O‘zbekiston | 07:40 / 08.10.2024
4557
3 daqiqa o‘qiladi

Yarim yilda farzandlikka olish bo‘yicha qancha ariza qanoatlantirilgani aytildi

2024 yilning birinchi yarim yilligida sudlarda bolani oilaga farzandlikka olish bilan bog‘liq 2701 ta ish ko‘rilgan, undan 2543 ta da’vo arizasi qanoatlantirilgan.

Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov O‘zbekistonda bolani farzandlikka olishni hal qilish bo‘yicha bajariladigan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Uning tushuntirishicha, O‘zbekistonda farzandlikka olishni hal qilish vakolati sudlarga berilgan. Bu bog‘liq ishlarni ko‘rishda Fuqarolik protsessual kodeksi va Oliy sudning Plenumi qarorlariga tayaniladi. 

Sud farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlarni farzandlikka oluvchi, vasiylik va homiylik organlarining vakillari, shuningdek, prokuror ishtirok etgan holda ko‘rib chiqadi. Zarur hollarda, sud farzandlikka olinayotgan bolaning ota-onasini, uning qarindoshlari va boshqa manfaatdor shaxslarni, shuningdek o‘n yoshga to‘lgan bolaning o‘zini ishda ishtirok etishga jalb qilishi mumkin. Mazkur toifadagi ishlar, shu jumladan, farzandlikka olishni bekor qilish va haqiqiy emas deb topish haqidagi ishlar ham yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.

2024 yilning birinchi yarim yilligida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan bolani oilaga farzandlikka olish bilan bog‘liq 2701 ta ish ko‘rilgan. Undan 2543 ta da’vo arizasi qanoatlantirilgan. Mazkur da’vo arizalariga muvofiq asrab olingan bolalarning umumiy soni mavjud emas. 2023 yil mobaynida esa shu toifadagi 5359 ta ish ko‘rilib, tamomlangan. Shundan 5011 ta da’vo ariza qanoatlantirilgan.

Quyidagi shaxslar farzandlikka oluvchilar bo‘lishi mumkin emas:

ota-onalik huquqidan mahrum qilingan yoki ota-onalik huquqi cheklanganlar;
qonun bilan belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
asab kasalliklari yoki narkologiya muassasalarida ro‘yxatda turuvchilar;
farzandlikka oluvchi va farzandlikka olinuvchilar yoshidagi farq o‘n besh yoshdan kam bo‘lsa (o‘gay ota va o‘gay ona tomonidan farzandlikka olish hollari bundan mustasno).

Shuningdek, yo chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan bolani qanday qilib farzandlikka olish mumkinligi haqida ma’lumot berildi.

Bunday ishni ko‘rib chiqishda sud nafaqat arizachi fuqarosi hisoblangan davlatning qonunchiligi, balki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi talablaridan ham kelib chiqadi.

Sudga farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish va farzandlikka olishni bekor qilish to‘g‘risidagi da’vo bilan farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar, shuningdek o‘n olti yoshga to‘lgan farzandlikka olingan bola murojaat qilishlari mumkin.

Mavzuga oid