Jamiyat | 13:59 / 03.10.2024
13598
2 daqiqa o‘qiladi

Piskentda ko‘prik qulashi: Yuk mashinasi 98 tonna ortiqcha yuk bilan harakatlangan

Piskentda yuk mashinasi o‘tayotganda qulab tushgan ko‘prikda og‘ir yuk tashuvchi transportlar harakatini taqiqlovchi va 8 tonnagacha yuk bilan harakatlanish mumkin ekanini ko‘rsatuvchi yo‘l belgisi bo‘lgan. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga ko‘ra, ushbu belgiga qaramay, yuklari bilan jami 106 tonna bo‘lgan “HOWO” ko‘prik ustidan harakatlangan.

Foto: Videodan kadr

2 oktabr kuni Toshkent viloyati Piskent tumanida ustidan og‘ir yuk mashinasi o‘tayotganda ko‘prik qulab tushgan edi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ma’lum qilishicha, temir-beton ko‘prikda og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositasi me’yordan ortiq yuk bilan harakatlanishi natijasida ko‘prikning o‘ng tomonlama harakat tasmasidagi oraliq temir-beton qurilmalari (balkalari) va tayanch qismlari yuklamaga bardosh berolmasdan sinib, mashina bilan birgalikda Toshkanal kanaliga tushib ketgan.

“HOWO” rusumli og‘ir vaznli yuk transport vositasining texnik pasportiga muvofiq yuksiz vazni 26,8 tonna, to‘la vazni 40,0 tonnani tashkil etadi.

Yuk mashinasining hujjatlari o‘rganilganda, transport vositasiga qum mahsuloti yuklangani va yuk xatiga asosan qumning hajmi 50m3 (50m3 x 1,6 o‘tish koeffitsiyenti=80 tonna)ni tashkil etishi ma’lum bo‘ldi. Transport vositasining yuksiz vazni 26,8 tonna, ustiga yuklangan qumning og‘irligi 80 tonna, birgalikda 106,8 tonnani tashkil etmoqda”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Ko‘prikda og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakatini taqiqlovchi va 8 tonnagacha yuk bilan harakatlanish mumkin ekanini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari o‘rnatilgan bo‘lgan. Shunga qaramay, haydovchi ushbu cheklovlarga amalga qilmagan holda avtotransport vositasini boshqargan va buning oqibatida ushbu favqulodda holat yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan.

Qo‘mita haydovchilardan yo‘ldan harakatlanayotganda, yo‘l belgilariga, tezlikka va albatta belgilangan vazn miqdoriga amal qilishini so‘ragan.

Toshkent viloyati IIB holat yuzasidan tegishli organlar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.

Mavzuga oid