O‘zbekiston | 20:45 / 07.10.2024
14334
3 daqiqa o‘qiladi

Gazlashmagan hovlilar uchun ham elektr energiyasiga 50 foizlik chegirma berilishi mumkin

Gazlashmagan hovlili xonadonlarga ham elektr energiyasiga 50 foiz chegirma berilishi rejalashtirilyapti. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning ma’lum qilishicha, yangi tartib 1 yanvardan joriy qilinishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, gazlashtirilmagan hovlilar uchun ham elektroenergiya tariflariga 50 foizlik chegirma berilishi rejalashtirilyapti. U bu haqda «Lolazor» podkastida aytib o‘tdi.

«Oldin generatsiya quvvatlarimiz yetarli bo‘lmagan. Hozir yetarli. Ayni paytda ko‘p qavatli uylar uchun [gazlashtirilmagan] elektr energiyasiga 50 foiz chegirma amal qiladi. Biz gazlashmagan hovlili xonadonlarga nisbatan ham buni qo‘llash bo‘yicha topshiriq olganmiz. Chegirma ularga ham 50 foiz bo‘ladi. Bu bo‘yicha tegishli vazirliklar bilan ishlayapmiz. Shuningdek, sanoat korxonalariga ham yuklamaga qarab oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llash rejalashtirilyapti», — dedi energetika vaziri.

Mirzamahmudovning qo‘shimcha qilishicha, elektromobillarni kunning ma’lum vaqtida zaryadlash bo‘yicha ham rejalar ishlab chiqilyapti. Bu ham energiya tizimining balanslashida muhim ahamiyatga ega.

«Quyosh va shamol elektrostansiyalarini ishga tushiryapmiz. Bu yil birinchi marta batareya saqlash tizimini ishga tushiramiz. Ularning umumiy quvvati 300 megavatt, Andijon va Farg‘onada. Sentyabrda bizda birinchi marta ishlab chiqarilgan energiyani tarmoqqa qabul qila olmaslik holati bo‘ldi. Bu uch kun kuzatildi. Ya’ni iste’mol ishlab chiqarishdan kam bo‘lgan. Shunday holatlarning oldini olish uchun 4 gigavatli energiya saqlash tizimlari ishga tushirilgach elektr energiyasi batareyada yig‘iladi, kerakli paytda esa tarmoqqa uzatiladi», — dedi vazir. 

Ishlab chiqarishning oshishi va iste’molning kamayishi sababli O‘zbekiston 2024 yilda 2023 yilga nisbatan 800 mln kilovatt soat kam elektr energiyasi sotib olgan.

Energetika vazirining ta’kidlashicha, gazlashtirilmagan hovlilar uchun differensial tariflarni joriy qilish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan ishlar olib borilyapti.

«Ishlab chiqaruvchilarni ham inobatga olgan holatda buni 1 yanvardan joriy etishga harakat qilamiz», — dedi u.

Mavzuga oid