Jahon | 23:08 / 04.10.2024
3528
2 daqiqa o‘qiladi

Telegram faoliyatidagi uzilishlarga Yaqin Sharqdagi jangovar harakatlar sabab bo‘lgani aytildi

Messenjer ma’muriyatining ma’lum qilishicha, Isroil, Livan va Eronda yuz bergan voqealar tufayli Telegram misli ko‘rilmagan yuklamalarga duch kelgan.

Foto: Shutterstock

Telegram messenjeri ma’muriyati shu kunlarda servis faoliyatida kuzatilgan uzilishlar Yaqin Sharqdagi jangovar harakatlar tufayli yuzaga kelganini ma’lum qildi. Bu haqda kompaniyaning 4 oktyabr kuni e’lon qilgan bayonotida so‘z boradi.

«Yaqin Sharqda, xususan, Isroil, Livan va Eronda yuz bergan voqealar tufayli Telegram misli ko‘rilmagan yuklamalarga duch keldi. Oxirgi bir necha oy davomida ayrim foydalanuvchilarda ulanish va mediadan foydalanishda vaqtinchalik muammolar kuzatildi», — deyiladi kompaniya xabarida.

Telegram ma’muriyatining qo‘shimcha qilishicha, barcha muammolar «to‘liq bartaraf etilgan». «Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», — deya ta’kidlanadi bayonotda.

So‘nggi kunlarda Telegram foydalanuvchilari messenjer faoliyatida bir necha bor uzilishlar yuzaga kelganidan shikoyat qildi.

Isroil Mudofaa kuchlari 1 oktyabrga o‘tar kechasi Livan janubida quruqlikdagi operatsiyasini boshladi, shundan so‘ng Eron Isroil tomon 200 ga yaqin raketa uchirib, zarba berdi.

Avvalroq Telegram asoschisi Pavel Durov 2018 yildan beri messenjer ko‘pchilik mamlakatlardagi maxfiylik siyosatiga ko‘ra, jinoyatchilarning IP manzillari/telefon raqamlarini rasmiylarga oshkor qila olishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid