenkaya strana» nashri Gorgan uzoq yillar davomida Rossiya harbiy razvedkasi foydasiga ishlagani keltirilgan surishtiruvni e’lon qilgandi. Maqola asosini Gorganning Bosh razvedka boshqarmasidan bo‘lgan kurator — polkovnik Aleksey Makarov bilan yozishmalari tashkil etgan.

Surishtiruv e’lon qilingan Moldova prezidenti administratsiyasi Gorganga berilgan davlat mukofotlari va harbiy unvonlar chaqirib olinishini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay mamlakat prokuraturasi milliy mudofaaga bog‘liq ma’lumotlarni oshkor etganlik fakti bilan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Gorganning o‘zi barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Mavzuga oid