Jahon | 15:30 / 26.09.2024
7385
2 daqiqa o‘qiladi

Pavel Durov fransuz tergovchilariga yiliga atigi bir dirham ishlab topishini aytgan - OAV

Durovning yillik maoshi haqidagi bayonoti fransuz tergovchilarini hayratda qoldirdi, deyiladi Le Monde xabarida. Bir dirham taxminan 3 488 so‘mga to‘g‘ri keladi.

Foto: Getty Images

Fransiyada so‘roqqa tutilgan paytda Pavel Durov tergovchilarga yiliga atigi bir dirham ishlab topishini aytgan. Bu haqda Le Monde gazetasi Telegram asoschisining turmush tarzi va moliyaviy ahvoliga bag‘ishlangan maqolasida yozdi.

Durovning yillik maoshi haqidagi bayonoti fransuz tergovchilarini hayratda qoldirdi, deyiladi materialda. Dirham —Durov so‘nggi yillarda yashagan Birlashgan Arab Amirliklarining pul birligi. Bir dirham taxminan 3 488 so‘m yoki 27 sentga to‘g‘ri keladi.

Nashrning xabar berishicha, Durovga nisbatan ehtiyot chorasini belgilash bo‘yicha sud majlisida Parij prokuraturasi Telegram asoschisiga 20 million yevro miqdorida garov qo‘yishni talab qilgan. Biroq yakunda sudya garov summasini besh million yevrogacha kamaytirishga qaror qilgan.

Le Monde garov miqdori juda past tuyulayotganini ta’kidladi — ayniqsa, 2023 yilda Durov Dubaydagi xayriya kimoshdi savdosida eksklyuziv avtomobil raqami uchun 8,5 million yevro taklif qilgani haqidagi ma’lumot fonida bu summa e’tiborni tortmoqda. Maqolada aytilishicha, Telegram asoschisining umumiy boyligini turli manbalar to‘qqiz milliard dollardan 15,5 milliard dollargacha deb baholamoqda.

Pavel Durov avgust oyining oxirida Parij aeroportida qo‘lga olingandi. U uyushgan jinoyatchilik bilan bog‘liq jinoyatlarda, jumladan giyohvand moddalar va bolalar pornografiyasini tarqatishda ishtirok etganlik hamda vakolatli organlarga ma’lumot berishdan bosh tortganlikda ayblandi.

Politico nashrining yozishicha, Durovga nisbatan tergov Telegram rahbariyati Fransiya rasmiylarining bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ishi bo‘yicha so‘roviga javob bermaganidan keyin boshlangan.

Hibsga olinganidan keyin bir necha kun o‘tgach, Durov garov evaziga qo‘yib yuborildi.

Mavzuga oid