Belarusda muxolifatchilarga qarshi yangi yirik ish ochildi
Gumonlanuvchilar ro‘yxatida 45 kishi bor. Ular kelgusi yilda Belarusdagi saylovlarni buzish rejasini ishlab chiqishga urinishda ayblanmoqda.
Belarus Tergov qo‘mitasi (TQ) mamlakat rahbari Aleksandr Lukashenkoning muxoliflariga qarshi yangi yirik jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Unda 45 kishi ishtirok etyapti, ularning mol-mulki xatlovga olindi, deya xabar qildi Tergov qo‘mitasi matbuot xizmati 8 oktyabr, seshanba kuni ertalab.
Ish avgust oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tgan «Yangi Belarus» konferensiyasida Belarus demokratik kuchlari tomonidan qabul qilingan «Platforma 2025» hujjati yuzasidan qo‘zg‘atilgan. Unda aytilishicha, Lukashenko «jinoiy ravishda hokimiyatni saqlab qoldi», Belarus davlat tuzilmalari saylovlar o‘tkazish uchun qonuniy emas va «Platforma 2025»ning asosiy vazifalari «siyosiy mahbuslarni ozod qilish va Belarusdagi repressiyalarni tugatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish»dir.
Belarus Tergov qo‘mitasi ishda qatnashayotganlarni «2025 yilgi saylovlarni buzish rejasini ishlab chiqishga urinishda» ayblamoqda. «Platforma 2025» konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, ichki ishlarga chetdan aralashish, mamlakatimizning milliy manfaatlariga zid siyosiy yo‘nalishni joriy etish, axborotga buzg‘unchi ta’sir ko‘rsatish, saylovoldi tashviqotini obro‘sizlantirish yoki buzish, keskinlik va qarama-qarshilikni kuchaytirish maqsadida yaratilgan», deb da’vo qilmoqda tergov.
«Qadr-qimmat kuni — 2024»
Bundan tashqari, Belarus Tergov qo‘mitasi «Tixanovskaya (muxolifat yetakchisi) va uning tarafdorlarining Belarus Respublikasida davlat hokimiyatini konstitutsiyaga zid yo‘llar bilan egallab olish harakatlariga yana 22 nafar shaxs qo‘shilgani aniqlangani» haqida xabar berdi. Ularning barchasi gumonlanuvchi deb hisoblanadi.
Tergov qo‘mitasi, shuningdek, Chexiya, Ukraina, Finlandiya, Polsha, Latviya, Litva, Germaniya, Gurjiston, AQSh va boshqa ba’zi davlatlar shaharlarida Belarus norozilik namoyishlarining navbatdagi yilligi munosabati bilan tashkil etilgan «Qadr-qimmat kuni — 2024» doirasidagi ko‘cha yig‘ilishlari ishtirokchilariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilganini e’lon qildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirlar «Belarus Respublikasining xalqaro maydondagi obro‘siga putur yetkazish va mamlakatning hozirgi rahbariyatiga zarar yetkazish» uchun uyushtirilgan.
Mavzuga oid
18:53 / 10.12.2024
Lukashenko: Belarusda o‘nlab yadroviy kallaklar bor
17:21 / 09.12.2024
Lukashenko yana 32 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
19:40 / 06.12.2024
Lukashenkoda ham yadroviy qurolning «qizil tugmasi» borligi ma’lum bo‘ldi
08:43 / 05.12.2024