Rossiya armiyasi Ukrainaning «qal’a shahri» Vuhledarni egalladi
Bu Ukrainaning butun Donbassdagi mudofaasida muhim nuqta edi. Ukraina qurolli kuchlari nima uchun pozitsiyalarni ushlab qola olmadi? Va shahar boy berilishi qanday tahdidlarni yuzaga keltiradi?
Rossiya qo‘shini Donetsk oblasti janubi-g‘arbidagi Vuhledar shahrini nazoratiga oldi. Dasht o‘rtasidagi ushbu aholi yashash manzili uchun janglar 2022 yil martidan buyon davom etayotgandi. O‘shanda shaharga Ukraina qurolli kuchlarining faront chizig‘idagi qismlari kirgandi. Shundan keyin o‘zagi 72-mexanizatsiyalashgan brigadadan iborat bo‘lgan Ukraina mudofaasi RF qurolli kuchlarining bir necha yirik shturmlariga dosh berdi. Ammo 2024 yil kuziga kelib brigadaning Vuhledarda qolgan bir necha yuz jangchisi (qolganlar shahardan shimoli-g‘arb tomon ketuvchi so‘nggi yo‘lni himoya qilishga harakat qilmoqda) qurshovga tushib qolmaslik uchun pozitsiyalarini tark etdi. Ukraina qurolli kuchlarining eng mashhur «qal’a»laridan biri qulashi ramziy ma’noga ega. Shahar egallab olinishi Ukrainaning Donbassdagi mudofaasiga hozirning o‘zida tahdid solmayotgan bo‘lsa-da, uning yo‘qotilishi kelajakda Ukraina qurolli kuchlari uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Vuhledar shturmi haqida nimalar ma’lum?
Asosan Sharqiy harbiy okrug tuzilmalaridan iborat bo‘lgan Rossiya qo‘shini bir necha oylik og‘ir janglar bilan Vuhledarga shimoli-sharqdan yaqinlashib keldi: bu yerda RF qurolli kuchlari Konstantinovka — Vuhledar yo‘lini ushlab turishga harakat qilan ukrain brigadalari mudofaasini buzib o‘tdi.
Keyin esa shahar shimolidagi ikki muhim mudofaa tuguni — «Yujnodonbasskaya-1» va «Yujnodonbasskaya-3» konlari egallandi.
Sentyabr oyida Rossiya qo‘shini Vuhledarga g‘arbdan ham hujum boshlab, Prechistovka qishlog‘ini egalladi. Shu palladan shahar deyarli to‘liq qurshov holatida qola boshladi. Shahar ichkarisida qolgan himoyachilarga ta’minot yetkazib berish uchun birgina yo‘l qolgandi — lekin Bogoyavlenka bilan bog‘lovchi bu yo‘l ham rossiyalik harbiylar tankka qarshi raketa komplekslari bilan ham (ular faqat ko‘rish masofasi yaxshi bo‘lganida samarali) o‘qqa tutishi mumkin bo‘lgan masofada edi.
Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi shunday sharoitda ham Vuhledar himoyachilariga zudlik bilan chekinishga buyruq bermadi: ular shaharda yana bir hafta ushlanib qolishdi. Rossiya qo‘shini 20 sentabr kuni sharqiy tomondan shturm boshladi, 30 sentabr kuni esa shaharning g‘arbiy chekkasiga ham kirishdi. Katta ehtimol bilan bu vaqtga kelib ukrainalik himoyachilar Vuhledarni tark etishga ulgurgandi — har holda Rossiyadagi manbalar 30 sentabr va 1 oktyabr kunlari shahar egallangani to‘g‘risida e’lon qilgan videolarda shaharda ko‘cha janglari kechgani belgilari va asir olingan ukrainlar yo‘q edi. Videolarda rossiyalik askarlar shaharda erkin harakatlanib, ko‘p qavatli binolarga hamda ma’muriy binolarga o‘z bayroqlarini ilib chiqishgani aks etgan.
Vuhledar nimasi bilan muhim edi?
Avvalboshdan shahar Donbassning janubiy qismi mudofaasidagi logistika markazlarini, birinchi navbatda Kuraxovo shahrini to‘sib turuvchi muhim qal’a vazifasini o‘tagan. RF qurolli kuchlari uni egallash uchun ilk bor 2022 yil martida urinib ko‘rgan, ammo o‘shanda, katta ehtimol bilan, bunga kuchi yetmagandi. Aholi tashlab ketgan ko‘p qavatli binolarga ukrainalik harbiylar joylashdi va atrofni minalashtirib, shaharni mudofaaga tayyorladi.
Vuhledarni egallamasdan janubdan yurish qilishning imkoni yo‘q edi: shahar balandlikda joylashgan va ko‘p qavatli binolarga to‘la, buning evaziga atrof (amalda yalang‘och dashtliklar)dagi bir necha kilometrlik hududlar kaftdek ko‘rinib turardi. Bundan tashqari, shahar chekkasidagi konlarning baland binolarida Ukraina qurolli kuchlari dron operatorlarining kuzatuv punktlari ham joylashgandi. Ko‘p qavatli binolarning yerto‘lalari hamda konlar esa piyodalar uchun ishonchli boshpana sifatida xizmat qildi.
Rossiya qo‘mondonligi 2022 yildayoq «Vuhledar qal’asi» nafaqat Rossiyaning yurishini tiyib turishi, balki RF qurolli kuchlarining Ukraina janubidagi logistikasiga ham xalal berishini anglab yetgandi. Vuhledardan sharqdan Donetsk — Volnovaxa — Mariupol temiryo‘li o‘tgan bo‘lib, keyingi ikki shahar egallanganidan keyin yo‘l to‘lig‘icha Rossiya qo‘liga o‘tgan va undan Qrim orqali Ukraina janubidagi bosib olingan hududlarga yuk tashishda muqobil sifatida foydalanish mumkin edi. 2022 yil 8 oktyabrida Qrim ko‘prigining temiryo‘l qismi raketa zarbalaridan jiddiy shikastlangach, bu marshrutning ahamiyati yanada oshdi.
Ammo temiryo‘lni tiklash, ayniqsa u orqali harakatni yo‘lga qo‘yish imkonsiz edi — Vuhledar sharqidagi front chizig‘i yo‘ldan atigi uch-besh kilometr masofadan o‘tardi. Shunda RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi shaharni egallash uchun kuch to‘play boshladi.
2022-2023 yillar qishida Sharqiy harbiy okrug bo‘linmalari, jumladan Tinch okeani floti dengiz piyodalarining ikki brigadasining kuchli shturm Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qaytarildi. Rossiya qo‘shini katta yo‘qotishlarga uchradi: ayniqsa minalangan dalalar bo‘ylab harakatlangan, guruhning qanotlarida hujum qilishi kerak bo‘lgan motoo‘qchi bo‘linmalarning zirhli texnikalari ko‘proq jabrlandi. Bu vaqtda dengiz piyodalari dala hovlilar orqali piyoda harakatlanib, Vuhledarning janubiy chekkasiga yetib kelgandi. Lekin 155-brigadaning dengiz piyodalari qanotlarda qo‘llab-quvvatlanmadi va Vuhledar chekkalariga yetib borgan ilg‘or qismlar ta’minotsiz qolib ketdi. Bir necha hafta davom etgan janglardan keyin shturmchi guruhlarning qoldiqlari Nikolske va Pavlovka qishloqlaridagi oldingi pozitsiyalariga chekinishga majbur bo‘ldi.
Shturm muvaffaqiyatsizlikka uchragach, logistika muammosi boshqa yo‘l bilan hal qilindi — Rossiya bir yil ichida Rostov oblastidan Volnovahaga yangi temiryo‘l o‘tkazdi. Bundan tashqari, Avdiyivkadan yurish boshlagan Rossiya qo‘shini 2024 yil sentabriga kelib Kuraxovo shimolidagi hududlarga yetib keldi va endi mazkur logistik markazga turli yo‘nalishlardan hujum qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda — ammo hozircha janubdan, Vuhledardan emas.
Shu tariqa, Vuhledarning qal’a sifatidagi ahamiyati 2022 va 2023 yillardagiga qaraganda pasaygandi. Ammo bu Rossiya qo‘shini keyingi amaliyotlarida bu shahar egallanganidan foydalanmaydi degani emas.
Vuhledar egallanishi Ukrainaga qanday tahdid soladi?
Vuhledarni va uning shimolidagi hududlarni himoya qilgan qo‘shinlar (72-mexanizatsiyalashgan brigada hamda 79-desant-shturm brigadasi) shahar shimolidagi pozitsiyalarga chekindi (Bogoyavlenkadan RF qurolli kuchlari nazoratiga o‘tgan Konstantinovka chekkalarigacha). Bu yerda ular yana o‘z sevimli taktikasini qo‘llashi — bir necha kilometrga cho‘zilgan dalalarni bosib o‘tishga harakat qiladigan Rossiya qo‘shinini o‘qqa tutishi mumkin. Mudofaa barqarorligi mag‘lubiyatga uchragan, umidsiz pozitsiyalarini oxirigacha tark etishni istamagan va RF qurolli kuchlari zarbalari ostida Vuhledar, qo‘shni qishloqlar va konlardan chekinishga majbur bo‘lgan ukrain qo‘shini holatiga bog‘liq.
Ammo shahardan g‘arbda yanada og‘irroq vaziyat yuzaga kelgan, Rossiya qo‘shini tomonidan egallangan Prechistovka atrofidagi mudofaani Ukraina qurolli kuchlarining ancha kuchsiz qismlari ushlab turibdi. RF qurolli kuchlari ularning pozitsiyalari orqali boshqa «qal’a» — Velika Novosilkaga yurish boshlashi mumkin. Rossiya qo‘shini allaqachon unga janubdan hujum qilmoqda, tez orada sharqdan ham bosimni kuchaytirishi mumkin. Velika Novosilka esa — Donetsk va Zaporjjya oblastlari tutashgan nuqtadagi muhim istehkom bo‘lib, uning boy berilishi Ukraina qurolli kuchlarining Zaporijjya oblastidagi holatini keskin yomonlashtirishi mumkin.
Mavzuga oid
21:42
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024