Jamiyat | 20:21 / 19.09.2024
1790
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zLiDeP xususiy mulk huquqini himoya qilish va jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni taklif etmoqda

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) xususiy mulkka zarar yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish tashabbusini ilgari surdi. Bu boradagi g‘oya partiyaning saylovoldi dasturida aks etgan bo‘lib, xususiy mulk huquqini himoya qilishni yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Foto: O‘zLiDeP

Partiya vakillariga ko‘ra, yangilangan Konstitutsiyaning 30 va 65-moddalari xususiy mulk daxlsizligini kafolatlaydi. Shu bois, mulk huquqini buzishga oid jinoyatlar uchun jazo choralarini kuchaytirish zarur. Ayniqsa, yer uchastkalari bilan bog‘liq holatlarda huquqbuzarliklar ko‘p kuzatilmoqda. Masalan, Surxondaryo viloyatidagi mahalliy hokimliklarning yer bo‘yicha bir necha noqonuniy qarorlari aniqlangan.

Toshkent shahridagi renovatsiya loyihalari ham bir qancha e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Renovatsiya oqibatida turarjoylar buzilishi mulk daxlsizligiga jiddiy ta’sir qilmoqda. Shu sababli, O‘zLiDeP xususiy mulkni himoya qilishni ta’minlash uchun jazo choralarini kuchaytirishni muhim deb hisoblaydi.

Ayni paytda Jinoyat kodeksining 173-moddasiga ko‘ra, mulkka qasddan zarar yetkazganlik uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. O‘zLiDeP vakillari bu jazo choralarini kuchaytirish va mansabdor shaxslar tomonidan xususiy mulk huquqini buzishga oid jinoyatlar uchun jazoni yanada qattiqlashtirishni taklif etmoqda.

Tashabbusga ko‘ra, xususiy mulk daxlsizligiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlik 10-15 yil ozodlikdan mahrum qilishgacha oshirilishi mumkin.

O‘zLiDePning mulk huquqini himoya qilish borasidagi takliflari yaqin kelajakda parlament muhokamasiga kiritilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid