O‘zbekiston | 23:40 / 09.10.2024
16856
3 daqiqa o‘qiladi

“Kotlovan amaldagi me’yorlar saqlanmasdan qazilgan” – Toshkent tumanida quruvchi qo‘shni hovli devorini qulatganiga izoh berildi

Toshkent tumani hokimligiga ko‘ra, “Toshkent Mega Stroy” MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p xonadonli turar-joy fundamenti uchun kotlovan qazishda amaldagi me’yorlar saqlanmagan hamda himoya hududidan o‘tib ketilgan. Ma’lum qilinishicha, qulab tushgan darvozaxona devori noqonuniy qurilma bo‘lgan.

Foto: Kun.uz

Toshkent tumani hokimligi kotlovan qazilishi sabab qo‘shni hovlining bir qismi qulab tushgani haqida Kun.uz tarqatgan xabarga izoh berdi.

Qayd etilishicha, holat Bahor mahallasi M.Xorazmiy ko‘chasi 2-uyda ro‘y bergan.

“Tuman hokimi va tegishli o‘rinbosarlar tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganida xonadon devori emas, darvozaxona devori qulab tushgani ma’lum bo‘ldi.

Bunga, darvozaxonaning devori ostida o‘tgan ariq suvga to‘lib, yonida “Toshkent Mega Stroy” MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p kvartirali turar-joy kotlovani namlangani hamda devorning fundament qismida o‘pirilish yuzaga kelgani sabab bo‘lgan.

“Toshkent Mega Stroy” MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p xonadonli turar-joy fundamenti uchun qazilgan kotlovan ham amaldagi me’yorlar saqlanmagan va himoya hududidan o‘tib ketgan holda qazilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, qulab tushgan devor aslida xonadon egasi Sh.Najimov tomonidan noqonuniy ravishda, o‘zboshimchalik bilan egallangan maydonga qurilgan.

Mazkur noqonuniy qurilma yuzasidan Kadastr agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan qurilma egasi Sh.Najimovga nisbatan sudga 2024-yil 30-may sanasida 01-06-1085-sonli da’vo arizasi kiritilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zangiota tumanlararo sudining 25 sentabr 2024 yildagi 2-1101-2401/7494-son qaroriga muvofiq, da’vo arizasi to‘liq qanoatlantirilgan va Bahor mahallasi M.Xorazmiy ko‘chasida joylashgan 2-raqamli xonadonning noqonuniy qurilmasini buzish belgilangan. Biroq, ushbu qurilma shu kunga qadar buzilmagan.

Aytish joizki, ko‘rsatib o‘tilgan holat ko‘p qavatli uy-joyni qurayotgan “Toshkent Mega Stroy” MChJ tomonidan himoya hududi saqlanmagani hamda noqonuniy qurilma qurilish maydoniga yaqin joylashgani sababli yuzaga kelgan”, – deyiladi hokimlik axborotida.

Rasmiylar devor qulashi natijasida “tan jarohati olganlar va sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetganlar aniqlanmagani”ni bildirgan.

Kun.uz avvalroq yozganidek, voqea ro‘y bergan paytda uy egasining ota-onasi uyda bo‘lgan. Uy egasining so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilar uning ota-onasini uydan olib chiqish uchun qo‘shnining devorini buzishiga to‘g‘ri kelgan.

“Onamning sog‘ligi yomonlashib qolgan ekan, shifoxonaga olib ketishdi. Tibbiy yordam ko‘rsatilib, holatlari yaxshilangach qaytarib olib keldik”, degandi biz bilan suhbatda xonadon sohibi.

Mavzuga oid