Sport | 17:00 / 26.09.2024
3055
5 daqiqa o‘qiladi

Chempionlik kurashiga ta’sir qiluvchi jarohat - Rodrisiz «Siti»ning titul poygasidagi imkoniyatlari qanday?

Statistikaga ko‘ra, «Manchester Siti» Rodrisiz o‘tkazgan har uch o‘yinining birida mag‘lubiyatga uchraydi. Opta nashri «shaharliklar»ning tayanchdagi asosiy futbolchisisiz o‘yinlari statistikasini e’lon qildi va raqamlar xavotir olishga arzirli.

Foto: Getty Images

«Arsenal»ga qarshi bahsning 19-daqiqasida Tomas Partiga to‘qnashgan Rodri maydonga quladi va o‘sha soniyalarda «Etihad»dagi hech kim bu holatni «Manchester Siti»ning mavsumini o‘zgartirib yuborishi mumkinligini taxmin qilmagandi. 24 soatdan keyin esa tibbiy xulosa taqdim etilib, xochsimon payning yuqori qismida uzilish holati aniqlandi va ispaniyalik yarimhimoyachi butun mavsumni o‘tkazib yuborishi oydinlashdi.

Manchester «moviylari» usiz kuchsizlanishi esa shubhasizdir. Gvardiola o‘tgan mavsumda ushbu futbolchidan eng ko‘p foydalandi, hatto darvozabon Ederson ham Rodri o‘tkazgan o‘yinlar soniga yeta olmagan. O‘tgan mavsumning 50 ta uchrashuvida ishtirok etgan Rodrigo Ernandez jami 4325 daqiqani maydonda o‘tkazdi. Keyin esa Yevroda Ispaniyaning 7 uchrashuvidan 6 tasini boshlang‘ich tarkibda boshladi va finalning birinchi bo‘limidan so‘ng jarohat olib maydonni tark etdi. O‘sha jarohat sabab dastlabki 3 turni o‘tkazib yuborgan futbolchi 4-turda «Brentford»ga qarshi zaxiradan o‘yinga qo‘shilgandi. Muxlislar «Inter»ga qarshi Chempionlar Ligasi 1-turini 90 daqiqa maydonda o‘tkazgan Rodrining jarohati ortda qolganiga katta ishonch bildirgan edi, ammo hafta oxirida kutilmagan tarzda jamoa yetakchisi butun mavsumga safdan chiqdi.

2019-2020 yillar mavsumida Manchesterga kelganidan beri Rodri klubi o‘tkazgan 195 uchrashuvning faqat 21 tasida maydonga tushmagan. Barcha musobaqalar doirasida u APLning istalgan futbolchisidan ko‘proq o‘yinda qatnashgan — 260 ta (238 tasi boshlang‘ich tarkib). Maydonda o‘tkazilgan daqiqalar soni (20555) bo‘yicha undan faqat Brunu Fernandesh (20727) oldinda. Va bularning barchasiga milliy jamoa safidagi 50 ta bellashuv ham qo‘shilsa, 28 yoshli futbolchining qanchalik keng ko‘lamdagi ishni amalga oshirganini anglash mumkin.

O‘tgan haftada Rodri YeChL 1-turidan oldin tashkil etilgan matbuot anjumanida o‘yinlar soni ko‘pligi tufayli futbolchilar «ish tashlashga majbur bo‘lishi mumkinligi» haqida ogohlantirgandi. Uning o‘sha hafta oxiridayoq bu taxlit jiddiy jarohatga yo‘liqishi so‘zlari ta’sirini karrasiga oshirib yubordi.

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, «Siti» 2019 yil avgustidan beri Rodrisiz 21 ta bahsda ishtirok etdi va ularning 7 tasida mag‘lubiyatga uchradi. Shundan uchtasi o‘tgan mavsumning birinchi yarmida kuzatilgani («Arsenal», «Vulverhempton» va «Aston Villa»ga qarshi) bugungi Gvardiola jamoasining ushbu yarimhimoyachiga naqadar bog‘lanib qolganini ko‘rsatishi mumkin.

Umuman olganda, «Manchester Siti»ning g‘alaba ko‘rsatkichlari Rodri maydonda bo‘lganida u yo‘q paytlardagidan 12 foizga yuqori. U bor o‘yinlarda «shaharliklar» o‘rtacha 1,70 ta gol ursa, u maydonda bo‘lmagan vaqtda bu ko‘rsatkich 1,29 tani tashkil etadi. Rodrisiz o‘yinlarda klub o‘rtacha 1,9 ochkodan qo‘lga kiritgan va bu ko‘rsatkich 38 tur davom etgan taqdirda, Gvardiola shogirdlari 76 ochko to‘plagan bo‘lar edi. Amalda esa, Rodri safga qaytgani hisobiga ham jamoa 91 ochko bilan chempionlikni qo‘lga kiritishdi.

Bu statistikalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Rodri «Manchester Siti»ning so‘nggi mavsumlardagi muvaffaqiyatlarida asosiy element hisoblanadi. O‘tgan mavsumda faqat u har bir uchrashuvda o‘rtacha hisobda 100 tadan ortiq aniq uzatmalar amalga oshira oldi — 103. O‘rtacha hisobda har 90 daqiqada 126 marta to‘pga tegingan ispan bu borada jamoasidagi eng yaqin ta’qibchisidan 24 ta ko‘rsatkichga oldinda. Hujumkor harakatlardagi ishtiroki borasida ham u APL reytingini boshqarib turibdi. Har 90 daqiqa hisobida Rodri 8,4 marta hujum tashkillashtirishda qatnashgan.

«Arsenal»ga qarshi o‘yinda ham u maydonda ekan «Manchester Siti» 1:0 hisobida g‘alaba qozonayotgandi. U jarohat olib maydonni tark etishidan 43 soniya o‘tib, Rikkardo Kalafiori hisobni tenglashtirdi.

Ha, «Manchester Siti» Rodrisiz ham APLning asosiy favoritlaridan biri bo‘lib qolaveradi. Biroq shunday o‘yinlar keladiki, tayanchda o‘ynab «Oltin to‘p» da’vogariga aylanishga erishgan bu qadar sifatli futbolchining qadri bilinadi va hal qiluvchi bellashuvlarda uning yo‘qligi «shaharliklar»ga qimmatga tushishi mumkin.

Opta ma’lumotlari asosida Abdulbasit Valixonov tayyorladi.

Mavzuga oid