Jahon | 20:26 / 27.09.2024
14673
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina sudi Alisher Usmonovning qariyb 50 million dollar aktivlarini musodara qildi

160 ming tonnadan ortiq temir rudasi, shuningdek, «Peter-Servis Ukraina» ustav kapitalining 100 foizi davlat daromadiga aylantirilishi haqida hukm chiqarildi.

Foto: Getty Images

Ukraina Oliy aksilkorrupsiya sudi (VAKS) oligarx Alisher Usmonovning ikki milliard grivnadan (48,2 million dollar) ortiq mol-mulkini musodara qilish haqida hukm chiqardi.

Forbes nashrining Ukraina adliya vaziri o‘rinbosari Inna Bogatixga tayanib xabar berishicha, 160 ming tonnadan ortiq temir rudasi, shuningdek, «Peter-Servis Ukraina» ustav kapitalining 100 foizi davlat daromadiga aylantirilgan.

Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu avval Usmonov nazoratida bo‘lgan IT-kompaniya. VAKS qarori hali kuchga kirmagan va shikoyat qilinishi mumkin.

2022 yilda Ukraina Xavfsizlik xizmati Ukraina dengiz portlaridagi bir nechta yer osti omborlarida saqlanayotgan va Usmonovga tegishli bo‘lgan temir rudasi musodara etilganini e’lon qildi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, xomashyo yashirin tarzda Rossiyaga kemada olib o‘tilishi va metallurgiya sanoati va harbiy-sanoat kompleksi ehtiyojlari uchun ishlatilishi rejalashtirilgan edi.

Alisher Usmonov Rossiyadagi eng boy odamlardan biri. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 13,4 milliard yevroga baholangan. Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan keyin unga qarshi Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya tomonidan sanksiyalar joriy etildi. Usmonov ushbu sanksiyalar olib tashlanishi uchun turli sudlarda kurashmoqda.

Mavzuga oid