O‘zbekiston | 00:28 / 02.10.2024
33479
4 daqiqa o‘qiladi

Agrar universitetdagi yirik yong‘in haqida yana nimalar ma’lum?

30 sentabr kuni Toshkent Davlat Agrar universiteti hududida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Kun.uz muxbiri alangada qolgan binolar oldida bo‘lib, falokat ko‘lami bilan tanishdi. Guvohlarning so‘zlari va mavjud tasvirlar yong‘in quyosh panellari o‘rnatilgan tomda boshlanganiga ishora qilmoqda. 2 ta bino butunlay yonib ketgan, yana ikkitasiga jiddiy shikast yetgan.

30 sentabr kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududida yirik yong‘in sodir bo‘lgandi. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda yong‘in 9 qavatli o‘quv binosini qamrab olgani, yaqin atrofdagi binolarga ham o‘tgani aks etgan.

Yong‘inni o‘chirishga 15 dan ortiq qutqaruv ekipaji jalb qilingan. Universitet joylashgan ko‘chada avtomobillar harakati cheklanib, aholidan iloji boricha binodan uzoqroq bo‘lish so‘ralgan.

Ikki soat davom etgan yong‘inni o‘chirish operatsiyasiga favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshevning o‘zi voqea joyida rahbarlik qilgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan.

Yong‘in haqida yana nimalar ma’lum?

Guvohlarning so‘zlari va mavjud tasvirlar yong‘in quyosh panellari o‘rnatilgan tomda boshlanganiga ishora qilmoqda. Hududi 28 gektar maydon bo‘lgan universitetdagi 2 ta bino butunlay yonib ketgan, yana ikkitasiga jiddiy shikast yetgan. Yong‘in universitet binolariga jiddiy zarar yetkazgan. Bu binolar esa o‘quv binolari bo‘lgan.

Hozirda mutaxassislar guruhi voqea joyida ish olib bormoqda. Yong‘in kelib chiqish sabablari, yong‘in asli qayerdan boshlangani, yetkazilgan ziyon, asl holat o‘rganilmoqda.

E’tiborlisi, yong‘indan so‘ng universitetning rasmiy telegram kanalida universitet 28 gektar maydonni egallagani, uning hududida bir qancha tashkilot va idoralar, jumladan, Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi binosi ham joylashgani, kechagi yong‘in esa Agentlik binosining tom qismidan boshlangani aytilgan post paydo bo‘ldi.

Ushbu post biroz vaqtdan keyin universitet Telegram-kanalidan o‘chirildi.

O‘z navbatida, O‘rmon xo‘jaligi agentligi yong‘in agentlik binosida sodir bo‘lganini rad etdi. Agentlik binosi katta talafot ko‘rmagani, yong‘in chiqqan universitet binolariga esa birmuncha ziyon yetkazilgani qayd etilgan.

Universitet matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, universitet hududidagi 43 ta binoning 2 tasiga talafot yetgan.

“Shuningdek, hozirda ishchi guruh, universitet mas’ullari tomonidan talabalarning dars mashg‘ulotlarini qoldirmagan holda o‘qish jarayonlarini davom ettirishi uchun barcha shart-sharoitlarni tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar olib borilmoqda. Mazkur holat talabalarning o‘qish jarayonlariga ta’sir ko‘rsatmaydi, reja-jadval asosida o‘qish jarayonlari davom etadi” — deyilgan xabarda.

 

Mavzuga oid