Jahon | 11:20 / 19.09.2024
3259
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya yana raketa sinovlarini o‘tkazdi

Kim Chen In tashqi kuchlarning «jiddiy tahdidi» tufayli Shimoliy Koreya yadroviy salohiyatini «yanada kengaytirish zarurligini» e’lon qildi.

Foto: KCNA

Shimoliy Koreya «o‘ta katta kallaklar» va modifikatsiyalangan qanotli raketalarga ega yangi taktik ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda 18 sentabr, chorshanba kuni KMTA davlat axborot agentligi xabar berdi.

Qurollarni sinovdan o‘tkazishni Kim Chen In boshqargan. KXDR yetakchisi tashqi kuchlarning «jiddiy tahdidi» tufayli mamlakat yadroviy salohiyatini «yanada kengaytirish zarurati»ni ma’lum qildi. KMTA ma’lumotlariga ko‘ra, sinovlarda og‘irligi 4,5 tonna bo‘lgan «Xvasonpxo-11da-4,5» ballistik raketasi foydalanilgan.

Avvalroq Janubiy Koreya harbiylari KXDR qisqa masofaga uchuvchi bir nechta raketalarni uchirgani haqida xabar bergan edi. Bu Shimoliy Koreyaning bir hafta ichida ikkinchi raketa sinovi bo‘ldi. Bundan tashqari, 13 sentabr kuni Pxenyan birinchi marta Kim Chen Inning uranni boyitish bo‘yicha obektga tashrifi aks etgan kadrlarni e’lon qildi.

Shimoliy Koreya yadroviy dasturi

Shimoliy Koreya birinchi marta yadroviy sinovlarni 2006 yilda o‘tkazgan. Mamlakat raketa va yadroviy dasturlari tufayli BMTning keng qamrovli sanksiyalari ostida. Shu paytgacha Shimoliy Koreya uranni boyitish zavodi haqida hech qachon ochiq xabar bermagan. Bunday inshootlar yadroviy qurol ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan yuqori darajada boyitilgan uranni ishlab chiqaradi. Buning uchun uran xomashyosi sentrifugalarda yuqori tezlikda tezlashtiriladi.

Sanksiyalarga qaramay, Shimoliy Koreya yadroviy dasturini rivojlantirmoqda. Bunga Xitoy va Rossiya qisman yordam beradi.

Mavzuga oid