Rossiya qamoqxonalarida 14 mingdan ortiq Ukraina fuqarosi saqlanmoqda
IGFM huquq himoyachilariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining kamida 10 ta hududida Ukraina fuqarolari hibsga olingan maxsus muassasalar mavjud. Rossiya asirligidan qaytganlar ularga nisbatan jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik haqida gapirib bergan.
30 sentabr, dushanba kuni Inson huquqlarini himoya qilish xalqaro jamiyati (Internationale Gesellschaft für Menschenrechte - IGFM) ma’lum qilishicha, hozirda Rossiya qamoqxonalarida 14 mingdan ortiq ukrainalik saqlanmoqda. Huquq himoyachilariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining kamida 10 ta hududida Ukraina fuqarolari hibsga olingan maxsus muassasalar mavjud.
Ukrainaga qaytishga muvaffaq bo‘lgan mahbuslarning aytishicha, qamoqda o‘tirganlarida ular jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. «Mehnat lagerida meni zo‘rlashdi va qiynoqqa solishdi», dedi olti oydan ko‘proq asirlikda o‘tirgan Zaporijjya oblastida yashovchi Yelena Yagupova. Xersonlik Aleksandr Tarasov bir yilni Rossiya asirligida o‘tkazgan, u elektroshoker bilan qiynoqqa solinganini va Ukraina fuqarolarini o‘g‘irlashda ishtirok etganlarga nisbatan shaxsiy sanksiyalar qo‘llanishiga erishish niyatida ekanini aytdi. «Biz xalqaro sud oldida javob berishi kerak bo‘lgan tuzilma, sudyalar va politsiya haqida bilamiz», deb ta’kidlaydi erkak.
Ukraina 55 ming kishini bedarak yo‘qolgan deb tan oldi
Rossiyaning agressiv urushi tufayli bedarak yo‘qolgan ukrainaliklar ro‘yxatida hozirda 55 ming kishi bor, ularning aksariyati harbiylardir. Bu haqda 26 sentabr kuni Ukraina ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Leonid Timchenko «Ukrinform» nashriga ma’lum qildi.
«Bu ko‘rsatkich ancha dinamik: bedarak yo‘qolganlarning joylashuvi aniqlanganda, ba’zi hollarda fuqaro, masalan, asirlikda ekani ma’lum bo‘ladi», — dedi Timchenko va halok bo‘lganlar vaqti-vaqti bilan bedarak yo‘qolgan deb topilganlar orasida aniqlanib borilishini qo‘shimcha qildi.
Ukrainada 2023 yil may oyida bedarak yo‘qolgan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritila boshlangan yagona reyestr ishga tushirildi. O‘shanda mamlakat Ichki ishlar vazirligi 23 ming kishi bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan. 2024 yil iyul oyida vazirlik ma’lumotlarni yangilab, reyestrga 42 ming ukrainalik kiritilgani haqida xabar berdi.
Mavzuga oid
22:22 / 23.12.2024
Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
20:41 / 23.12.2024
Rossiyada YouTube trafigi keskin kamaydi
19:55 / 23.12.2024